Mosud MANNAN: “Boburning nevarasi Akbar hukmronligi davrida amalga kiritilgan Bengal taqvimidan hamon Bangladeshda foydalanib kelinadi”

15:46 30 Avgust 2018 Siyosat
105 0

Mosud MANNAN, Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Bangladesh va Oʻzbekistonni koʻplab xalqaro masalalarda nafaqat yakdil fikrlar va pozitsiyalar, balki madaniyatlar umumiyligi birlashtirib turadi. Bizda xuddi sizdagi kabi Boburiylar sulolasi vakillarining sivilizatsiyalar rivojiga qoʻshgan hissasi chuqur hurmat bilan tilga olinadi va qadrlanadi. Boburning nevarasi Akbar hukmronligi davrida amalga kiritilgan Bengal taqvimidan hamon Bangladeshda foydalanib kelinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi mamlakatdagi ulkan oʻzgarishlarning oʻziga xos “yoʻl xaritasi”ga aylandi. Oʻzbekiston rahbari “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida davlat hokimiyati oldiga ­xalqqa yaqin boʻlish vazifasini qoʻydi.

Bu borada iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy sohani takomillashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur ishlar markazida esa zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega malakali kadrlar turishi lozim. Taʼlim tizimidagi tub oʻzgarishlar ham aynan shunga yoʻnaltirilgandir. Oʻylashimcha, biznesni qoʻllab-quvvatlash va xalq bilan yaqinlashish Harakatlar strategiyasining asosiy konsepsiyasiga aylandi. Rivojlanish va oʻsish tash­qi siyosat faollashuviga ham turt­ki berdi. Oʻzbekiston, birinchi navbatda, qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab oldi. Yuqori darajadagi oʻzaro tashriflar, Markaziy Osiyo respublikalari oʻrtasida hamkorlikning rivojlanishi, oʻzaro tovar aylanmasining sezilarli darajada oʻsishi mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirishdek muhim vazifani bosqichma-bosqich amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Bangladesh hukumati va xalqi nomidan oʻzbekistonliklarni Mustaqillik kuni bilan qutlayman. Mamlakatingizga, respublikaning har bir fuqarosiga farovonlik va muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilayman. Diplomatik aloqalarimizning boshidanoq oʻrtamizda hamfikr­lilikka asoslangan mustahkam ­hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Chin dildan ishonamanki, qardoshlik aloqalarimiz asrlardan asrlarga davom ­etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?