Moskvada O’zbekistonni eslatuvchi nechta maskan bor?

11:25 10 Aprel 2018 Madaniyat
520 0
Foto: mytravelbook.org


Rossiya Federatsiyasi poytaxtidan maxsus muxbirimiz 
Omonulla FAYZIEV xabar qiladi.

Bugungi kunda Moskva shahrida qariyb 194 millat va elat vakillari yashaydi. Ular orasida o’zbek xalqiga bo’lgan munosabat, ehtirom havas qilsa arzigulik darajada ekanligi kishini quvontiradi. Chunki shahar bo’ylab sayrda qay bir rossiyalik bilan suhbatlashmang, barchasi O’zbekiston va o’zbekistonliklar haqida hurmat bilan so’z aytadi. Binobarin, Rossiya poytaxtida yurtimiz bilan bog’liq bir qator ko’chalar hamda yodgorliklar ham borki, ular tabiiy ravishda ko’nglimizda faxru iftixor tuyg’ularini uyg’otadi.

Mamlakatimizning bosh shahri Toshkent ko’chasi Moskvaning Janubi-Sharqiy hududida joylashgan. “Kuzminki” xiyoboniga qadar etaklab boruvchi ushbu ko’chaning uzunligi 2,2 kilometr. Unga mazkur nom 1967 yilning 13 dekabrida berilgan. Moskvaliklar ko’chaning bunday atalishini 1966 yilda Toshkentda ro’y bergan mudhish zilzila bilan bog’lashadi. Ma’lumki, tabiiy ofatdan so’ng shaharni obodonlashtirishda barcha millat vakillari bir tanu bir jon bo’lib mehnat qilishgan. Chunonchi, Moskva shahridan ham bir qator mutaxassislar ushbu xayrli ishlarga jalb etilgan. Shulardan biri 76 yoshli Andrey Zagolaevdir. Otaxonning aytishicha, o’sha paytda rossiyaliklar Toshkentda o’zbeklarning jamoaviy ruhda ahil va hamjihat bo’lib aniq tartib hamda tizim bilan mehnat qilgani, misli ko’rilmagan shiddatu shijoat ko’rsatganiga guvoh bo’lib, o’z hayratlarini yashira olishmagan ekan. Shunday qiyin vaziyatda butun bir katta shaharning yagona oila bo’lib fidoyilik ko’rsatganining ta’rifi sobiq -Ittifoqning barcha o’lkasiga tarqalgan. Haqiqatan ham, toshkentliklar o’z matonatlari bilan qahramonga aylangan edilar. Oradan ko’p vaqt o’tmay qaddini rostlagan Toshkent moskvaliklarning ham faxriga aylandi. Aynan shundan so’ng biz yuqorida aytgan katta ko’chalardan biriga O’zbekiston poytaxti nomi berilgan. Moskvaning Toshkent ko’chasida Davlat gumanitar universiteti, “Vixino” ko’rgazmalar zali kabi yirik binolar mavjud.

Diyorimiz shaharlari sharafiga nom olgan Moskva ko’chalaridan yana biri, bu — Samarqand bulvaridir. Albatta, ko’hna va hamisha navqiron, yirik tarixiy tsivilizatsiyalar markazlaridan biri bo’lgan azim Samarqand butun dunyoga mashhur. Hech kimga sir emas, chet ellik sayyohlar borishni hamisha orzu qilib keladigan bu manzil nomi bilan hattoki koinotdagi sayyoralardan biri ham ataladi. Binobarin, Rossiyada yashayotgan o’zbeklar uchun ham Moskvadagi so’lim Samarqand bulvari iftixor ramzidir.

Moskvaning Janubi-Sharqiy hududida joylashgan hamda uzunligi 2,04 kilometr bo’lgan mazkur bulvar 1968 yil 3 sentyabridan buyon Samarqand, deya nomlanib kelinadi. U o’zaro parallel ikkita bir taraflama harakatdan iborat ko’cha. Ushbu bulvar O’zbekistonning qadimiy shahri Samarqandga, uning aholisi, madaniyati, tabiati va albatta, ko’hna tarixiga katta hurmat timsoliga aylangan.
O’zbekiston javohiri Farg’ona esa Moskvaning Janubi-Sharqiy hududidagi 2,4 kilometrlik ko’cha nomini bezab turibdi. Unga 
1968 yilning 3 sentyabrida shu nom berilgan. Ta’kidlab o’tish joizki, Farg’ona vodiysiga bag’ishlab atalgan ko’chalar Rossiyaning boshqa shaharlarida ham mavjud. Misol uchun, Ufa, Penza, Krasnoyarsk tomonlarda ham ana shunday joylar bor. Barcha Farg’ona ko’chalari o’zining tabiati, iqtidor egalari, san’atiyu madaniyati bilan tanilgan, shu bois rus xalqi tomonidan bildirilgan alohida ehtirom ifodasini mujassam etadi.

Moskvadagi Farg’ona ko’chasining quyi qismida ham, Toshkent ko’chasi bilan yuqori kesishma qismida ham Farg’ona nomli torko’chalar mavjud. Zero, Toshkent, Farg’ona ko’chalari, Farg’ona, Toshkent torko’chalari, Samarqand bulvari o’ziga xos qo’r to’kib turibdi.

— O’zbekistonga bir marta borganimdayoq, uni yaxshi ko’rib qolganman, — deydi moskvalik Anastasiya Sherbakova. — Samarqanddagi qadimiy obidalarni, mehmondo’st odamlarini sog’insam, internet orqali tomosha qilib turaman. Dugonalarim orasida o’zbekistonlik qizlar borligidan mamnunman.

O’zbek xalqiga nisbatan ulug’ munosabat bugungi kunda ham davom etayotgani O’zbekistonni eslatuvchi ko’chalar soni ortayotganidan, yodgorliklar esa ko’z qorachig’idek asrab-avaylanayotganidan ham ayon. Gapimizning tasdig’i tariqasida Moskvaning markaziy hududida qad rostlagan mustaqil yurtimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan ataluvchi xiyobonni aytib o’tishimiz mumkin. Bobokalonimiz Alisher Navoiy haykali ham mazkur xiyobondan o’rin olgan.

Bularning barchasi jonajon Vatanimizga bo’lgan yuksak e’tiborni, Rossiya Federatsiyasi va O’zbekiston Respublikasining bir-biriga bo’lgan yaqin munosabatlarini, xalqlarimizning o’zaro do’stona aloqalarining mustahkamligini, eng muhimi, qalblarimiz hamohangligini yaqqol tasdiqlab turuvchi hayotiy isbot hamda dalillardir.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?