Moskvada “Doʻppi” sharq bozori” — hunarmandlar festivali boʻlib oʻtyapti

09:23 17 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
166 0

Jahongir Azimov

Moskvadagi “Tishinka” savdo majmuasida “Doʻppi” sharq bozori” nomli madaniyat festivali boʻlib oʻtmoqda, deb xabar berdi, “Dunyo” AA Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manbasiga tayanib.

Mazkur festival bu yil Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Gruziya, Rossiya, Tatariston, Ozarbayjon va Dogʻistondan kelgan haqiqiy isteʼdod egalari — usta-hunarmandlarni bir joyga toʻpladi.

“Doʻppi” xalq amaliy sanʼati festivali turli xalqlar madaniy merosini namoyon etuvchi loyiha boʻlib, bunda ishtirokchilar oʻz xalqi tarixi va madaniyati haqida hikoya qilib, mahoratlarini namoyish etishadi.

Eʼtiborlisi, moskvaliklar va shahar mehmonlari Sharq xalqlariga xos ajoyib sanʼat namunalarini aks ettirgan ushbu anjumanga katta qiziqish bildirmoqda. Buxoro gilamlari, Rishton va Gʻijduvon kulolchiligi, Chust pichoqlari, Shahrisabz kashtachiligi va boshqa koʻplab oʻzbek xalq sanʼati mahsulotlarining rangin jilosi, betakror bezagi xaridorlarni rom etmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasiga ajratilgan maydonda namoyishga qoʻyilgan oʻziga xos milliy kiyimlar, qadimiy qoraqalpoq sanʼati namunalari alohida jozibasi bilan ajralib turibdi. Koʻrgazmaga tashrif buyurgan boshqirdistonlik bloger Gulnoz Kuramshina oʻz obunachilariga jonli efirda qoraqalpoq milliy kamzullarini namoyish etdi.

Tadbir dasturi rang-barang va juda boy boʻlib, bu yerda ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan 700 kilogrammlik lagʻmon tayyorlanadi. Mashhur oʻzbek oshpazi Hakim Gʻaniyev boshchiligidagi oʻn nafar tajribali oshpazlar ulkan lagʻmon pishirib, Rossiya rekordini oʻrnatish niyatida.

Tadbir yakunida Oʻzbekistonga sayohat imkonini beruvchi 2 ta yoʻllanma egasi aniqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?