“UzAutoMotors” AJ davlat organiga nisbatan axloqiy meʼyorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chaqirildi

09:16 17 Oktyabr 2020 Jamiyat
234 0

Maʼlumki, joriy yilning 2-oktyabr sanasida Toshkent shahar maʼmuriy sudida “UzAutoMotors” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi maxsus komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi shikoyat arizasini koʻrib chiqish boʻyicha sud ishi boshlangan edi. 2020-yil 16-oktyabr sanasida ushbu sudning 3 yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, shu vaqtga qadar Qoʻmita sud jarayoni tafsilotlariga hech qanday izoh bermay kelayotgan edi, chunki “UzAutoMotors” AJ tomonidan keltirilgan har qanday daʼvo va shikoyatlariga Qoʻmitaning ekspertlari tomonidan bevosita ish koʻrilish jarayonida javob berib kelinmoqda.

Biroq “UzAutoMotors” vakillari hali yopilmagan sud ishi tafsilotlariga oʻzlarining rasmiy munosabatlarini bildirib, hissiyotga berilgan holda ochiqchasiga Davlat organi xodimlarini noprofessional va malakasizlikda ayblamoqda. Jumladan: “…tekshiruvga jalb etgan ekspertlarning salohiyatsizligi mijozlar bazamizning bir qismining koʻngli sovishiga olib kelganligidan afsusdamiz…”

Sud yigʻilishining 3-kuni ham bundan mustasno boʻlmadi. Xususan, AJ tomonidan quyidagilar eʼlon qilindi: “…Tinglovlar javobgarning argumentlari zaif ekanligini tasdiqladi va bu kutilgan holat edi…”.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ushbu masala boʻyicha quyidagilarni maʼlum qildi:

“UzAutoMotors” AJning iltimosnomasiga koʻra, navbatdagi sud ishi yopiq koʻrilgani uchun, Qoʻmita qonunni buzmagan holda, jarayon davomida tomonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan barcha tortishuv va qarama-qarshiliklar tafsilotlarini oshkor eta olmaydi. Ammo Qoʻmita “UzAutoMotors” AJ tomonidan, Maxsus komissiya qaroriga nisbatan qarshi keltirilgan dalillar yetarli darajada asoslanmaganligini ishonch bilan eʼlon qiladi! Shu bilan birga, sudda “ayblanuvchining dalillari zaifligi” tasdiqlanmagan. Eslatib oʻtamiz, sud jarayoni keyingi haftaning juma kuniga qoldirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, “UzAutoMotors” AJni Davlat organiga nisbatan axloqiy meʼyorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chorlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?