Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ogohlantiradi: Sogʻliqni saqlash vazirligi monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzdi

11:48 06 Avgust 2019 Jamiyat
178 0

Illyustrativ foto

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi SSV monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzgani haqida ogohlantirdi.

Unda qayd etilishicha, 2019-yilning 4-aprel kuni Xorazm viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimdagi barcha davolash profilaktika muassasalariga “Urganch kitob markazi” MCHJdan kitob sotib olishda faol ishtirok etishni taʼminlash soʻralgan koʻrsatma xatni yuborgan. Bu bilan, shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilanishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi talablarini buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Shunga oʻxshash holatga Jizzax viloyatida ham yoʻl qoʻyilgan. Xususan, Jizzax viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi oʻzining xati bilan boshqarma tasarrufidagi shifoxonalar, birlashmalar, poliklinika va QFPlari tibbiy chiqindilarni tashish hizmati boʻyicha “Maxsus tibbiy utilizatsiya” MCHJ bilan shartnomalar tuzishga koʻrsatma bergan. Natijada, raqobatni cheklaydigan, yaʼni ayrim tadbirkorlik subyektlariga shartnomalar tuzishda ustunlik berish harakatlariga yoʻl qoʻyilgan. Mazkur qonunbuzilish holati tegishli tartibda Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilib, kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik boʻyicha yuborilgan koʻrsatma ijrosi taʼminlandi. Jizzax viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasining qoʻshma buyrugʻini qayta koʻrib chiqilishiga erishildi.

Joriy yilning iyun oyida Qoʻmita tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligining 11 ta hududiy boshqarmalari tomonidan 37 ta holatda raqobatni cheklaydigan harakatlarni sodir etish holatlari aniqlandi.

Aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari belgilangan tartibda Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan koʻrib chiqildi. 9 ta viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalariga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatma berildi, raqobatni cheklashga olib kelgan 3 ta hujjatlar bekor qilindi, 2 ta boshqarma tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?