Monitoring natijalari Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ijobiy natija koʻrsatayotganini namoyon qildi

23:54 28 Mart 2019 Jamiyat
581 0

2019 yil 19 — 22 mart kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi Parij shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmogʻining Istanbul harakatlar rejasining 20-monitoring uchrashuvida hamda IHRT Tarmogʻi boshqaruv guruhining 24-majlisida ishtirok etdi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE” saytiga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova xabar berdi.

Maʼlumot uchun, Istanbul harakatlar rejasi 2003 yili Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Rossiya, Tojikiston va Ukraina tomonidan imzolangan, keyinchalik unga Qirgʻiziston (2003 y.), Qozogʻiston (2004 y.), Oʻzbekiston (2010 y.) va Moʻgʻuliston (2014 y.) davlatlari qoʻshilgan.

Monitoring uchrashuvida monitoringning 4-raundi yakunlari yuzasidan Oʻzbekiston hisobotining yakuniy muhokamasi va uni qabul qilish jarayoni boʻlib oʻtdi, shuningdek aʼzo davlatlarning tavsiyalarni bajarishdagi yutuqlariga oid hisobotlari muhokama qilindi.

Tadbirlarda Istanbul harakatlar rejasining ishtirokchi davlatlari, IHRT tarmogʻiga aʼzo davlatlar, Yevropa ittifoqi, Yevropa Kengashi, Jahon banki, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, BMTTD, GRЕKO, Transparency International va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Monitoring yuzasidan Oʻzbekiston maʼruzasining muhokamasi va qabul qilish jarayoni ikki bosqichli yalpi majlis koʻrinishida hamda uchrashuv ishtirokchilari, xususan, xalqaro va nodavlat tashkilotlar vakillari uchun ochiq tarzda tashkil etildi.

Maʼruza muhokamasi davomida xalqaro ekspertlar tomonidan hisobotning tegishli qismlari boʻyicha taqdimot shaklidagi qisqacha yakuniy xulosalar taqdim qilindi va unda Oʻzbekiston erishgan yutuqlarga ijobiy baho berildi.

Muhokamalar yakunida monitoring hisoboti, shu jumladan, reytinglar va 47 ta yangi tavsiya tasdiqlandi.

Xususan, monitoring natijasiga koʻra, Oʻzbekiston barcha tavsiya (jami 21 ta) boʻyicha progress mavjudligi reytingiga erishdi, shundan 3 ta tavsiya toʻliq bajarilgan, 8 tasi deyarli bajarilgan, 10 tasining qisman bajarilishiga erishilgan. Taʼkidlash joizki, tavsiyalarning birortasi boʻyicha “bajarilmaganlik” salbiy reytingi qoʻyilmadi, bu esa Oʻzbekistonning Istanbul harakatlar rejasidagi eng yaxshi natijasidir.

Hisobot tasdiqlangandan soʻng Kotibiyat tomonidan Oʻzbekistonning monitoringi natijalari taqdimotini oʻtkazish maqsadida IHRT Kotibiyatining Oʻzbekistonga rejalashtirayotgan tashrifi boʻyicha maʼlumot berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?