Moʻynoqqa qaynoq hayot qaytmoqda

10:32 05 Yanvar 2019 Jamiyat
628 0

Arxiv foto

Qoraqalpogʻiston kelgusi 2-3 yilda butunlay oʻzgarishi kerak... Eng muhimi, ushbu ishlarning samarasi qoraqalpogʻistonliklar hayotida sezilishi kerak.
Shavkat MIRZIYOYEV

Yaqin oʻtmishda eng katta koʻl maqomiga ega boʻlgan Orol dengizi bir avlod koʻz oʻngida yoʻqolib boryapti. Uning mavjlanib turgan suvlari chekina-chekina, dengiz tubida yangi sahro — Orolqum paydo boʻldi. Hozirgi paytda u 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallaydi. Bu yerdan yiliga oʻrtacha 100 million tonna qum va tuz havoga koʻtarilib, mintaqa davlatlari ekologiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Keyingi paytda Orolqum chang-toʻzonlari zarralari Yevropa mamlakatlariga ham yetib borgani aytilmoqda. Ayniqsa, 2018 yilning 27 mayida yopirilgan tuz yomgʻiri insoniyat uchun bamisoli bong qoʻngʻirogʻi sifatida yangradi.

Toʻgʻri, endi dengizni ortga qaytarib boʻlmaydi. Uning havzasini suv bilan toʻldirish ham imkonsiz. Lekin global muammo taʼsirini yumshatish, Orolboʻyi mintaqasida istiqomat qilayotgan aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish oʻz qoʻlimizda. Shu bois keyingi paytda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Xususan, Orolga eng yaqin hududda joylashgan, tabiiyki, dengiz fojiasidan ham eng koʻp zarar koʻrgan Moʻynoq tumanida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida ekologik xavfsizlik masalasiga alohida toʻxtalib, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, Orol dengizining suvsiz hududida 500 ming gektar oʻrmonzor barpo etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi. Shu bilan birga, Moʻynoq tumanida barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy shaharcha bunyod etish vazifasi ilgari surildi.

Prezidentimizning shu kabi xayrli tashabbuslari Moʻynoqqa yana qaynoq hayot sururini olib kiryapti. Tushkun kayfiyatga tushib qolgan aholi koʻzlarida umid uchqunlarini uygʻotmoqda. Chunki yillar davomida faqat halokat oqibatlari tafsilotlarini tinglab kelgan odamlar koʻz oʻngida amaliy ishlarga kirishildi. Natijada oxirgi ikki yilda moʻynoqliklarni qiynab kelgan muammolar sekin-asta oʻz yechimini topa boshladi. Tuman aholisi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangani, markaziy koʻchalar taʼmirlangani, 20 ga yaqin koʻp xonadonli turarjoylar tubdan rekonstruksiya qilingani, kichik sanoat zonasi tashkil etilgani bunga misol boʻla oladi.

Endi navbat bostirib kelayotgan sahroni toʻxtatish uchun yashil “qalqon”lar barpo etishga keldi. Ustuvor rejaga koʻra, joriy yilning oʻzida yarim million gektar maydonda yashil oʻrmonzorlar barpo etiladi. Vaholonki, mustaqillik yillarida Oʻzbekiston boʻyicha 1 million 220 ming gektarga yaqin oʻrmonzor yaratilgan boʻlsa, shundan 400 ming gektardan ortigʻi aynan Orolboʻyi hududiga toʻgʻri keladi.

Dengiz chekinyapti, lekin inson chekinmaydi
Xalqaro press-klubning yangi formatdagi sayyor majlisi shunday nomlandi: “Orol va Moʻynoq taqdiri: dengiz chekinyapti, lekin inson chekinmaydi”.

Mazkur tadbir ishtirokchilari Toshkent shahridan qariyb 1,5 ming kilometr, Nukusdan esa salkam 300 kilometr olisda joylashgan Moʻynoq tumanida jam boʻldilar. Aniqrogʻi, bu joy dengizning 56 metr chuqurlikdagi oʻrnida boʻlgan.

90 yillik tarixga ega Moʻynoq tumanining shakllanishi-yu, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi Orol bilan chambarchas bogʻliq. Yaqin-yaqingacha aholining asosiy qismi baliqchilik bilan mashgʻul boʻlgan. Kemalarda dengizning oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlari uzra suzib baliq ovlanib, qayta ishlanar, konserva mahsulotlari qoʻshni va olis mamlakatlarga joʻnatilar edi.

Dengiz qurishi oqibatida baliqchilik va uni qayta ishlash sanoatiga ham putur yetdi. Ammo izlansa, intilsa, yangi imkoniyatlar oʻz eshigini ochaveradi. Masalan, oʻtgan yili tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar tufayli 4 ming tonna baliq yetishtirildi. Bu koʻrsatkichni joriy yilda ikki barobar oshirish koʻzda tutilgan. Yana bir xushxabar shuki, zamonaviy konserva zavodiga tamal toshi qoʻyildi. 2019 yilning 1 sentyabriga qadar foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan ushbu korxonada yiliga 9 millionta baliq konservasi tayyorlash imkoniyati yuzaga keladi.

Umuman olganda, joriy yilda Moʻynoq tumanida yana koʻplab loyihalar amalga oshiriladi. Shundan 12 tasi sanoat sohasi, 5 tasi qishloq xoʻjaligi, 14 tasi xizmat koʻrsatish jabhalari hissasiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, ijtimoiy soha obyektlari qurish va taʼmirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha bir qancha loyihalar ishlab chiqilgan.

Bugun Moʻynoq hayotida tom maʼnoda yangi tarix yozilmoqda. Unda nafaqat tuman yoki Orolboʻyi aholisi, balki butun mamlakat ahli oʻz hissasini qoʻshishga chogʻlangan.

Gap shundaki, yashil oʻrmonlar barpo etish tadbirlariga barcha hududdan yuzlab oʻrmonchilar, qishloq xoʻjaligi xodimlari, shuningdek, 500 dan ziyod texnikalar jalb etildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi shtab boshligʻi Faxriddin Inogʻomovning aytishicha, ularning gʻayrat-shijoati bilan oʻtgan yilning 17 dekabridan to bugungi kunga qadar qariyb 80 ming gektarda saksovul ekildi.

Choʻl malikasi, najot daraxti
Tadbirda yashil “qalqon” hosil qilishda nega aynan saksovul urugʻlari sepilayotgani toʻgʻrisida savol berildi.

“Choʻl malikasi” deya taʼriflanadigan saksovulni najot daraxti, deyish mumkin. Binobarin, qurgʻoqchilikka moslashgan ushbu nabotot namunasining bioxilmaxillikni saqlashdagi roli gʻoyat katta. Garchi uncha baland oʻsmasa-da, uning tarvaqaylab ketadigan shox-shabbalari choʻl oʻsimliklari rivojlanishida, jonivorlari chang-toʻzonlardan himoyalanishida panoh vazifasini oʻtaydi. Eng asosiysi, uning bir tupi 10 tonnadan 100 tonnagacha qum koʻchishining oldini oladi. Zamin shoʻrini tortib olib, atrofni kislorod bilan boyitadi. Shuning uchun hozirgi paytda kuniga 15 — 20 tonnagacha saksovul urugʻlari yigʻilib, ekilmoqda. Oʻrmonchilar yangi barpo etilayotgan saksovulzorlarda shifobaxsh giyohlarni yetishtirish boʻyicha innovatsion loyihalarni ishlab chiqishmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi sayyohlarni koʻproq jalb etish maqsadida yangi turistik xizmatlarni joriy qilayotgan boʻlsa, Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik, xususan, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash saʼy-harakatlarini boshlagan. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan esa umumiy qiymati 50 million AQSH dollarilik 18 ta innovatsion loyihani hayotga tatbiq qilish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Bundan tashqari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shu yilning oʻzida 4 ming kishining bandligini taʼminlash, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini 3 million gektarga yetkazish yuzasidan izchil ishlarni boshlab yuborgan. Mutasaddilar Moʻynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik holatini tubdan yaxshilashga qaratilgan shu kabi loyihalar haqida batafsil maʼlumotlar berishdi.

Vaziyatga teran nigoh bilan boqsak, dengiz qaytmasligiga ishonch hosil qilasiz. Lekin dengiz qoʻynidagi hududga qaynoq hayot zavqini qaytarish u qadar qiyin ish emas. Muhimi, ushbu ezgu maqsad yoʻlida dastlabki qadamlar tashlandi. Uning samarasi yaqin yillarda koʻzga tashlanishi kutilmoqda. Zero, bugun qadalgan saksovullar, hademay, soya tashlab, sahro yoʻliga gʻov boʻladi.

Zinoviy NOVISKIY,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, fan doktori:

— Hammaga ham oʻzining ilmiy ishlanmalari mevalarini hayotga tatbiq qilish nasib etavermaydi. Menda shunday imkoniyat paydo boʻldi. 40 yil davomida olib borgan ilmiy ishlanmalarim bugun hayotga joriy etilyapti. Prezident oldida ishimizni taqdim qilishim kerakligini aytishganda, qattiq hayajonlandim.

Yuzma-yuz uchrashgan paytimizda “Muhtaram Prezident, meni kechiring, hayajonlanyapman”, dedim. U kulib “Hayajonlanmang, soʻzlang”, dedi. Bilasizmi, bu tabassum menga kuch, dadillik berdi. Yarim soatdan ortiq gaplashdik. Prezident soʻradi, men javob berdim. Uning nigohlarida qoraqalpoq xalqi dardini oʻzining dardidek qabul qilayotganini koʻrdim.

“Biz oʻn yil ichida qurib qolgan dengiz tubini oʻrmonlashtira olamizmi?” deb soʻradi. Shunda men “Ha”, deb javob berdim.

Buning uchun barcha asoslar, ilmiy tavsiyalar bor. Bugun biz qumlarni “kesyapmiz”, ekish ishlarini jadallashtirib, ish hajmini oshiryapmiz. Buning uchun aviatsiyani jalb qildik. Xullas, qoraqalpoq xalqi oʻz zaminida munosib yashashi, boshqalar havas qilishlari uchun barcha imkoniyatni ishga solmoqda.

Loyihaning ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy ahamiyati katta. Ekologik jihati nimada? Birinchidan, oʻsimliklar, oʻz ildizlari bilan tuproqni mahkam ushlab, defolyatsiya (buzilish) jarayonlarini toʻxtatadi, kislorod ajratib, karbonat angidridni yutadi. Bir gektar saksovul 1100 kg. kislorod chiqarib, 1050 kg. karbonat angidridni yutadi. Biz mahalliy aholi yashashi uchun oʻz oʻrmonlarimiz bilan qulay sharoit yaratib beramiz.

Qahramon SARIYEV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi:

— Bugun moʻynoqliklar katta tarix boshida turibdi. Sababi, bu yerda yaqin kelajakda umumiy maydoni 555 gektarni egallagan zamonaviy shahar — Yangi Moʻynoq paydo boʻladi. Uning 55 gektarida yangi markaz barpo etiladi, 69 ta koʻp qavatli uy quriladi. Shundan 24 ta toʻrt qavatli turarjoy 2019 yilda foydalanishga topshiriladi. Ayni paytda ularning 7 tasida qurilish ishlari olib borilyapti.

Bundan tashqari, 315 oʻrinli zamonaviy maxsus innovatsion maktab, 160 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, Yoshlar markazi, sport majmuasi, musiqa maktabi, mahalla guzari, turistik obyektlar quriladi. Aeroport tubdan rekonstruksiya qilinadi. Bularning barchasi tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ayni muddaodir.

Muso YERNIYAZOV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi:

— Prezidentimizning Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbusi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, hamkor davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida “Trast fondi”ning tuzilgani bunga bir misol. Ayni paytda mazkur jamgʻarmaga Yaponiya, Norvegiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan mablagʻ kelib tushgani diqqatga sazovor.

Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida maxsus dastur ishlab chiqildi. U qiymati 12 trillion soʻmlik 976 ta loyihani qamrab olgan.

Kasallik oʻzagini yoʻq qilmasdan turib, natijaga erishib boʻlmagani singari Orolning qurigan tubini oʻrmonlashtirmasdan sahro yoʻlini toʻsolmaymiz. Qumni berkitsak, chang-toʻzonlar qayta-qayta koʻtarilishiga imkon qolmaydi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etilayotgan yashil oʻrmonzorlar bugungi va kelgusi avlodga ekologik toza havodan bahramand boʻlish uchun qulay sharoit yaratadi.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?