Mo’ynoqda «Qo’qon bog’i»

13:43 05 Aprel 2018 Jamiyat
652 0
Foto: Sof.uz


 
Abu Rayhon Beruniy insoniy muruvvatni g’oyat yuksak baholaydi. “Kimki muruvvatli bo’lsa va u bu ishni o’z ixtiyori bilan rioya qilsa, u mo’l-ko’llikka erishmoqqa qobildir”, deydi. Darhaqiqat, muruvvatlilik insonni poklaydi, qalbini bezaydi, nomiga ulug’lik kasb etadi, shu fazilati bilan erishgan darajasi boshqalar ko’nglida havas tuyg’usini uyg’otadi.

Donishmand Sharq erishgan eng yuksak yutuqlardan biri ham muruvvatdir. Xalqimiz o’zining qiyossiz mehr-oqibati, og’ir damlarda ham faqat o’zini, shaxsiy farog’atini emas, yon-atrofidagilarni, do’st-yoronni, mehr-muruvvatga muhtojlarni ham o’ylab ish tutishi, ularga saxovat ko’rsatishi bilan dong qozongan. Yaqin o’tmishdan bunga ko’plab misollar keltirish mumkin. Navro’z tarovati kezib yurgan shu kunlarda esa har bir oila, mahalla hamda tumanda insoniy muruvvatning yangi-yangi ko’rinishlariga duch kelamiz. Davlatimiz rahbarining “Har bir kishi o’z hayotidan bugunning o’zida rozi bo’lib yashashi kerak”, degan da’vati ko’ngillarda keng quloch yoyganiga guvoh bo’lamiz.

Navro’zning muhim xususiyatlaridan biri ko’ngilni poklashdir. Yangi bog’lar, gulzorlar yaratish, borlarini mehr bilan parvarishlash, ariq-zovurlarni tozalash, yolg’iz, nogironligi bo’lgan shaxslar va bemorlardan xabar olish, bu ishga yoshlarni, aziz farzandlarni ham jalb etish naqadar savobli. Shu ma’noda, elimizning hashar deb nomlangan necha ming yillik ma’naviy udumiga bugun dunyoning havasi keladi, desak, aslo mubolag’a bo’lmaydi.

— Xizmat taqozosi bilan Qoraqalpog’istonda tez-tez bo’lib turaman, Orol fojiasi bois bu mintaqada yuz bergan ekologik falokat oqibatlaridan xabardorman, — deydi taniqli tilshunos olim, Qo’qon davlat pedagogika instituti dotsenti Rashidxon Shukurov. — Odamlar qiyinchiliklarga dosh berib, yaxshi kunlarga umid qilib, ahil-inoq yashayotganlariga guvohman. Har gal borganimda, yaydoq, suvsirab yotgan bepoyon erlarni ko’rib, “Qani edi, shu joylar sharoitiga mos ko’chatlar bo’lsa-yu, muruvvatli odamlar birlashib, bog’-rog’lar, o’rmonzorlar yaratsak”, deb o’ylayman...

Rashidxon aka bu orzusini amalga oshirish uchun ancha yillardan beri astoydil harakat qilib yurardi. Ishni birinchi bo’lib Kaliforniya teraklaridan boshladi. Kaliforniya hamda Xitoy teragi, qoratol qalamchalari, bodom, Kan guli va topinambur kartoshkasi, mevali va manzarali ko’chatlarni Mo’ynoqqa olib borib, tajriba ishlarini boshlab yubordi. Bir necha yillik harakatlar o’z natijasini berdi: qalamchalar bo’y cho’za boshladi. Bu erning po’rsildoq erlari olimning xayolini butunlay band etgan edi. Rashidxon aka Qoraqalpog’istonda nafaqat ko’chat ekish, ayni chog’da qoraqalpoq tili bilan ham shug’ullandi. Bu tildagi qo’sh unli hamda undoshli so’zlar lug’atini tuzib chop ettirdi. Lekin ko’nglidagi orzu aslo susaygani yo’q. Prezidentimizning tashabbusi bilan Mo’ynoqqa ichimlik suvi olib kelingani, bu erdagi hayot, turmush tarzi o’zgarayotgani, shahar va tumanlar, qishloq hamda ovullar yangicha chiroy ochayotgani uni yanada ilhomlantirib yubordi. Bir guruh qo’qonlik saxovatli kishilar — Mansurxo’ja Xo’jaev, Ibrohimjon Sulaymonov, Ikromjon Abdullaev, Qodirbek Ortiqov, Baxtiyorjon Sobirov, Sharifjon Yo’ldoshev bilan maslahatlashib, Mo’ynoq tumanida Qo’qon bog’ini yaratishga bel bog’lashdi. Bundan o’n kun avval 15 million so’mlik mevali hamda manzarali ko’chatlar bu erga olib kelindi. Ushbu tashabbusni O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg’ona hamda Nukus filiallari rahbarlari qo’llab-quvvatlashdi. 14 mart kuni Mo’ynoq tumani hokimi Saylovboy Doniyorov bilan birgalikda dastlabki ko’chatlar ikki gektarlik bo’lajak bog’ eriga ekildi.

Elimiz saxovatli kishilarga boy. Xayrli ishga hissa qo’shish ulug’ fazilat. Qani edi, Rashidxon akaning bu tashabbusi mamlakat bo’ylab yoyilsa-yu, Qoraqalpog’istonda Qo’qon, Marg’ilon, Rishton, Namangan, To’raqo’rg’on, Andijon, Shahrixon bog’lari ham bunyod etilsa...

Ahmadjon MELIBOEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?