Moʻynoqda meteostansiya oʻrnatildi

15:24 03 Avgust 2019 Jamiyat
247 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) hamda Yaponiyaning Kioto universiteti oʻrtasida imzolangan memorandum doirasida bir guruh olimlar tomonidan Moʻynoq tumanidagi tajriba uchastkasida avtonom mini meteostansiya oʻrnatildi.

Stansiya butunlay avtonom boʻlib, alohida xizmat koʻrsatilishini talab etmaydi. Qurilma akkumulyatorli batareya, quyosh paneli va datchik koʻrsatkichlarini yozib oladigan loggerdan iborat. Stansiyaga AQSHning Onse kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan HOBOware sensorlari oʻrnatilgan, mazkur sensorlar orqali vegetatsion qatlamning va undan yuqoridagi ob-havo harorati, atmosfera bosimi, quyosh radiatsiyasi, havo tezligi va yoʻnalishi, yogʻingarchiliklar, tuproq namligi va harorati, yer osti suvlari darajasi aniqlanadi. Mazkur koʻrsatkichlar oʻsimliklarning oʻsishini va hosil boʻlayotgan biomassalarni baholashga koʻmak berib, Orolboʻyi iqlim sharoitlariga mos oʻsimlik navlarini aniqlash imkonini beradi.

Kioto universiteti professori Kenji Tanaka stansiyani ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishi uchun moʻljallangani alohida qayd etib, stansiyani oʻrnatishda jonbozlik koʻrsatgan Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi masʼul xodimi Temur Xoʻjanazarovga hamda Kioto universiteti professori Shiojiri Dayyaga minnatdorchiligini izhor etdi. Oʻz navbatida, Kioto universiteti olimlari yigʻilgan maʼlumotlardan Orolboʻyi hududidagi iqlim oʻzgarishlarini tadqiq etish uchun foydalanadilar.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?