Moʻynoq: moʻjiza sodir boʻlmaydi, u yaratiladi

17:11 18 Aprel 2019 Jamiyat
317 0

Xalqaro press klubining navbatdagi “Moʻjiza sodir boʻlmaydi, u yaratiladi” nomli sessiyasi 16 aprel kuni Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumaniga qarashli Shege qishlogʻida, yaʼni soʻlim tabiatga ega Koʻksuv koʻli sohilida oʻtkazildi. Aynan shu joyda Pamir togʻlaridan ildiz olib, 2500 km yoʻl bosib oqib keladigan asov daryo, tentak daryo sifatida tanilgan Amudaryo oxirgi manziliga kelib toʻxtaydi.

– Biz roppa-rosa 3 oydan keyin yana Moʻynoqda Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasini oʻtkazmoqdamiz. Ushbu qisqa muddat ichida Moʻynoqda nihoyatda koʻp oʻzgarishlar boʻlgan. Bizni shu yuz berayotgan quvonchli yangiliklar va Moʻynoq bahori yana shu hududga chorladi, – deydi XPK raisi Sherzod Qudratxoʻjayev. – Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan saʼy-harakatlar natijasida yurtimizda qator unutilayozgan shaharlar yangicha qiyofa kasb etib, zamonaviy goʻshalarga aylanyapti. Biz shularni press klub sessiyalari orqali qayta kashf qilmoqdamiz. Bu shaharlar “M” harfidan boshlanadigan Manas, Mirzachoʻl va Moʻynoq shaharlaridir. Aynan bugungi tadbirimiz ham yangi Moʻynoqni kashf etishdir.

Moʻynoq tumanida bugungi kunda 82 ta obyektda, jumladan tuman markazida 48 ta obyektda qurilish, taʼmirlash ishlari olib borilyapti. 2018 yilning 17 dekabridan boshlangan Orolning qurigan maydoniga saksovul ekish ishlari ham ilk natijalarini bera boshladi. Yaʼni, urugʻ sepilgan 468 ming gektarning qariyb 100 ming gektarida saksovul urugʻlari unib chiqa boshlagan. Koʻchatlar ekilishi uchun tortilgan 1 million 100 ming gektar maydonda chuqurliklar ichiga unumdor tuproqlar joylasha boshlagan va bu yerlarda hozirda koʻchatlar ekilmoqda.

Taqqoslash uchun taʼkidlash joizki, Orol dengizi qaytib boshlagandan keyin 80 yillardan boshlab uning qurigan maydoniga saksovul ekila boshladi. Shundan 1991 yilgacha 83 ming gektarga ekilgan boʻlsa, 1991 yildan to 2018 yilga qadar 400 ming gektarga, jami shu kunga qadar 483 ming gektarga saksovul ekilgan edi.

Muhtaram Prezidentimiz Orolga katta eʼtibor qaratdi. Yiliga 500 ming gektarni “yashil qoplama” bilan qoplash vazifasi qoʻyildi. Oʻtgan yil 17 dekabrdan boshlangan ishlar samarasida 468 ming gektar maydonga urugʻ sepilib, 1 million 100 ming gektari ekishga tayyorlangan. Bu hali qish-bahor mavsumida qilingan ishlar. Oldimizda kuzgi mavsum bor.

– Men Qoraqalpogʻistonni 18 yildan boshqarib kelayotgan boʻlsam, shu payt ichida Qoraqalpogʻiston boʻyicha alohida Prezident qarori chiqmagan edi. Mana Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ikki yilning ichida Moʻynoq tumani boʻyicha ikkita qarorni qabul qildi, deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Musa Yerniyazov. – Ushbu qarorlar bilan Moʻynoqni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ishlari olib borilyapti. Bu yerda faoliyat yuritaman degan tadbirkorlarga 10 yilga barcha soliqlaridan ozod qilinadigan imtiyozlar berildi.

Joriy yil 16 yanvar kuni Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tumanda umumiy qiymati 1 trillion 485 milliard 176 million soʻmlik 2019-2021 yillarga moʻljallangan 125 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.

Ushbu loyihalardan ilk obyektlar – 245 oʻrinlik madaniyat uyi, 1000 oʻrinlik stadion va 800 oʻringa moʻljallangan amfiteatr foydalanishga topshirildi.

Moʻynoq tumanidagi eng dolzarb masalalarning biri – aholini ish bilan taʼminlashdir. Dengiz toʻlib-toshib turgan vaqtlarda Moʻynoq tumani aholisi 100 mingdan oshgan. Ular asosan baliqchilik bilan shugʻullangan. Dengiz qurishi bilan ularning aksariyati boshqa joylarga koʻchib ketgan va hozirgi kunda tumanda 31 mingdan ortiqroq aholi istiqomat qiladi.

Tumanda ishsizlik masalasini hal qilish maqsadida qator korxonalar barpo qilinmoqda. Jumladan, Chexiyaning “Eriell” kompaniyasi tomonidan tuzni qayta ishlash korxonasi tayyor boʻldi, “Oʻzpaxtasanoat” AJning oʻz mablagʻlari hisobiga qurilayotgan tekstil fabrikasi ham yaqinda ish boshlaydi. Bu yerda 600 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Moʻynoq baliq konserva zavodi binosi qurilishi ham nihoyasiga yetmoqda. Unga uskunalar xarid qilish uchun Rossiya bilan shartnoma qilingan. Ushbu korxona avgust oylariga qadar ishga tushishi kutilmoqda. Bu zavodga Moʻynoq atrofidagi mavjud 18 ta koʻldan baliq yetishtirib beriladi. Bulardan eng yiriklari Sudochye (22 ming ga), Jaltirbas (17 ming ga) va Mejdurechye (7,5 ming ga) koʻllaridir.

Tuman markazida hozirda 24 ta koʻp qavatli uy-joylar qurilmoqda. Ularning har biri 24, 28 kvartiradan iborat. Shu yilning avgust oyi oxiriga qadar, Mustaqillikning 28 yilligiga jami 580 kvartiralarning kalitlari oʻz egalariga topshiriladi. Ushbu kvartiralarning badal toʻlamlari yuqorida taʼkidlangan korxonalar tomonidan toʻlab berilishi nazarda tutilgan.

Joriy yil boshidan Orolning qurigan maydonlarida quduqlar qazila boshladi. Hozirda 12 ta quduq qazilgan. Ularda chorvachilik uchun isteʼmolga yaroqli suv chiqmoqda. Shu sabab bu yerda moʻynoqliklar uchun baliqchilikdan tashqari chorvachilikni rivojlantirishga ham imkoniyatlar yaratilmoqda.

Press klubda Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari Shuhrat Joʻrayev, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Abdushukur Hamzayev, Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Zinoviy Noviskiy, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim va boshqalar spiker sifatida qatnashdi.

Tadbirga qatnashish uchun shu kuni Oʻzbekistonga xizmat koʻrsatgan artist Jenisbek Piyazov ham Italiya davlatidan oʻzining yangiliklari bilan yetib keldi. Dengizning qurigan tagida “yashil qoplama” barpo qilish loyihasi rahbari Zinoviy Noviskiy esa Orolning qoq markazida oazis yaratish maqsadida mevali va manzarali daraxtlarni oʻtqazish ishlarini boshladi. Press klub sessiyasida koʻtarilgan ana qiziqarli mavzular boʻyicha keyingi materiallarimiz orqali voqif boʻlasiz. Saytimizni kuzatib boring.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?