Moʻynoq kun sayin chiroy ochmoqda

16:04 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
176 0

Keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotgan Moʻynoq tumani tobora koʻrkamlashib bormoqda. Bunda foydalanishga topshirilayotgan obyektlar muhim omil boʻlmoqda. Kuni kecha ana shunday obyektlardan bir nechasi faoliyatini boshladi.

Xususan, yangidan qurilgan “Future Muynak” axborot texnologiyalar markazi va “Vookcafe” kutubxonasi tuman yoshlari hayotiga yanada mazmun baxsh etdi. Zero, ushbu muassasalarda kompyuter texnologiyalarini oʻrganish hamda zamonaviy adabiyotlarni mutolaa qilish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Yangidan ishga tushirilgan elektr tarmoqlari majmuasi ham yon-atrofga koʻrk bagʻishlamoqda. Uch qavatli ofis, xostel, internet kafe va ovqatlanish markazini oʻz ichiga olgan mazkur zamonaviy majmua tarmoq xodimlari uchun katta sovgʻa boʻldi.

Galdagi obyekt “Surxon quyoshi” bolalar boqchasi. Uni Surxondaryo viloyatidagi “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi moʻynoqliklarga tuhfa sifatida bunyod etishdi. Ushbu yetmish oʻrinli boqcha bolajonlarning sevimli maskaniga aylanishi shubhasiz.

Bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamda “Orol dengizi tarixi” muzeyi ham yangidan qad rostladi. Yangi musiqa maktabi 150 oʻquvchiga moʻljallangan boʻlib, ikki qavatli oʻquv binosi, muhtasham konsert zali, yozgi estrada boʻlimiga ega. Bu yerda oʻquvchilar sakkiz yoʻnalish boʻyicha tahsil oladi. Eski kemalar yigʻilgan oʻrinda qurilgan muzeyda esa Orol dengizining oʻtmishi, turfa qushlari, baliqlari haqidagi maʼlumotlar, tarixiy fotosuratlar va rassomlarning ijod namunalaridan bahramand boʻlish mumkin.

Yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda, ajdodlar tarixini bilishda yangidan bunyod etilgan “Motamsaro ona” yodgorlik majmuasi muhim omil boʻladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yodgorlik sifatida qurilgan majmuada urushdan qaytib kelmagan 1320 nafar moʻynoqliklarning nomlari bitilgan.

Shuningdek, tuman xalq taʼlimi boʻlimining ikki qavatli yangi imoratida xodimlar uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Albatta, ushbu obyektlar tuman koʻrkiga koʻrk qoʻshish barobarida odamlar turmushini yaxshilash, ularni ish bilan taʼminlash, yoshlarning bilim olishi, hunar oʻrganishida muhim ahamiyatga ega.

Hidoyat AHMEDOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?