“Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” qanday yutuqlarga erishmoqda?

14:47 24 Iyul 2020 Jamiyat
162 0

Bugungi pandemiya sharoitida aholi bandligini taʼminlash, ayniqsa, bu borada ishsiz yoshlar muammosiga yechim topish davlatimiz oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir.

Bu borada eng ogʻir hududlardan hisoblangan respublikamizning eng chekka rayonlaridan biri Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida oʻziga xos yechim topilgan.

Jumladan, ishsiz yoshlar bandligi taʼminlash maqsadida, joriy yilning fevral oyida Vazirlar mahkamasining qaroriga asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Jamiyatga 20 ming gektar yer maydoni ajratilib, ishsiz yurgan ming nafarga yaqin yoshlarning bandligi taʼminlandi. Yoshlarga koʻmakchi va yelkadosh sifati Prezident Xalq qabulxonasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi biriktirildi.

Xoʻsh, oʻtgan davr mobaynida “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” qanday ishlarni amalga oshirdi, qanday yutuqlarga erishdi?

Yil boshidan shu kunga qadar qoraqalpoq yoshlari tomonidan jami 8 ming gektarga yaqin yer oʻzlashtirildi, turli koʻchatlar ekildi. Xususan, 1160 gektariga – beda, 1201 gektariga – makkajoʻxori, 129 gektariga – kungaboqar, 104 gektariga – qovun-tarvuz, 283 gektariga – kunjut, 1295 gektariga – sholi, 123 gektariga – joʻxori va 16 gektariga – mosh ekilib, bugungi kunda ayrim ekinlarni yigʻib olish va ayrimlariga parvarish ishlari olib borilmoqda.

Masalan, bedadan 900 gektari oʻrib olingan boʻlsa, ulardan chorvachilik xoʻjaliklari uchun jami 410 tonna silos va 11,350 dona presslar jamlandi. Hozirda qolgan ekinlarning 14 gektarida dorilash ishlari olib borilmoqda. Ekilgan mahsulotlarning aksariyati hosil berishga yetishib qolgan.

Ushbu tadbirlarga 46 ta yuqori unumli qishloq xoʻjalik texnikalari jalb etilib, agrotexnik va sugʻorish hamda zararkunandalardan himoyalash ishlari oʻz vaqtida va samarali olib borilishi natijasida ekinlardan koʻzlangan meʼyorda hosildorlik olishga erishilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?