Bosh vazir o‘rinbosari Kattaqo‘rg‘ondagi voqeaga munosabat bildirdi

17:37 05 Iyul 2018 Jamiyat
1378 1
Foto: econet.ru

Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva 4 iyul kuni internet tarmoqlarida tarqalgan Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limida ayolning yechintirilib tahqirlangani bilan bog‘liq voqeaga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

“Samarqandlik ayol bilan bo‘lgan voqea — bu albatta, hech qaysi odob va ahloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo gap shu “erkak” tarbiyasining darajasi to‘g‘risida bo‘lishi kerak.

Bu holat mutlaqo ichki ishlar idoralari faoliyatiga daxldor emas, aksincha, bu nufuzli vazirlik o‘z saflarini nopok, qo‘pol xodimlardan tozalayapti.

Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar bilan, u qanday xato qilib qo‘yganidan qat’iy nazar, bunday munosabatda bo‘lishga mutlaqo qarshi! Biz barcha ayollarimizni himoya qilish borasida o‘z faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Hozirgi kunda oilada, mehnat jamoasida, ko‘cha-kuyda ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa, biz albatta uni himoya qilamiz.

Bu borada har bir tumanlarimiz va shaharlarda ayollarga yordam beradigan markazlar tashkil qilinmoqda, shu bilan birga zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan maxsus qonun yaratilishi ustidan ham ish olib borilmoqda.

Mazkur voqea barcha xotin-qizlarimizning nafratini uyg‘otdi, buni ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalar ko‘rsatmoqda.

Biz Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan tergov ishi yakunlarini kutamiz va shu ayolning muammosi bilan albatta shug‘ullanamiz”, deb yozgan Bosh vazir o‘rinbosari o‘zining sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili, ayolni tahqirlagan S. Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.


Izohlar


Admin

Мамлакатимизда аёллар қадр- қиммати уларнинг шаъни, жамиятда тутган ўрнини юксалтириш борасида шахсан Президентимиз раҳнамолигида катта ишлар олиб борилаётган бир пайитда ҳуқуқни муҳофаза қилиш идоралари ходимлари томонидан бу каби жирканч ишнинг амалга оширилиши шармандали ва тоқат қилиб бўлмас ҳолдир. Бу шахсан президентга, давлат сиёсатига бўлган хиёнат! Ҳеч қандай важ билан мазкур ҳолатни оқлаб бўлмайди. Мана шундай ходимларнинг мавжудлиги бутун тизм шаънига иснотдир. Вазирлик фаолиятини тубдан ислоҳ қилиш, аҳолининг ходимларга бўлган муносабатини яхши томонга ўзгартириш борасида олиб борилаётган ислоҳотларнинг тўлиқ амалга ошишига жойлардаги мана шундай ходимлар ҳалақит беряпти. Вазирлик бундай ходимлардан тезроқ қутилиб, шахсий таркиб маънавиятини юксалтириш борасида кескин чоралар кўрмаса бундан ҳам кўра шармандали, жирканч ҳолатлар юз беришда давом этаверади.

18:3105.07.2018