Modrich FIFA talqiniga koʻra yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

12:18 25 Sentyabr 2018 Sport
696 0

Londonda FIFA 2018 yil yakunlariga koʻra The Best FIFA Football Awards taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda yilning eng yaxshilari uchun beriladigan sovrinlar oʻz egalariga topshirildi.

“Real Madrid” hamda Xorvatiya terma jamoasi futbolchisi Luka Modrich yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Modrich soʻnggi 10 yilda Ronaldu va Messidan tashqari ushbu sovrinni yutgan ilk futbolchi boʻldi.

Xorvatiya terma jamoasi sardori ushbu sovrin uchun soʻrovnomada Krishtianu Ronaldu hamda Muhammad Salohni ortda qoldirdi.

Modrich oʻtgan mavsumda “Real” bilan Chempionlar Ligasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi, Xorvatiya terma jamoasi bilan esa, JCH-2018 musobaqasining kumush medalini qoʻlga kiritdi.

Tadbirda shuningdek boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi. “Liverpul” hujumchisi Muhammad Salohning Angliya chempionati doirasida “Everton” darvozasiga kiritgan goli FIFA tomonidan 2018 yilning eng chiroyli goli deb topildi. Saloh 2009 yildan buyon topshirib kelinadigan yilning eng chiroyli gol uchun taqdim etiladigan Ferens Pushkash nomidagi sovrinni qoʻlga kiritdi. Salohdan tashqari ushbu sovrin uchun Denis Cherishev, Garet Beyl, Krishtianu Ronaldu, Benjamen Pavar, Lionel Messi kabi futbolchilar kurashgan edi.

Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham 2018 yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Fransiyalik mutaxassis terma jamoa bilan Rossiyada oʻtkazilgan jahon chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Fransiya terma jamoasi JCH chempionati finalida Xorvatiya ustidan 4:2 hisobida gʻalaba qozondi. Ushbu sovrin uchun Desham bilan bir qatorda “Real Madrid”ning sobiq bosh murabbiyi Zinedin Zidan hamda Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zlatko Dalich daʼvogarlik qilgan edi.

Yilning eng yaxshi darvozaboni uchun topshiriladigan sovringa Belgiya terma jamoasi hamda “Real Madrid” darvozaboni Tibo Kurtua munosib topildi. Belgiyalik darvozabon ushbu sovrin uchun kurashda Ugo Loris (Fransiya, “Tottenhem”) hamda Kasper Shmeyxelni (Daniya, “Lester”) ortda qoldirdi. 2018 yilgi jahon chempionatida Kurtua Belgiya terma jamoasi bilan bronza medallarini qoʻlga kiritgan edi.

Peru terma jamoasi muxlislari FIFA talqiniga koʻra eng yaxshi muxlislar deb topildi. Ushbu sovrin uchun soʻrovnomada perulik muxlislar Yaponiya hamda Senegal terma jamoalari muxlislari, shuningdek, Chilining “Deportes Puerto-Mont” klubi muxlisi Sebastyan Karrerani ortda qoldirdi.

FIFAning 2018 yilgi ramziy terma jamoasidan quyidagi futbolchilar oʻrin oldi:

darvozabon: David de Xea (Ispaniya, «Manchester Yunayted);

himoyachilar: Dani Alves (Braziliya, “PSJ”), Rafael Varan (Fransiya, “Real”), Serxio Ramos (Ispaniya, “Real”), Marselo (Braziliya, “Real”);

yarim himoyachilar: Luka Modrich (Xorvatiya, “Real”), NʻGolo Kante (Fransiya, “Chelsi”), Eden Azar (Belgiya, “Chelsi”).

hujumchilar: Krishtianu Ronaldu (Portugaliya, “Real” / “Yuventus”), Lionel Messi (Argentina, “Barselona”), Kilian Mbappe (Fransiya, “PSJ”).

“Orlandu Prayd” hamda Braziliya terma jamoasi futbolchisi Marta yilning eng yaxshi ayol futbolchisi deb topildi. Braziliyalik futbolchi ushbu sovrinni oʻz faoliyatida oltinchi marotaba (2006, 2007, 2008, 2009, 2010) qoʻlga kiritdi. Martadan tashqari yilning eng yaxshi ayol futbolchisi sovrini uchun kurashda Ada Xegerberg (“Lion”) hamda Jennifer Marojan (“Lion”) ishtirok etishgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?