Modernizatsiya Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi faoliyatining yangi davri boʻladi

12:30 06 May 2019 Siyosat
521 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni Fargʻona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur korxona oʻz vaqtida Fargʻona vodiysidagi neft konlarini oʻzlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash boʻyicha mamlakatimizdagi eng yirik majmualardan biridir. 475 gektar maydon, 52 ta texnologik obyekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bu yerda 70 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bogʻliq boʻlgani sababli korxona keyingi oʻn yilda norentabel boʻlib qolgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna boʻlgani holda ishlab chiqarish bor-yoʻgʻi 30 foizga tushib qolgandi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qoʻygan edi. Shunga muvofiq 10 aprelda “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning “RT Trans Asia Resources” xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Kompaniyaning sohada katta tajribasi, jahon bozorida oʻz oʻrni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat boʻlgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.

Kelishuvga asosan, zavodga joriy yilning oʻzida kamida 300 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etiladi. Bu mablagʻ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joylari saqlab qolinadi, 450 kishi oʻz ish oʻrinlariga qaytadi.

Shuningdek, zavod ikki barobar koʻproq xomashyo bilan taʼminlanadi. 2020 yildan boshlab “Yevro-4”, “Yevro-5” kabi yuqori sifatli dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishga erishiladi. Mahsulotlar tannarxi tushib, sifati oshirilishi natijasida viloyatning eksport salohiyati yanada kengayadi.

Umuman, loyiha doirasida 2022 yilgacha kamida 875 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etiladi. Bu 60 yildan beri ishlab kelayotgan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi va 110 yillik tarixga ega Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasini zamonaviy majmualarga aylantirish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Eng muhimi, yana koʻplab odamlar, ayniqsa, yoshlar ish bilan taʼminlanadi. Soliq tushumlari bir oyda qoʻshimcha 100 milliard soʻmga oshadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zavod ishchilari va investorlar bilan suhbatlashdi.

- Bu ishlardan asosiy maqsad korxonani toʻliq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan taʼminlash. Bu Fargʻona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri boʻladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?