Missisipi shtati bilan keng qamrovli hamkorlik aloqalari izchil davom ettiriladi

15:30 20 Fevral 2020 Siyosat
112 0

Yaqinda Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobov Missisipi shtatining yangidan saylangan gubernatori Teyt Rivz, ushbu shtat qishloq xoʻjaligi vaziri Endi Gibson hamda sobiq gubernator Fil Brayant bilan uchrashdi. Bu haqda mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi xabar berdi.

Oʻzbekiston — Missisipi muyersabatlarining hozirgi holati va istiqbollari bilan tanishish maqsadida Toshkentdan AQSHning yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Daniel Rozenblyum ham yetib bordi. U ham muloqotlarda bevosita ishtirok etdi.
 

Shtatning 65-gubernatori T.Rivz joriy yil yanvar oyida F.Brayantning oʻrnini egallagan edi. Aynan F.Brayant oʻtgan yil may oyida shtatning rasmiy va biznes doiralari vakillari bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan edi.

T.Rivz ikki tomonlama yaqin va doʻstona munosabatlarga urgʻu berar ekan, uning shtati ham xuddi Oʻzbekiston kabi oʻz iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda odamlar hayot sifatini oshirishga intilayotganini taʼkidladi.

“Men yurtingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardan yaxshi xabardorman. Davlatingiz rahbari qisqa muddat ichida oʻz aholisi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro arenadagi nufuzini mustahkamlash boʻyicha salmoqli qadamlar tashladi”, - dedi u, jumladan.

T.Rivz oʻzining yangi jamoasi respublikamiz bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, shuningdek, xavfsizlik sohalarida sheriklik aloqalarini kengaytirishda davom etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Sobiq gubernator F.Brayant 2019-yil may oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurgani sharofati bilan AQSHdagi mashhur va taniqli gubernatorga aylanganini taʼkidladi. Jumladan, F.Brayant Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlikda olib borgan ishlari Davlat departamenti tomonidan alohida eʼtirof etilganini faxr bilan tilga oldi. Zero, bu hech mubolagʻasiz xorijiy davlat va Amerika shtati oʻrtasidagi hamkorlik timsoliga aylandi. Missisipi shtati bilan oʻzaro aloqalar harbiy sohalardan ham kengayib, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar jabhalargacha yetib borgani buning tasdigʻidir.

F.Brayant shtatning paxta ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligiga suv taʼminotining zamonaviy tizimlarini joriy etish, shuningdek, temir yoʻl tarmogʻida infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bilan shugʻullanadigan biznes doiralari bilan birgalikda shu yil kuz faslida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish istagida ekanligini bildirdi.

Shtat qishloq xoʻjaligi vaziri E.Gibson esa Oʻzbekistonga agrar sektordagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida shtat qonunchilik palatasining qishloq xoʻjaligi boʻyicha raisi va aʼzolarining tashrifini tashkil etish uchun yordam berishini aytib oʻtdi. U, shuningdek, Oʻzbekistoning AQSHdagi elchixonasiga shtatdagi yetakchi parrandachilik kompaniyalari bilan yaqinda aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun koʻmaklashishini qoʻshimcha qildi.

E.Gibson Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri J.Xoʻjayevni oʻzi uchun qulay boʻlgan paytda Missisipiga taklif qildi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Missisipi oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlik munosabatlari yuqori hamda jadal surʼatlar kasb etyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil sentyabrda Missisipi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni Jenson Boylz va ushbu shtatdan saylangan kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi shtat delegatsiyasi bilan, 2019-yil may oyida gubernator Fil Brayant bilan uchrashuvi ikki tomonlama oʻzaro manfaatli aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda tayanch nuqtasiga aylangani bunda muhim omil boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?