Misrning «Al-Xabar al-youm» gazetasida Oʻzbekiston mavzusida turkum materiallar chop etilmoqda

12:48 09 Avgust 2020 Siyosat
223 0

Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlar mamlakat ichki va tashqi siyosatida yangi davrni boshlab berdi. Bu, oʻz navbatida, yaqin va qoʻshni, shu jumladan teng sheriklik hamda oʻzaro ishonch ruhida hamkorlik istagida boʻlgan mamlakatlarni Oʻzbekiston bilan faol muloqotni yoʻlga qoʻyishga undamoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizning davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan yangilanish va islohotlar samarasi xalqaro ommaviy axborot vositalari diqqat markazida boʻlib kelmoqda.

Xususan, Misrning «Al-Xabar al-youm» (Kun xabari) gazetasi oʻz sahifalarida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini isloh qilish borasidagi yangi marralar, inson huquqlari boʻyicha Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro forum hamda “Toshkent – Qohira” yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilishi belgilangan parvoz jadvali haqida turkum materiallar chop etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

“Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki ishtirokida “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi” sarlavhali material nashr tomonidan oʻz oʻquvchilarga havola qilingan mamlakatimiz haqida asosiy xabarlardan biri sifatida qayd etiladi.

Maqolada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan Jahon banki ishtirokida “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi natijalari tahlil qilingan.

Jumladan, materialda shunday deyiladi: “Majlisda Jahon banki tomonidan ajratilgan 500 million dollar miqdordagi kreditni jalb qilish loyihalari koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston Prezidentining koʻrsatmalariga binoan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan 10 ta ilmiy-tadqiqot instituti va 4 ta markaz faoliyatini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun 87 million dollar ajratiladi. Koʻchatlar yetkazib berish va qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etish uchun 70 million dollar, qishloq xoʻjaligida raqamli ishlarni olib borish uchun esa 10 million dollar ajratiladi”. 

Nashr mintaqalardagi kooperativ jamiyatlar va ishlab chiqarish majmualarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalar ekan, buning uchun 200 million dollar, xalqaro moliya institutlaridan Fargʻona vodiysi uchun 54 million dollar, Xorazm viloyatiga 100 million dollar mablagʻ ajratilganini keltiradi.

“Oʻzbekiston turli viloyatlarda bogʻdorchilik maydonlarini kengaytirish rejalashtirgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligi uchun agrologistika markazlari va majmualarini tashkil etish uchun 65 million dollar miqdorda mablagʻ ajratish toʻgʻrisida koʻrsatma berdi”, deyiladi «Al-Xabar al-youm» xabarida.

Muallif Fotima Badaviyning navbatdagi maqolasi joriy yilning 12-13-avgust kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha forumga bagʻishlandi. 

Ushbu forum Oʻzbekiston hukumati tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi masʼulligida tashkil etilmoqda.

Misrlik jurnalist ushbu forumning Samarqand shahrida oʻtkazilishi tasodif emasligini qayd etib, 2018-yilning noyabr oyida Inson huquqlari boʻyicha forumning ham ushbu shaharda oʻtkazilgani, uning yakunida Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingani haqida xabar beradi.

Xalqaro forumda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Afrika Ittifoqi rasmiylari, diplomatik korpus aʼzolari, inson huquqlari masalalariga ixtisoslashgan xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar vakillari, ekspertlar, olimlar va jami 300 nafardan ortiq inson ishtirok etishi kutilmoqda.

Misr gazetasi pandemiya sharoitida Oʻzbekiston hukumati tomonidan fuqarolarni vatanga qaytarish maqsadida tashkil etilayotgan charter reyslar jadvali, ulardagi oʻzgarishlar haqida ham muntazam axborot tarqatib kelmoqda. Bu galgi qisqa xabarda esa “Toshkent – Qohira” hamda “Toshkent – Pekin – Toshkent” yoʻnalishlari boʻyicha parvozlarning vaqtiga oʻzgartirish kiritilgani haqida maʼlumot berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?