Misrlik ekspertlar: “Oʻzbekistonda roʻy berayotgan yangilanishlar dunyo siyosiy manzarasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda”

09:38 11 Yanvar 2019 Siyosat
215 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimiz hayotining barcha jabhasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar jarayoniga xorijlik ekspert-tahlil doiralari katta qiziqish bildirmoqda. Xususan, tashqi siyosatdagi pragmatik yondashuv, yaʼni Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va mustahkam munosabat oʻrnatishi, taraqqiy etgan davlatlar bilan yaqin hamkorlik qilishi, xalqaro maydonda muhim tashabbuslarni ilgari surishi bu jarayonda alohida ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Bugun misrlik ekspertlarning Oʻzbekiston haqidagi fikrlari bilan tanishasiz.

Ahmad TAYYIB, Al-Azhar majmuasi rahbari, Al-Azhar Ulamolar kengashi raisi:

— Oʻzbekistonga tashrifim chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatdagi keng koʻlamli yangilanishlarga guvoh boʻldim. Misr va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalar uzoq tarixga ega. Mamlakatlarimizning hamkorlik munosabatlari bugun yangi kuch hamda oʻzaro ishonch asosida jadal rivojlanib borayotganidan mamnunmiz.

Movarounnahrning buyuk alloma farzandlari Imom Moturidiy, Ibn Sino va boshqalarning boy maʼnaviy merosi nafaqat tarix uchun, balki bugungi taraqqiy etgan hayotimiz uchun ham gʻoyat dolzarb ahamiyatga ega. Biz bu bebaho merosning al-Azhar universiteti talabalariga oʻrgatilishiga katta eʼtibor qaratamiz.

Bugungi kunda musulmon dunyosi ekstremizm, mutaassiblik singari zararli taʼsirlardan aziyat chekmoqda. Eng achinarlisi, yot gʻoyalar yoshlarning ongi va dunyoqarashiga taʼsir oʻtkazyapti. Biz Al-Azhar majmuasi faoliyatida ushbu tahdidlarga qarshi kurashishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Oʻzbekiston xalqi benazir allomalarning avlodlari sifatida bu kabi illatlarga sabot bilan qarshi turishga qodir.

Oʻzaro uchrashuvlarimiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochmoqda. Oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchilarning Al-Azhar universitetida tahsil olishi, mutaxassislarning malaka oshirishi, hamkorlikda konferensiyalar tashkil etishimiz buning yaqqol isbotidir.

Vohid ABDULMAJID, Al-Ahrom strategik va siyosiy tadqiqotlar markazi rahbari:

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida muhim geosiyosiy ahamiyatga ega davlat hisoblanadi. Soʻnggi yillarda mamlakatda roʻy berayotgan tub oʻzgarishlar, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi yangilanishlar nafaqat mintaqa hayotiga, balki dunyo siyosiy manzarasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Hech shubhasiz, Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatdagi strategiyasi oʻz samarasini beryapti.

Misr va Oʻzbekiston Prezidentlarining qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, jahon hamjamiyati bilan teng huquqli aloqalarni rivojlantirish, faol investitsiya siyosatini yuritishga boʻlgan kuchli irodasi mamlakatlarimizning ezgu maqsadlari mushtarak ekanligini koʻrsatadi.

Iyhab HASAN, “Mass-International” sayyohlik firmasi maslahatchisi:

— Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar mamlakatning jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotganini koʻrsatadi. Oʻzbekiston va Misr sayyohlik sohasida katta salohiyatga ega. Ayni vaqtda biz Misrdan Oʻzbekistonga, Oʻzbekistondan Misrga sayyohlar oqimini koʻpaytirish ustida ish olib bormoqdamiz.

Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish uchun keyingi paytda juda katta tashabbuslar qilinayotganidan xabardorman. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz chiqishlarida doimo mamlakatning turistik jozibadorligi haqida alohida toʻxtalib oʻtadi.

Yurtingiz 2019 yilda xorijlik sayyohlar sonini 7 millionga yetkazishni koʻzlagan. Bu maqsadga erishish oson ish emas. Biroq mavjud imkoniyatlar ishga solinsa, koʻzlangan marralar, albatta, qoʻlga kiritiladi.

Oʻzbekistonda yangi-yangi mehmonxonalar qurilayotganiga guvoh boʻldim. Yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat Misrdan, balki butun dunyodan, Yevropa va boshqa mintaqalardan sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qiladi. Oʻzbekistonda madaniy yodgorliklar juda koʻp. Bu diyor dunyoga koʻplab zabardast ulamolar, mutafakkirlarni yetishtirib bergani hamisha yodimizda turadi.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Sisining Oʻzbekistonga tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Abdurahmon XAMISIY, yozuvchi:

— Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidentligiga saylanganidan keyin mamlakatda amalga oshirilgan xayrli ishlarni alohida qayd etmoqchiman.

Islohotlar, birinchi nav­batda, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Ushbu tashabbuslar markazida yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga har jihatdan yordam koʻrsatish, ularni moddiy ragʻbatlantirish maqsadi turibdi.

Oʻzbekistonda yoshlar boʻyicha hayotga tatbiq etilayotgan yirik Davlat dasturi mamlakatning alohida ijtimoiy qatlami hayotidagi oʻzgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylantiradi.

Xalqaro kuzatuvchi sifatida turli anjumanlarda koʻp marta ishtirok etganman. Har safar Oʻzbekistonga tashrif buyursam, juda katta taassurotlar bilan qaytaman. Oʻzbekiston xalqi turli millat va elatlardan iborat boʻlishiga qaramay, ahil-inoq hayot kechiradi. Birorta inson boshqasidan uning dini yoki eʼtiqodi haqida soʻramaydi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi BMTning bosh tamoyillaridan biri boʻlgan turli millat hamda din vakillari oʻrtasida ayirmachilikka yoʻl qoʻymaslik tamoyiliga toʻla mos keladi.

Oʻzbekiston tarixan Sharq va oʻarbni bogʻlovchi muhim halqa vazifasini bajarib kelgan. Bu hudud islom dinidan ilgari ham buddaviylik, zardushtiylik kabi dinlarga makon boʻlgan. Ayniqsa, Islom tamadduni bu oʻlkada katta maʼnaviy hosila bergan. Oʻzbekiston ­minglab diniy va dunyoviy ilmlar bilimdonlari, mutafakkirlarni tarbiyalagan ilm minorasi vazifasini bajargan. Bugungi kunda Oʻzbekiston islomning asl qadriyatlarini himoya qiluvchi, turli din va eʼtiqod vakillarini birdamlikka chaqiruvchi mustahkam qoʻrgʻon sifatida namoyon boʻlmoqda.

Men Oʻzbekistonda musulmonlar, xristianlar, yahudiylar va boshqa din vakillari tinchlik va osoyishtalikda yashayotganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

O. LUTFULLAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?


Ko‘p o‘qilganlar

Afisha

Matyoqub Matchonov: “Oltindek qimmatli, Humo qushi singari sarbaland...”

Xoʻsh, bu qanday anjuman oʻzi? Uni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad nima? Kelgusida mazkur kinotaqdimot kino olami va olam kinosi ichra oʻz oʻrnini topib keta oladimi yoki salaflari kabi yoʻqlikka yuz tutadimi (zakiy oʻquvchi nima demoqchi ekanimizni tushunganiga shubha yoʻq, albatta)?

23 Yanvar 2019