Misrdan charter reys bilan olib kelingan oʻzbekistonliklar Navoiyda karantinga olindi

21:48 18 Mart 2020 Jamiyat
128 0

Arxiv surat

Oʻzbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi TIVning Operativ shtabi va Oʻzbekistonning transport va sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda, 18-mart kuni Misrda boʻlgan 177 nafar oʻzbekistonliklarni keltirish uchun Sharm ash-Shayx—Navoiy charter reysini tashkil etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Navoiy viloyati hokimligining maʼlum qilishicha, ular Navoiy xalqaro aeroportida kutib olinib, Karmana tumani hududidagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli sogʻlomlashtirish markaziga 14 kunlik karantinga joylashtirildi. Ularga maxsus tayyorgarlik oʻquvlaridan oʻtgan 60 nafar tibbiyot xodimi biriktirildi.

Karantin kuzatuviga olinganlarning 50 nafarini erkaklar, 90 nafarini ayollar va 40 nafarini bolalar tashkil etib, ular orasida isitmalagan va boshqa shikoyatlari boʻlganlar yoʻqligi taʼkidlanmoqda.

Qayd etilishicha, belgilangan muddatda zarur tibbiy muolajalar, shaxsiy gigiyena va himoya vositalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlanishi tashkil etilgan. Vaqtincha karantin muddati tugagach barcha yurtdoshlarimiz oʻz viloyatlari — yashash manzillariga tegishli tartibda kuzatib qoʻyiladi.

Avvalroq, Namanganga Latviya va Erondan 16-mart kechki payt uchib kelgan yoʻlovchilar 14 kunlik karantin uchun sanatoriy va shifoxonaga joylashtirilgani xabar berilgandi. Dam olish maskanida ularning belgilangan muddatda istiqomat qilishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?