Mishel Bachelet: Yoshlar kelajakka katta havas bilan qaramoqda

10:34 13 Avgust 2020 Siyosat
244 0

Biz barpo etayotgan kelajakka yoshlar katta qiziqish va manfaatdorlik bilan qaramoqda, deb taʼkidladi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet Inson huquqlari boʻyicha Samarqand onlayn forumi ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi xabarida keltirilishicha, “Men Xalqaro yoshlar kuni ilk bor nishonlanganiga 20 yil toʻlgan sanada ushbu anjumanning virtual ishtirokchisi boʻlib turganimdan juda mamnunman. Koronavirus pandemiyasi va iqlim oʻzgarishi – ana shu ikkita oʻzaro bogʻliq falokat barqaror rivojlanish yoʻlidagi olgʻa qadamlarimizni susaytirish bilan tahdid solayotgan va inson huquqlari sohasidagi koʻplab muhim maqsadlarimizni xavf-xatarga qoʻyayotgan hozirgi davrda navqiron insonlarning barcha faoliyat sohalarida va ijtimoiy hayot yoʻnalishlarida yana-da keng ishtirok etishini kuchaytirish uchun ish olib borishimiz hayotiy muhim hisoblanadi”, deb qayd etgan M.Bachelet.

Aynan yoshlar, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining fikricha, umumjahon inson huquqlarini himoya qilish masalasi barqaror rivojlanishga erishish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishning oldingi marralaridadir. “Butun dunyodagi hukumatlar yoshlarga xos bunday faollikning qadr-qimmatini tan olishlari va ularning afzalliklaridan toʻla foydalanishga intilishlari lozim”, deb taʼkidladi u.

Mishel Bachelet, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi bugungi yoshlarga vayronkor taʼsir koʻrsatishining koʻplab alomatlari mavjudligiga eʼtiborni qaratdi. Taʼlim, kasbga tayyorlash tizimi va mehnat bozoriga jiddiy ziyon yetkazilgan. Bu muammolarga yechim topish uchun tengsizlik va taraqqiyot taqchilligiga barham berish hamda bu muammolarning oldini olishga qaratilgan samarali choralar orqali COVID-19 pandemiyasiga munosib javob qaytarish taqozo etiladi. Ayni chogʻda, aksariyat mamlakatlarda navqiron insonlar oʻz jamiyatlarida pandemiyaga qarshi kurashish uchun tibbiyot va ijtimoiy sohalar xodimlari bilan birlashib ish olib borayotganlari taʼkidlandi.

«Mazkur Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi – mintaqaning barcha navqiron insonlari uchun oʻz tajribalarini oʻrtoqlashishga qulay imkoniyat boʻlsa, hukumatlar vakillari uchun ana shu yoshlarni tinglash imkoniyatidir. Bu barcha ishtirokchilar uchun barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning rolini oshirish yoʻllarini izlash, bunda siyosat yoshlarning ehtiyojlari va ovozlarini hisobga olishini taʼminlash imkoniyati hamdir. Men teran, ochiq va samarali munozaralar uchun shunday sharoitni taqdim etgani uchun hukumat vakillariga minnatdorchilik bildiraman", deb taʼkidladi oʻz murojaatida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari.

“Biz inson huquqlari, ayniqsa, navqiron avlod huquqlari kundalik voqelikka aylanishiga erishmogʻimiz uchun hali oldimizda olis yoʻl turibdi”, deb hisoblaydi YUNESKO Bosh direktori Odri Azule. "Ushbu huquqlarni hayotga joriy etish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish – YUNESKOning kelajak avlodga sodiqligi zamirida ayni shu haqiqatlar mujassam. Bu, birinchidan, taʼlim olish orqali yoshlarning oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etish imkoniyatini nazarda tutadi.

“YUNESKO, sizga maʼlumki, ushbu huquqni, ayniqsa, aholining zaif qatlamlari - yoshlar, qizlar, ayollar, qochoqlarning bu boradagi huquqini ragʻbatlantirishning qatʼiy tarafdoridir", deb qayd etdi Odri Azule bugun Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida.

Uning fikricha, navqiron insonlar ertangi dunyoda - raqamli istiqbollar va atrof muhitni himoya qilish muammolari haddan tashqari dolzarblik kasb etadigan dunyoda erkin olgʻa yurishlari uchun ularni maqbul vositalar bilan taʼminlash zarur. YUNESKO ushbu sohalarda yoshlarning zarur koʻnikmalarini oshirish borasida izchil ish olib bormoqda. Shuningdek, yoshlar shunchaki tomoshabinlariga emas, balki faol ishtirokchilarga aylanishlari uchun bu boradagi siyosatni ishlab chiqishda yoshlarning ishtiroki keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.

“Parlamentlararo ittifoq kabi, mening oʻzim ham navqiron yigit va qizlarning shiddat-shijoatiga astoydil ishonaman”, dedi Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong. Maʼlumki, Parlamentlararo ittifoq global parlament tashkiloti boʻlib, 179 ta milliy parlament unga aʼzodir.

«Shuni faxr bilan ayta olamanki, yoshlarning siyosiy hayotda ishtirok etishi bizning strategik ustuvor maqsadlarimizdan biri hisoblanadi. Bugun biz insoniyat tarixidagi hal qiluvchi damlarda uchrashib turibmiz. Bu damlar xotiramizda ham, shuningdek bizdan keyingi koʻplab avlodlar saboq oladigan maktab darsliklarida ham saqlanib qoladi. Bizning mazkur virtual shakldagi uchrashuvimiz - gʻayriodatiy davrimizdan guvohlik berib turibdi», deb taʼkidladi Parlamentlararo ittifoq rahbari.

Uning qayd etishicha, “jahon hamjamiyati kutilmagan muammolarni hal etishga harakat qilayotgan hozirgi davrda dunyoning koʻproq innovatsiyalar, koʻproq shiddat-shijoat va koʻproq gʻoyalarga ehtiyoji kuchlidir. Yoshlarda ayni shu omillarning barchasi mavjud. Shu maʼnoda, aytmoqchimanki, yoshlarning siyosatda ishtirok etishi - bu nafaqat amalga oshirilishi zarur boʻlgan huquq, ayni chogʻda, bizning yalpi kelajagimizga tikadigan sarmoyamiz hamdir”.

Parlamentlararo ittifoqning yoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi faoliyati haqida soʻz borganda, shuni taʼkidlash joizki, Parlamentlararo ittifoq “yosh deputatlarning rahbarlik lavozimlariga saylanishiga, shuningdek parlament tarkibidagi yoshlar fraksiyalari va qoʻmitalari kabi yoshlar faoliyati bilan bogʻliq mexanizmlar tatbiq etilishiga koʻmaklashadi”.

Tabiiyki, anjumanga "Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusini tanlagan xalqaro forum ishtirokchilari Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiya loyihasini ham muhokama qildilar. Mazkur xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMTning 72-sessiyasida ilgari surilgan.

Samarqand forumi davomida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, bunday Konvensiyaning zarurati bugungi kun voqeliklari va talablari, sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalar bilan oʻzaro bogʻliq va hamohangdir.

Birinchidan, yoshlarning hozirgi avlodi dunyo tarixi boʻyicha olib qaraganda eng koʻp sonlisi hisoblanadi, ammo ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini taʼminlashga yetarli eʼtibor qaratilmayapti.

Ikkinchidan, yosh avlod ijtimoiy subyekt sifatida davlat va jamiyatning har tomonlama — yoshlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan muayyan resurslarni ajratish, davlat yoshlar siyosatining inson huquqlari bilan bogʻliq zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi qoʻllab-quvvatloviga muhtoj.

Uchinchidan, aholining yoshlar qatlami uchun yosh chegarasining xalqaro mezonlarini ishlab chiqish va buni yoshlar huquqlari hamda ularni taʼminlash boʻyicha davlat majburiyatlari oʻrnatilgan xalqaro hujjatda belgilash muhim ahamiyatga ega boʻlgani holda, hozirgacha bunday hujjat mavjud emas.

Toʻrtinchidan, bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda BMTning “Yoshlar — 2030” yoshlar strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Lekin hamon belgilangan aniq maqsadlar va mezon koʻrsatkichlari boʻyicha yoshlarning rivojlanish istiqbollarini namoyon etuvchi zamonaviy xalqaro model yaratilmagan.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidentining Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrigida “bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini oʻz amaliy takliflari bilan boyitadilar”, deb ishonch bildirilgani bejiz emas.

Shuni ham qayd etish kerakki, Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi Oʻzbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni oʻtkazish masʼuliyati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.

Forum BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?