Mirzo Ulugʻbek tumanida 124,6 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

10:27 26 Avgust 2018 Iqtisodiyot
270 0

Poytaxtimizda Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Mirzo Ulugʻbek tumani Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati raisi N.Yoʻldoshev, Prezident Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari U.Muhammadiyev, Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Ergashev, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi yuklatilgani taʼkidlandi.

Prezidentning joriy yil 15 avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish boʻyicha muhim topshiriqlar berilgan edi.

Majlisda Mirzo Ulugʻbek tumani boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining belgilangan vazifalarni ijro etish chora-tadbirlari haqidagi axborotlari tinglandi. Hududda 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 54 mahallasida uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini oʻrganish natijalari asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Ular bandlikni taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish, sogʻliqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, obodonlashtirish hamda yoʻllarni taʼmirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, manzilli moddiy yordam koʻrsatish kabi sohalardir.

Mirzo Ulugʻbek tumanida faoliyat koʻrsatayotgan 15 korxona tomonidan 2018 yilda 124,6 million dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 900 ish oʻrni yaratiladi. Joriy yil avgust holatiga koʻra, Buyuk Britaniya, Xitoy va Turkiya davlatlarining xorijiy sarmoyalar hajmi 56,8 million dollarni tashkil qildi. Jumladan, tumanda amalga oshirilayotgan “AKFA FOOD LINE” qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 62 million dollarga tengdir.

Joriy yilda hududdagi koʻp qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Unga koʻra, bugunga qadar mahallalardagi koʻp qavatli uy-joylarni taʼmirlash boʻyicha 67 foiz ish bajarilgan boʻlib, bu saʼy-harakatlar davom etmoqda. Biroq, shunday boʻlsa-da, soha xodimlarining oʻrganishlari davomida Darxon, Yuzrabot, Mustaqillik va Lashkarbegi kabi mahallalarda avariya holatidagi koʻp qavatli uylar borligi, ushbu muammoga tez fursatda chora koʻrish lozimligi boʻyicha soha xodimlariga zarur topshiriqlar berildi.

– Yigʻilishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tatbiq etilayotgan “Obod mahalla” dasturi doirasidagi vazifalarni bajarish, hududidagi ijtimoiy ahvolni yanada yaxshilash borasida zarur vazifalar berildi, – deydi xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Akmal Jumaboyev. – Joylardagi toʻplanib qolgan muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish, aholi bandligini taʼminlash, hududni obodonlashtirishni taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar muhokama etildi.

Tadbirda yangi sanoat va xizmat koʻrsatish korxonalarini tashkil etish, boʻsh turgan binolardan unumli foydalanish, kommunal xizmat koʻrsatish sohalaridagi muammolar, ijtimoiy sohada yechimini kutayotgan masalalar haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, toʻy-hashamlar, oilaviy tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solishning deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi masalasi ham koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilishni taʼminlash choralari toʻgʻrisida qoʻshma qaror qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?