Mirzo Ulugʻbek maktabi - mamlakatimiz taʼlim tizimida yangi yoʻnalish

09:40 31 Avgust 2019 Siyosat
130 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida joylashgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabini koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu oʻquv dargohi fizika, matematika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan.

Bu yerda taʼlim jarayoniga Fanlar akademiyasining Astronomiya va Fizika-texnika institutlari xodimlari jalb etilgan. Xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish va seminar-trening tashkil etish maqsadida jalb etiladigan chet ellik pedagoglar uchun mehmonxona, oʻquvchilar uchun yotoqxona qurilgan.

Innovatsion usullarda dars oʻtish maqsadida aerokosmik texnologiyalar xonasi tashkil etilib, zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari oʻrnatilgan. Maktab binosining tom qismida oʻrnatilgan teleskopda oʻquvchilar osmon jismlarini kuzatishi mumkin.

Robototexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar toʻgaraklari ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari maktabning yangi binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bolalar bilan suhbatlashdi.

- Bu maktabni Mirzo Ulugʻbek nomi bilan tashkil etganimiz bejiz emas. Bundan faxrlanishingiz, buyuk bobomizga munosib boʻlishingiz kerak. Buning uchun juda katta intilish, qunt, mehnat zarur. Vatanimizga kerakli yetuk mutaxassislar boʻlib yetishishingiz uchun hamma sharoitni yaratib beramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Dars va dam olish vaqtlarini toʻgʻri taqsimlash, zamonaviy metodikalarni qoʻllab, bolalarning fanlarni yaxshi oʻzlashtirishiga imkoniyat yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?