Mirzacho‘ldan poyezd qatnay boshladi

14:36 31 Iyul 2018 Jamiyat
1040 0
Arxiv foto

Jizzax–Mirzacho‘l–Jizzax yo‘nalishida shaharlararo poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati “Xalq so‘zi Online”ga ma’lum qildi.

Unda qayd qilinishicha, masofaning umumiy uzunligi 80 kilometrdan iborat bo‘lib, poyezd Jizzax vokzali va Irjar stansiyasi oralig‘ida harakatlanadi. Harakat vaqti 2 soatu 10 daqiqani tashkil etadi. Poyezd viloyatning Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarini o‘zaro bog‘lab, ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun ko‘plab qulayliklarni taqdim etadi.

Qatnov jadvali ushbu yo‘nalishda istiqomat qiluvchi aholining talab va istaklarini o‘rganib chiqib tuzildi. Poyezd yo‘nalish bo‘yicha kuniga bir marotaba qat’iy jadval asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, tongi soat 6:00 da Mirzacho‘ldan yo‘lga chiqib, soat 8:10 da Jizzax vokzaliga kirib keladi. Kechki soat 19:00 ortga qaytib, 21:10 da Irjar stansiyasiga kirib boradi. Poyezd bir vaqtning o‘zida 200 nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Chipta narxi atigi 3 ming 500 so‘m. Bu yo‘nalishlar aro qatnayotgan avtomobillarga nisbatan 3 barobar arzon demakdir.

Bundan tashqari yaqinda Jizzax vokzali qaytadan rekonstruksiya qilindi. Bu yerda yo‘lovchilarga xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan servisni tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Vokzalda kutish zali, ona va bola hamda tibbiyot xonalari mavjud bo‘lib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Vokzalning oldi va shaharga chiqish qismida elektron soatlar, elektron ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan.

Shuningdek, Jizzax–Mirzacho‘l–Jizzax yo‘nalishidagi stansiyalar ham qayta ta’mirlandi. Yo‘lovchilarga sifatli servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?