Mirobod tumanida qoldirib ketilgan shubhali qogʻoz qutilar yuzasidan IIV rasmiy xabar berdi

11:05 16 Avgust 2019 Jamiyat
135 0

2019-yilning 15-avgust kuni soat 18:15lar atrofida Toshkent shahar IIBB Patrul-post xizmati xodimlari Mirobod tumanining Mirobod koʻchasidagi koʻp qavatli uy oldida shubhali bir necha qogʻoz qutilari yotganligini aniqlab, Mirobod tumani 2-sonli Ichki ishlar boʻlimiga xabar bergan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar tarqatdi.

Zudlik bilan voqea joyiga yetib kelgan Oʻzbekiston Respublikasi IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining Portlash xavfi boʻlgan predmetlarni zararsizlantirish boʻyicha maxsus otryadi xodimlari tomonidan tekshirilganda, ushbu qogʻoz qutilar boʻshligi maʼlum boʻldi.

Voqea joyida oʻtkazilgan tezkor surishtiruv ishlari jarayonida, qoldirib ketilgan qogʻoz qutilari shu koʻchadagi uyning 1-qavatida joylashgan oyoq kiyimlar savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkon xodimlari tomonidan qoʻyib ketilganligi aniqlandi.

Hech qanday vahimaga hojat yoʻqligini bildirgan holda, aholidan har qanday sharoitda ham hushyorlikni yoʻqotmaslikni soʻrab qolamiz, deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?