Mintaqaviy muloqotda yangi davr

15:36 11 Iyul 2018 Siyosat
358 0
Foto: zamin.uz

Umumiy muammolarga birgalikda javob

22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini qabul qildi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjatni BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Bu voqea nafaqat mintaqa uchun, balki xalqaro miqyosda ham ulkan tarixiy ahamiyatga ega. Mohiyatan, rezolyutsiyaning qabul qilinishi aniq maqsadlar yo‘lida birlashgan mintaqaga aylanayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.

O‘zbekiston manfaati

Ushbu rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgandi. O‘zbekiston rahbari o‘z chiqishida 2017 yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Markaziy Osiyo bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro anjuman o‘tkazilishini ma’lum qilib, uning yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Hujjatning ma’qullanishi rasmiy Toshkent tomonidan olib borilayotgan yangicha tashqi siyosatning xalqaro miqyosda e’tirof etilganini anglatadi. Bu siyosat mohiyatida esa Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish maqsadi yotibdi.

Mushtarak maqsadlar

Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston mamlakatlari O‘zbekiston tashabbusini olqishlab, BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasida hammuallif sifatida qatnashdi. Unda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga katta hissa qo‘shgan tashabbuslarni birgalashib ilgari surish istagi aks etgan.

Xususan, rezolyutsiyada 2018 yil yanvarda, Qozog‘istonning BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilgan davrida Xavfsizlik Kengashida Afg‘oniston bo‘yicha tashkil qilingan munozaralar yakunlari, shuningdek, Qirg‘izistonda Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari muntazam ravishda o‘tkazilayotgani qayd etildi. 2018 yil mayda Tojikistonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash muammolari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro anjuman natijalari ta’kidlandi. Mintaqa respublikalari 2018 yilda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi mamlakatlari rahbarlarining sammitini o‘tkazish g‘oyasini olqishladi. Har yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlarini chaqirish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

O‘z mohiyatiga ko‘ra, rezolyutsiya O‘rta Osiyo mamlakatlarining ham umummintaqa muammolariga, ham globallashuv tahdidlariga bir yoqadan bosh chiqarib bergan javobi bo‘ldi. Mazkur respublikalar hududning buguni va kelajagi uchun mas’uliyatni yelkama-yelka turib zimmasiga ola biladigan, xalqaro munosabatlar tizimining mustaqil subyektlari sifatidagi o‘z o‘rnini kuchaytirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelishi, geosiyosiy raqobatning kuchayishi, qo‘shni mamlakatlarda qurolli to‘qnashuvlar avj olishi bilan kuzatilgan ikki qutbli dunyo tartibotining qulashi davrida mustaqillikka erishdilar. Mintaqadagi xavfsizlik masalasi 90-yillar va undan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari duch kelgan ichki siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, mafkuraviy va boshqa muammolarning og‘ir yuki bilan yanada murakkablashdi.

Amerikalik ekspert S. Kornellning fikricha, so‘nggi 25 yil davomida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda juda muhim o‘rin tutdi. Ya’ni, avvalboshdanoq, mutaassiblik va ekstremistik g‘oyalarga nisbatan qat’iy pozitsiyada turdi, bu g‘oyalarning mintaqada tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kuchli siyosat olib bordi.

Markaziy Osiyo davlatlarida siyosiy tizimlar va davlat hokimiyati institutlari shakllandi va mustahkamlandi, milliy taraqqiyotning o‘ziga xos modellari va konsepsiyalari ro‘yobga chiqarilmoqda. Xalqaro munosabatlar tizimiga integratsiyalashib borar ekan, bu mamlakatlar tashqi siyosat olib borish bo‘yicha tajriba to‘pladi va bu siyosat globallashuv sharoitida strategik istiqbollarga yangicha qarashni, mintaqaviy hamkorlikka ustunlik berishni talab qiladi.

Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston muammolarini tadqiq etish markazi direktori Andrey Kazansevning qayd etishicha, O‘zbekiston mintaqaviy ziddiyatlarni hal qilishda jiddiy salohiyatga ega ekanini namoyon etdi. Oxirgi ikki yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda hukm surgan barcha muammolarni bir chekkadan bartaraf qilib bormoqda. Shu tariqa, mintaqaviy darajadagi masalalarni yechish uchun asos qo‘yildi.

Hozirgi paytda Markaziy Osiyo davlatlari ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarda tub o‘zgarishlarga qat’iy xohish bildirmoqda.

Xalqaro hamjamiyat e’tirofi

Markaziy Osiyo bo‘yicha BMT rezolyutsiyasining qabul qilinishi mintaqa tarixida misli ko‘rilmagan voqeadir. Chunki uni dunyoning barcha qit’alari — Avstraliya, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika va Yevropaning deyarli barcha davlatlari bir ovozdan ma’qulladi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumot berishicha, mazkur hujjatni ishlab chiqish jarayonidagi maslahatlashuvlarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qiluvchi barcha yetakchi mamlakatlar, xususan, Rossiya, XXR, AQSH hamda YEI faol va samarali ishtirok etdi.

Sirasini aytganda, xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyo davlatlarining barqarorlik va taraqqiyotning eng muhim omili sanalmish mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini namoyish qildi. Bugun O‘rta Osiyodagi osoyishtalik dunyo xavfsizligining ajralmas qismi ekanligiga hech kim shubha qilmayapti. Dunyoning qator mintaqalarida taranglik va ziddiyatlar saqlanib qolayotgan bir sharoitda mintaqaviy hamkorlikning strategik istiqbollari xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda hayotiy ahamiyat kasb etmoqda. Global iqtisodiyotda oshib borayotgan mavhumlik, turg‘unlik va nomutanosiblik mintaqa davlatlaridan birgalikda rivojlanishga qaratilgan umumiy loyihalarni izlab topish va ro‘yobga chiqarish uchun yanada yaqinroq, muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qilyapti. Barqaror, izchil rivojlanayotgan Markaziy Osiyo davlatlarigina xalqaro hamjamiyat uchun jozibador, konstruktiv va uzoq muddatli hamkor bo‘lishi mumkin. Mintaqa va uning tashqarisidagilar bu haqiqatni allaqachon anglab yetdilar. Bu — isbot talab qilmaydigan qoida! Agar hudud davlatlari bu yo‘nalishda muvaffaqiyat qozonsa, Markaziy Osiyo “Yevrosiyoda barqarorlik va tinchlikning geosiyosiy laboratoriyasi”ga aylanishi mumkin.

Botir TURSUNOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Strategik va mintaqalararo
tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?