Minsk shahrida I Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi ish boshladi

15:19 06 Avgust 2019 Jamiyat
248 0

Joriy yilning 5-9-avgust kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida I Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi boʻlib oʻtmoqda. Loyiha dasturi toʻrtta sessiyadan iborat boʻlib, unda sohadagi yetakchi mutaxassislar ishtirokidagi oʻquv mashgʻulotlari, yangi texnologiyalar namoyishi, muloqot bahslari oʻtkaziladi. Mazkur forumda yurtimizdagi 30 nafar faol yoshlardan tuzilgan delegatsiyaga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboyev boshchilik qilyapti.

Forum ishi oldidan Belarus yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda tomonlarning axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama etilib, istiqbolli hamkorlik rejalari belgilab olindi.

Xalqaro hamkorlik maydonida “Digital Generation Uzbekistan” loyihasi tashkilotchilari tomonidan 25 nafar yoshdan iborat guruh ham qisqa muddatli malaka oshirmoqda. Ular Belarusdagi “Yuqori texnologiyalar parki”da oʻz loyiha va takliflari taqdimotini namoyish etib, IT sohasida biznes yuritish va mehnat bozori kabi muhim yoʻnalishlar boʻyicha zarur koʻnikmalarga ega boʻlyapti.

Shuningdek, ikki davlat yoshlari uchun Belarus Respublikasining Minsk shahrida Belarus-Oʻzbekiston yoshlarining axborot texnologiyalari sohasidagi yozgi oromgohi ham tashkil etilgan. Oromgohda belaruslik yoshlar bilan bir qatorda 30 nafar oʻzbekistonlik yosh veb dasturchilar, 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika, mobil ilova yaratish sohalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar Belarus Respublikasining IT kompaniyalari faoliyati bilan tanishish va tajriba almashish bilan birga yetakchi dasturchilar tomonidan tashkil etiladigan oʻquv dasturida ham qatnashmoqda.

Delegatsiyamiz vakillari xizmat safari mobaynida Belarus Milliy kutubxonasi, Belarus Davlat Tarix muzeyi, Minsk shahri va mamlakatning boshqa diqqatga sazovar maskanlari boʻylab sayohat qilib, “Wargaming” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqadi.

Joriy yilning sentyabr oyida belaruslik 30 nafar yosh dasturchilar Oʻzbekistonga taklif etilib, yurtimiz yoshlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi koʻzda tutilmoqda.

I Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi har ikki mamlakat yoshlari uchun axborot texnologiyalar sohasidagi zamonaviy muammolarni muhokama qilish, yangi texnologiyalar bilan tanishish, oʻzaro bilim va koʻnikma almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?