Mini-futbol boʻyicha IV Xalqaro Xayriya turniri qachon boʻlishi maʼlum qilindi

14:24 20 Avgust 2019 Sport
254 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi “Yoshlar press-klubi”da Mini-futbol boʻyicha navbatdagi IV Xalqaro Xayriya turniri oldidan matbuot anjumani hamda qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Xalqaro xayriya turniri Yoshlar ittifoqi huzuridagi “Mehrli qoʻllar” Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi koʻmagida tashkil etildi.

Anjumanda taʼkidlanishicha, ushbu xayriya turniri davomida kelib tushgan barcha mablagʻlar “Mehrli qoʻllar” Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markaziga yoʻnaltiriladi va yurak xastaligiga chalingan bolalarni davolashda foydalaniladi.

Aslida sport ham bir bayram. — deydi markaz rahbari Raʼno Shodiyeva. — Unda inson bor kuch-gʻayratini namoyon etadi va yana yangi quvvatga ega boʻladi. Bir bolaga orzularining ushalishi, sogʻayishiga koʻmak berish esa bundan-da ulugʻ ish, desak adashmaymiz. Maqsadimiz, imkoniyati cheklangan bolalar hamisha yuksak eʼtiborda ekanligini koʻrsatish, ularning taqdirida jamiyatning ishtiroki, mehri va qoʻllab-quvvatlashini his etishga imkon berishdir.

Tadbir doirasida imkoniyati cheklangan bolalarning ijodiy ishlaridan iborat badiiy koʻrgazma ham tashkil etildi. Maʼlum qilinishicha, ushbu badiiy ishlarni xayriya turnirida xarid qilish imkoniyati mavjud.

Eslatib oʻtamiz, IV Mini-futbol Xalqaro Xayriya turniri joriy yilning 4-5-sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” sport kompleksida oʻtkaziladi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?