Mingdan oshiq ilmiy loyihalarning elektron reyestri shakllantiriladi

16:39 21 Noyabr 2020 Jamiyat
399 0

20-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi fan yoʻnalishlari boʻyicha Ilmiy-texnik kengashlari rais, rais oʻrinbosari va ilmiy kotiblarining majlisi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raislik qildi. Bu haqda vazirlik  Matbuot xizmati xabar berdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-texnik loyihalarning tizimli monitoringini, shu asosda maqsadsiz ishlatilayotgan grant mablagʻlarini boshqa istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mavzuga oid loyihalarni bajarish uchun qayta yoʻnaltirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilangan.

Ibrohim Abdurahmonov yigʻilganlarga mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-texnik loyihalarning birinchi yarim yillikda bajarilishi monitoring qilinganini maʼlum qildi.

Ilmiy loyihalarning bajarilishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish jarayonida ilmiy-tadqiqot ishlarining loyiha boʻyicha imzolangan shartnoma va uning kalendar rejasiga asosan bajarilishi holati oʻrganildi. Shuningdek, ijrochi tashkilot tomonidan ilmiy-texnik loyihaning bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilganiga eʼtibor qaratildi. Loyihalarga ajratilgan moliyaviy mablagʻlarning maqsadli sarflanayotgani tahlil qilindi. Bundan tashqari, mazkur ilmiy loyihalar natijalari boʻyicha yetakchi xorijiy jurnallarda maqolalar chop etish boʻyicha erishilgan natijalar koʻrib chiqildi. Va muhimi, har bir loyiha doirasida qoʻlga kiritiladigan yakuniy natijalar va ularning tijoratlashtirish imkoniyatlari monitoringning diqqat markazida boʻldi.

Oʻz navbatida, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarining ijrochi tashkilotlari joriy yilning 20-noyabriga qadar bajarilayotgan 1088 ta ilmiy loyihalar boʻyicha tayyorlangan yakuniy hisobotlarni topshirdilar. Mazkur hisobotlarning elektron reyestri vazirlik tomonidan shakllantirilib, tegishli ilmiy-texnik kengashlarga ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etiladi.

Har bir loyihaning bajarilishi boʻyicha xulosa berishda tadqiqotchilar tomonidan yangi yirik ilmiy (yangi qonuniyatlar, samaralar, hodisalarni kashf qilish va b.) hamda amaliy (yangi materiallar, texnologiyalar, uskunalar, mashinalar, qurilmalar va b.) natijalarga erishilganiga ahamiyat beriladi. Ilmiy-tadqiqot natijalarini iqtisodiyot tarmogʻi yoki ijtimoiy sohaga joriy etilishi, olingan ilmiy natijalarning xalqaro nashrlarda chop etilgani, ularga patent va guvohnomalar olingani muhim sanaladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?