Mingbuloqda dastlabki neft oqimi chiqdi. Uning kunlik ish hajmi qancha boʻladi?

10:50 07 May 2019 Jamiyat
677 0

Foto: "Xalq so'zi"

Namangandan xushxabar, viloyatning Mingbuloq tumani hududida aniqlangan neft konlarini oʻzlashtirish boʻyicha dastlabki amaliy natijaga erishildi. Bu yerda M-15 qudugʻini burgʻilashdan soʻng olib borilayotgan birlamchi sinov ishlari doirasida birinchi neft oqimi olindi.

Boy zaxiraga ega Mingbuloq neft konida yer osti boyliklarini oʻzlashtirish tadbirlari ancha murakkab boʻlib, bu ishga Xitoy Xalq Respublikasi CNPC milliy neft-gaz korporatsiyasining boy tajribaga ega mutaxassislari, ilgʻor texnologiya vositalari jalb qilingan. Loyiha ijrosi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Mingbuloqneft” oʻzbek-xitoy qoʻshma korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Keyingi ikki yil davomida bu yerda M 15-qudugʻini burgʻilash va boshqa bir qator loyihaviy ishlar olib borildi.

Foto: "Xalq so'zi"

Yaqin vaqt ichida bu yerda sinov ishlari yakunidan soʻng neftni sanoat usulida qazib olishga kirishiladi. Pirovard natijada, bir kecha kunduzda 150 tonna neft va 100 ming kubometr tabiiy gaz qazib olish imkoniyati yuzaga keladi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, CNPC korporatsiyasi bilan yigirma besh yilga imzolangan mazkur hamkorlik loyihasining qiymati 255,3 million AQSH dollariga teng boʻlib, uning amal qilish davrida 1,5 million tonna neft qazib olish koʻzda tutilgan. Ayni jarayonda yangidan 4 ta razvedka quduqlari kovlanib sinovdan oʻtkaziladi, avval qazilgan 4 ta quduq mukammal taʼmirdan chiqariladi.

CNPC korporatsiyasi kafolati ostidagi xorijiy investitsiya hisobiga roʻyobga chiqarilayotgan ushbu yirik loyiha ijrosi mamlakatimizda geologik qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, ilgʻor texnologiyani qoʻllagan holda neft qazib olishni koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga egadir.

Qudratilla NAJMIDDINOV“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?