Ming nafar yigit bir paytning oʻzida “Andijon polkasi”ga raqs tushdi

11:16 04 Iyun 2019 Jamiyat
706 0

Foto: Rustamjon Nishonov, “Xalq soʻzi”

“Xalq soʻzi Online”. Saminjon Husanov/Andijon. Har bir millatning, har bir hududning oʻz raqsi boʻladi. Masalan, lezginka barcha kavkaz ahlining faxri boʻlsa, lazgi Xorazm shijoatini oʻzida mujassam etgan. Xuddi shuning singari “Andijon polkasi” andijonliklarga xos jihatlarni oʻzida mujassam etgan. U oddiy raqs emas, har bir harakatida tilsiz ifoda mujassam. Misol uchun, ikki qoʻlni musht tugib, oldinga ketma-ket burama harakatlantirish, oʻng va chap qoʻllarni balandga koʻtarib silkish yigit kishini kuch-qudratga toʻlganini, bir qoʻlni belga qoʻyib, ikkinchisini dast koʻtarib siltash va quloch yozib tepaga koʻtarish Vatanga, yurtga sodiqligini bildiradi.

”Andijon polkasi” bundan yuz yil muqaddam yaratilgan. Uning musiqasini “Orif garmon” taxallusi bilan mashhur boʻlgan Orifjon Toshmatov yozgan boʻlsa, raqsini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Abdugʻaffor Qodirov sahnalashtirgan. U yigitlar raqsi hisoblangani bois qizlar tomonidan ijro etilganida ham yigitlarga xos kiyinish urf boʻlgan. Yaʼni, andijoncha doʻppi, chopon, yaktak, maxsi va belbogʻ ushbu raqsning ramziy shaklidir. Choponning etak qismini bir tomonga qistirib olinishi ham andijoncha chapanilik maʼnosini bildiradi”,-deydi Andijon tumani madaniyat markazi rahbari Abdulaziz Yusupov.

Foto: Rustamjon Nishonov, “Xalq soʻzi”

Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning birinchisi yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga yoʻnaltirilgan. Shu bois ham viloyatda “Andijon polkasi” raqsiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Uning ilk bosqichi tuman va shaharlar miqyosida tashkil etilgan boʻlib, faol ishtirok etganlar yakuniy tadbirga taklif etildilar. Shunday qilib, Andijon shahrining Z.M. Bobur nomli milliy bogʻda ming nafar chapani yigitlar bir paytning oʻzida “Andijon polkasi”ga xirom etdilar. Bugina emas, shu kuni ular Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bogʻida ham oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Bir soʻz bilan aytganda, “Andijon polkasi”ning 100-yilligiga bagʻishlangan bayram dasturida, nafaqat, havaskor raqqoslar, balki, yuragida oʻti bor barcha andijonliklar raqsga tushdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?