Milliy qadriyatlar va anʼanalarni rivojlantirishning bebaho manbai

11:59 03 Aprel 2019 Madaniyat
604 0

Eng qadimiy sanʼat turlaridan biri boʻlgan baxshichilik milliy madaniyatimiz, maʼnaviyatimiz, anʼana va qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etadi. Elimizning ezgu niyat hamda istaklarini ifodalaydi.

Biroq, afsuski, maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismi boʻlgan ushbu noyob sanʼat keyingi davrlarda birmuncha unutilayozdi. Shunday bir sharoitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev baxshichilik sanʼatini bebaho nomoddiy madaniy meros sifatida qayta tiklash, yanada ­rivojlantirish, boyitish ­tashabbusi ­bilan chiqdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi qarori asosida Termiz shahrida tashkil etilayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali xalq ogʻzaki ijodining mazkur yoʻnalishidagi noyob namunalarini asrab-avaylash, yanada ravnaq toptirish, keng targʻib qilib, uni jahon uzra yoyish, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu festival koʻlami va ahamiyati jihatidan juda nufuzli sanaladi. Buni uning YUNЕSKO shafeligida oʻtkazilayotgani, mazkur sanʼat bayramida Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (AYSЕSKO), shuningdek, Afgʻoniston, Turkiya, Tojikiston, Kuvayt hamda boshqa davlatlardan koʻplab faxriy mehmonlar, 80 dan ortiq mamlakatlardan 300 ga yaqin vakillar qatnashishidan ham bilish mumkin. Shuningdek, 20 davlatning ommaviy axborot vositalari xodimlari anjumanni bevosita ­yoritib borishi kutilmoqda.

Milliy qadriyat va anʼanalarimizni yanada rivojlantirish, folklor sanʼatimizni boyitish, dunyo boʻylab keng tarannum qilish borasida olib borilayotgan bunday ezgu ishlarni xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib olyapti. Bu barchaga faxr-iftixor, gʻurur bagʻishlamoqda. Sanʼat, madaniyat, adabiyot sohasi ijodkorlaridan ayrimlarining quyidagi fikrlaridan ham buni anglash mumkin.

Yoqub AHMЕDOV, Oʻzbekiston xalq artisti:

— Baxshichilik barcha sanʼatlarning onasidir, desam adashmayman. Oʻz his-tuygʻularini bir maromga solgan shoirning ham, soʻzlarga mos kuy yaratgan bastakorning ham, soʻz va ohang joʻrligida oʻz orzu-umidlarini kuylagan xonandaning ham, xalq qahramonlarini gavdalantirishga intilgan aktyorning ham ilk vakili baxshi boʻlgan, nazarimda. Baxshichilik ana shunday qadimiy, chuqur ildizlarga ega sanʼat. Shu bois ham baxshilarni tinglamagan, tinglay olmagan ashulachini chinakam ashulachi, u kuylagan ­dostonlardan, termalardan toʻrt qator yod bilmagan shoirni chinakam shoir, doʻmbira jarangidagi mazmunni his qilmagan ­bastakorni bastakor, deyish qiyin. Baxshining qalb olamini, ruhiyatini anglamagan, tushunmagan aktyor ham haqiqiy aktyor boʻlolmaydi.

Shu maʼnoda, yillar mobaynida turli talatoʻplarni boshdan oʻtkazib, qariyb unutilayozgan bu asl sanʼatning Prezidentimiz tashabbusi bilan eʼzozlanishi ulugʻ ish boʻldi. Uning yangi shakl va mazmun bilan bo­yishi, mohiyati, ahamiyatini butun elimiz, ayniqsa, yoshlarga chuqur tushuntirish borasida olib borilayotgan bugungi keng koʻlamli islohotlar sanʼatimizni, madaniyatimizni, maʼnaviyatimizni yuksaltirishning yangi bosqichini boshlab beryapti, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi qarori asosida Termiz shahrida tashkil etilayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ham betakror milliy sanʼatimizni olamga namoyon etish bilan birga, xalqimizni dunyo xalqlari ogʻzaki ijodi namunalaridan bahramand qilish, jahon musiqa sanʼatida kechayotgan ijodiy jarayonlarni atroflicha oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu nufuzli festival turli qitʼalar xalqlariga mansub badiiy jamoalarning folklori, milliy kuy-qoʻshiqlari manzarasida insoniyatni tinchlik-totuvlik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, maʼnaviy komillik yoʻlida birlashtiradi. Bugungi murakkab zamonda xalqlar oʻrtasida doʻstlik, hamjihatlik, hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Texnika-texnologiya jadal taraqqiy etayotgan, axborot almashinuvlari tobora kuchayayotgan bugungi zamonda sanʼatning hech qanday talab va mezonlariga javob bermaydigan “asar”lar paydo boʻlayotgani, ayrim yosh ijrochi va ijodiy guruhlar mavzu, musiqa, ijro usuli, sahna harakatlarida ochiqdan-ochiq ajnabiy madaniyat koʻrinishlariga taqlid qilayotgani dilni xira qiladi. Bu yosh avlodning estetik didi va saviyasini oʻtmaslashtirmoqda, ongi, qalbi, maʼnaviyatiga zang tushirmoqda.

Mazkur jarayonda ulkan maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash va oʻrganish, uni yoshlarga bezavol yetkazish, milliy va umumbashariy musiqa sanʼati yutuqlarini, jahon folklorining eng yaxshi namunalarini oʻrganish muhim. Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi, ertamiz egalarini umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalashda, ular qalbida buyuk madaniyatimiz hamda sanʼatimizdan faxrlanish tuygʻusini, doʻstlik, ezgulik, mehr-muruvvat rishtalarini mus­tahkamlashda katta oʻrin tutishi uning qadri va ahamiyatini yanada oshiradi.

Xalqimiz qoʻshiqni, kuyni sevadi. Ezgulik sogʻinib, yaxshilik qilishga intilib yashaydi. Intiq kutilayotgan xalqaro festival ham dillarimizni yayratishi, biz, ijodkorlarni yangi ijodiy parvozlar sari ruhlantirishi, ­shubhasiz.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?