Millionlarga sotilgan loyiha yoxud boshlanmasdan tugagan kinofilm

10:40 20 Avgust 2019 Madaniyat
174 0

Illyustrativ foto

Eʼlon:

“Samarqand shahrida ilk marotaba 7 yoshdan 70 yoshgacha oʻtkir syujetli “Qabr” filmiga kinokas­ting! Shoshiling, imkoniyatni qoʻldan boy bermang!

Manzil: Pastdargʻom tumani madaniyat boʻlimi zali”.

Pastdargʻom tumani Juma shahridagi madaniyat boʻlimi binosida va odamlar gavjum maskanlarda osilib, quyisida murojaat etish uchun telefon raqamlari koʻrsatib qoʻyilgan ushbu eʼlon katta-kichikni birdek qiziqtirib, ham shoshirib qoʻydi. Qiziqtirgani – viloyatlarda bunaqa kasting-pasting­lar hadeganda boʻlavermaydi-da! Shoshirgani – oʻrin tugab qolishi mumkin.

Axir, bu yerlik aholi ham boshqalar kabi kinolarda suratga tushishni, kerak boʻlsa tanilishni istaydi. Ayniqsa, eʼlon internet tarmoqlari orqali ham tarqalgach, nafaqat pastdargʻomliklar, balki qoʻshni tuman va viloyatliklarning ham eʼtiborini tortdi. Koʻcha-koʻyda va maktablarda ham kun mavzusi shu boʻldi.

“Sen toqqa borolmasang togʻ oʻzi keladi”, deganlari shu-da, mana tayyor imkoniyat. Qolaversa, suratga olinishi rejalashtirilayotgan film rejissyori – Rahim Rahimov poytaxtdan kelgan, bir qancha filmlarda mahoratli rollar ijrochisi ekan. Qoʻlida “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Yangiyoʻl shahar Kengashi Yosh rejissyorlar toʻgaragi rahbari” degan guvohnomasi ham bor.

Eʼlon ilinganiga hech qancha vaqt oʻtmay, tuman madaniyat boʻlimining eshigi yopilmay qoldi. Turli yoshdagi, kinoda rol oʻynash orzu­sidagilar kelib, omadlarini sinab koʻrishar edi. Rahim dastlab ularga shu kungacha olgan filmlari haqida maʼlumot berar va lavhalarini qoʻl telefoni orqali koʻrsatar edi. Soʻng endi olinishi kutilayotgan “Qabr” filmi, voqealar rivoji, qahramonlar obrazi, qayerda olinishi, muvaffaqiyati xususida toʻlib-toshib gapirardi. Ayniqsa, uning keng qamrovliligi, bir emas 5 nafar bosh qahramon va katta-kichik yoshdagi yordamchi qahramonlar obrazidan iboratligi koʻpchilikka manzur boʻldi, kastingdan oʻtib, ilinib qolishga ishonch tugʻdirdi.

Bosh qahramonga munosib nomzod

– O-oo, siz mening bosh qahramonimga juda mos kelasiz! – dedi bosh va oʻrtancha barmoqlarini bir-biriga qasirlatarkan Rahim Rahimov oʻzini Shahruz Imomov deb tanishtirgan, baland boʻyli, 26 yoshli yigitga. Soʻng uning atrofidan obdon aylandi, boʻy-basti, qomatini, ust-boshini koʻzdan kechirib, soʻzida davom etdi. – Faqat kinoga tushish uchun 1 200 AQSH dollaritoʻlashingizga toʻgʻri keladi. Kas­tingni talabi shunday, birinchidan, rolga tashqi koʻrinish va ijro eta olish jihatidan mos kelish, ikkinchidan, har kim oʻz roli uchun ketadigan sarf-xarajatni oʻzi toʻlash. Bosh qahramon boʻlaman deganlar juda koʻp (stol ustidagi ism-shariflar, telefon raqamlarning roʻyxati tushirilgan qogʻozga ishora qildi), xarajatiga ham tayyor, faqat ularning tashqi koʻrinishi toʻgʻri kelmayapti. Bu kinoda mashhur aktyorlar ham oʻynashadi, ular bilan tanishib, tanilib ketasiz. Vaqt qisqa, kechgacha oʻylab koʻring.

Soʻng eshikka qarab qichqirdi:

– Navbatdagi ishtirokchi! Kiring!

Shahruz kastingdan ogʻzi qulogʻida chiqdi.

– Atigi 1 200 ekan-ku, bitta sotkani narxi, ot bilan tuya boʻlarmidi, kinoga tushganim qoladi, – dedi xayolida. – Oʻzi zerikib yurgandim shu kunlarda, syomka bilan ancha vaqt chalgʻiyman.

Shu oʻyda uyidan kerakli miqdordagi pulni olib, Rahimga keltirib berdi.

– Mana bu boshqa gap, bosh qahramon oʻrni band boʻldi, – dedi Rahim Rahimov yon daftariga bir nimalarni yozarkan. – Yaqinda Toshkentga ketamiz, u yerda mashhurlar bilan suratga tushasiz. Darvoqe, shu yerda oladigan lavhalarimiz uchun hashamatli uy kerak, shu yumushni sizga topshirsam. Qarab yuring, nomzodlar aniq boʻlishi bilan ishni boshlaymiz.

Boʻlajak aktyor rejissyoridan topshiriqni olgach, ikkisi eski tanishlardek qaytadan quchoqlashib, xayrlashishdi.

“Quyib qoʻygandek oʻxshar ekanman”

Shu tumanlik Botir Gʻafforov ham kechadan beri uchib yuribdi. Yotsa ham, tursa ham xayolida kino olamiga sayohat. Kimsan taniqli aktyor Yodgor Saʼdiyev bilan birga rol oʻynarmish. Masala pishiq boʻlishi, rolini boshqa ilib ketmasligi uchun 900 AQSH dollarini toʻlab qoʻydi. Hademay azim shaharga ketishadi…

– Omadim chopgani shuki ikkinchi bosh qahramonga oʻxshashi va mosi topilmabdi, men quyib qoʻygandek oʻxshar ekanman, onajon, – deya qayta-qayta volidasini quchardi u.

Yosh iqtidorlarni izlab…

Tumandagi maktabning 7-sinf oʻquvchisi, voyaga yetmagan Halimjon Samadov ham kinoning ashaddiy ishqibozi. Oynai jahon orqali uzatiladigan biror film yoʻqki, u koʻrmagan boʻlsa. Orzusiyam shunga monand – kelgusida mazkur yoʻnalishda kadrlar tayyorlaydigan dargohda taʼlim olish. Maktabida oʻtkaziladigan turli adabiy kechalar ham usiz oʻtmaydi, sinf­doshlari bilan sahna asarlari ijro etib turadi.

“Qabr”ga ishtirokchilar saralanayotganini sinf­doshlaridan eshitgan kuni oʻzini qoʻyarga joy topolmadi, dars tugashini sabrsizlik bilan kutdi. Mashgʻulotlar nihoyasiga yetgach, oʻzidan uch sinf yuqorida oʻqiydigan amakivachchasi Anvar Abdikarimov bilan birga madaniyat boʻlimi sari otlandi.

– Aslida aynan sizlarga oʻxshash yosh talantlarni kashf etish uchun kelganman bu yerga, – dedi ularni xursand kutib olgan rejissyor. – Qishloqlarda iqtidorlilar koʻp, ular mehnat va musaffo tabiat bilan uygʻun ulgʻayishgani uchun rollarni tabiiy ijro etish qobiliyatiga ega boʻlishadi. Faqat kattalar tomonidan toʻgʻri yoʻnaltirilmagani, vaqtida eʼtibor berilmagani, shahardan uzoqda yashayotganlari bois hayotda oʻz oʻrnilarini topolmay sarson boʻlib yurishadi. Siz ana shunday yoshlardansiz, koʻzlaringizda katta iqtidor uchqunlarinikoʻryapman, imkonim boʻlganida bepul qabul qilardim. Ammo bozor iqtisodiyoti bunga yoʻl bermaydi. Xuddi sizlarbop ikki oʻrin qolganu, toʻlov masalasi bor-da…

– Ota-onam yaqinda Rossiyada ishlab keldilar, pullari koʻp,men uchun ayamaydilar, – dedi Halimjon va meni tanlang, iltimos degandek yalingannamo rejissyorga termuldi.

– Xoʻp, seni Yodgor Saʼdiyevning nabirasi roliga olaman, faqat roʻyxatga olishim uchun dastlab 300 ming soʻm, keyin syomka uchun 150 AQSHdollari berasan, – dedi Rahim Halimjonga.

Soʻng Anvarga oʻgirilib dedi:

– Sen 50 dollar bersang, buni oʻrtogʻi rolida oʻynaysan.

Ikki xolavachcha papkalarini qoʻltiqlab uylariga yugurishdi. Aytganidek, Halimjonning otasi oʻgʻlining raʼyini qaytarmadi, faqat rejissyorni koʻrishini aytdi. Taklifni eshitgach, Rahim Halimjonga ergashib ularnikiga keldi. Otaga guvohnomasini koʻrsatdi, maʼlumotlar berdi. Ishonch hosil qilgan ota unga 300 ming soʻmni tutqazdi. Shu kuni Anvar ham aytilgan mablagʻ (50 dollar)ni keltirib berdi.

Uch-toʻrt kun oʻtib Rahim Halimjonni chaqirib, 150 dollarni toʻlashni tezlatishini, aks holda oʻrniga boshqa talabgorni olishini eslatdi. Zum oʻtmay bu toʻlov ham bajarildi…

8 kunda 23 million!

Guvohi boʻlganingizdek, “Qabr” koʻpchilikni oʻziga tortdi. Ishsizlikdan zerikkanlar ham, maktab oʻqituvchilariyu oʻquvchilari ham bir-biridan eshitib, biri birisini yetaklashib kelaverishdi. Ularning baxtiga oʻrin koʻp – bosh qahramonlar, ularning yaqinlari; qimorboz, qimorbozning qoʻriqchisi, nabirasi va uning sinfdoshlari, sinfdoshlarining oʻrtoqlari… Xullas 8 kun davom etgan kastingda 30 nafar fuqaro qatnashib, ulardan 13 nafari, toʻgʻrirogʻi, sarmoyaga hissa qoʻsha oladiganlarning deyarli barchasi tanlab olindi.

Toʻlov miqdori ham rollardagi mavqelariga koʻra turlicha boʻldi. Yuqoridagilardan tashqari kollej oʻqituvchisi Shodiyor Abdullayev qimorboz roli uchun 1 000 000 soʻm, maktab oʻqituvchisi Aminjon Parpiyev qoʻriqchi roli uchun 800 000 soʻm, Boborahmat Bekov 8-sinf oʻquvchisi boʻlgan oʻgʻlining bosh rollardan birini oʻynashi uchun 700 000 soʻm, viloyat Yoshlar teatri aktyori Nuriddin Murodov boyning oʻgʻli roli uchun 400 000 soʻm, 9-sinf oʻquvchisi Dilnoza Moʻminova nabiraning sinfdoshi roli uchun 150 000 soʻm, 9-sinf oʻquvchisi Shahnoza Jumayeva 150 000 soʻm, 10 sinf oʻquvchilari Akbar Toshov va Muhsin Rahmatov 300 000 soʻmdan, Sattor Roziqov 250 000 soʻm (bular hammasi nabiraning sinfdoshlari rollari uchun!) toʻlashdi.

Xullas, kastingdan oʻtgan (!) jami 13 kishi 23 619 814 soʻm miqdoridagi pullarni qisqa vaqtda, qoʻshqoʻllab “Qabr”ga topshirishdi!

Rekord syomka

Nihoyat, intiqib kutilgan kun keldi.

Jamoa tushdan keyin alohida-alohida boʻlib avtomashinalarda Toshkent sari yoʻl olishdi. Yoʻl xarajatlari ham oʻzlaridan qop­landi. Kech boʻlib qolgani uchun R. Rahimovning Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi tanishi – Alinanikida tunashdi. Ertasi kuni poytaxt­dagi “Makro” supermarketining 3-qavatidagi restoranda yigʻilishdi. Hamma hayajonda, ayniqsa oʻquvchilar oʻzlariga sigʻmaydi, uzoq davom etadigan, qayta-qayta olinadigan lavha jarayonlaridan umidvor. Ular oʻzlari bilan turli-tuman kiyim-kechaklar ham olishgan.

Ammo negadir syomka juda qisqa boʻldi – atigi 3-4 daqiqa! Toʻsatdan gastrolga ketib qolgan ekan, shu bois Yogor Saʼdiyev ham kelmadi, uning oʻrniga boshqa aktyor bilan suratga tushishdi. Yana qaytib kelish vaʼdasi bilan Samarqandga qaytishdi. Filmning qolgan manzaralari viloyatning turli goʻshalari – koʻngilochar joylarda, kollej oldida,Botir Gʻafforovning togʻasiga tegishli hashamatli hovlida, Juma shahridagi bilyardxonada olindi…

Xorij uchun 4 800 dollar

Rahim Rahimov baquvvat sarmoyador, bosh rol ijrochisi Shahruz Imomovga yana qoʻngʻiroq qilib, yoniga tez yetib kelishini, zoʻr yangilik borligini aytdi.

– Hozirgina rahbariyat bilan gaplashdim, filmning davomini xorijda olinglar, degan topshiriq berishdi, bir emas, toʻrtta davlatga ketamiz, – dedi Rahim Shahruzni quchoq ochib kutib olarkan. – Shuning uchun 4 800 AQSH dollari toʻlashingiz kerak boʻlyapti. Faqat sizni olib ketamiz, qolgan barcha lavhalarni olib boʻldik. Toʻlov indindan kechikmasligi kerak. Keyingi oy uchib ketamiz.

Rahimning yonidan xoʻp boʻladi deb chiqqan Shahruzni bu gal gumonlar chulgʻay boshladi: “Bir rol uchun 6 000 dollar (avval 1 200 toʻlagan edi), yaʼni 50 million soʻmdan oshiq pul degani. Oʻzi shu paytgacha qilinayotgan ishlar ham rostga oʻxshamayapti, taniqli aktyorlarning qorasini koʻrmadik, bizni qiziqtirish uchun ularning nomini oʻylab topgani ham aniq. Garchi rejissyor boʻlmish hozir texnika rivoj­langani, mashhurlarni alohida suratga olib kompyuterda bu qahramonlar bilan bogʻlab yuborishi haqida aytayotgan boʻlsa-da xatti-harakatlar, jarayonlar koʻproq soxtalikdan darak berib turardi”.

Bunday shubhalar shu kunlarda boshqa ishtirokchilarning ham koʻnglidan oʻtayotgan edi. Toshkentga borib kelgan farzandlaridan syomka jarayoni haqida soʻragan ota-onalar ularning atigi 3-4 daqiqa “rasmga tushishgan”i, mashhur aktyor “kelolmagani” haqida eshitishganida firibgarning tuzogʻiga tushganliklarini anglashgan, tegishli huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qilib ham ulgurishgan edi.

Xuddi shunday Shahruz ham aldanganini, firibgarlik qurboni boʻlganini sezdi-yuholat yuzasidan tegishli idoraga arz qildi. Oʻz navbatida zarur choralar koʻrilib, Rahim Shahruzdan pulni olayotgan vaqtda guvohlar ishtirokida qoʻlga olindi.

Qanday jazo tayinlandi?

“Rejissyor”ning asl basharasini koʻrgan oʻquvchilarimizning koʻnglidan shu savol oʻtayotgani aniq. Toʻgʻrida, jinoyatga jazo muqarrar!

Sud Rahim Rahimovga tergov organi tomonidan qoʻyilgan aybni muhokama qilib, uning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi – firibgarlik, yaʼni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni takroran qoʻlga kiritish jinoyati deya toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi. Unga jazo turi va miqdorini belgilashda sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, gʻaraz va boshqa past niyatlarda jinoyat sodir etganini inobatga olish bilan birgalikda, aybiga toʻliq iqrorligi va qilgan ishidan pushaymonligi, yoshi, shaxsi, oilaviy sharoiti, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar toʻliq bartaraf qilinganini hisobga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzalish mumkin deb hisobladi. Xususan, har oylik ish haqidan 20 foiz miqdorida davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Nodonlarga nafratingiz ziyodaligidan “Bu jazo unga nisbatan yengil-ku, shuncha qilgʻilikni qilgan odamni ozodlikdan mahrum etish, yanada ogʻirroq jazo tayinlash lozim edi”, deyayotgan boʻlishingiz aniq. Toʻgʻri Rahim Rahimov egrilik yoʻlini tutdi, bu yoʻlda oʻzgalarning huquqini, ishonchinipoymol etdi. Biroq insonparvarlik tamoyillariga yoʻgʻrilgan amaldagi qonunlarimizda jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishi belgilangan. Bundanmurod bir tarafdan jabrlanuvchilarning huquqini qisqa vaqtda tiklash boʻlsa, ikkinchi tarafdan javobgarga oilasi, farzandlari, jamiyatdan ajralmagan holda toʻgʻri yoʻlga tushishiga imkon berishdir.

Ayb kimda?

Har bir jinoyat, uning kelib chiqishi, ishtirokchilari, sabab va omillari, javobgarlari-yu jabrlanuvchilarning xatti-harakatlari tahlil etilganda shu savol doimo koʻndalang boʻladi: “Aslida ayb kimda?. Ushbu firibgarlik jinoyatining sodir etilishiga kimlar sharoit yaratib berdi, kimlar hissa qoʻshdi?”

Hamma bir ovozdan “Jinoyatchida!” deyishi aniq. Bir qarashda shunday. Ammo masalaga chuqurroq yondoshadigan va uning takrorlanmasligini istagan holda erinmay tahlil qiladigan boʻlsak aybdorlarning koʻpligi ayon boʻladi (jinoyatning baʼzi oʻzga turi boʻlganida asosan jinoyatchining oʻzini ayblab qoʻya qolgan boʻlar edik). Zero, sud ocherklarini yozishdan asosiy maqsad ham shu aslida, boʻlib oʻtgan voqelikni bayon etish orqali voqealar rivoji, personajlar tili bilan qaysidir jinoyatning qanday sodir etilishi haqida oʻquvchida tasavvur uygʻotish va shunga oʻxshash holatlarga duch kelmaslik uchun har bir insonningoʻzida jinoyatning oldini olishga qarshi immunitet uygʻotishdir.

Sudlanuvchi Rahim Rahimov sudda bergan koʻrsatuvida aybiga toʻliq iqrorlik bildirib, ikki yil oldin “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan ishlangan ikkitakinoda rol ijro etgani, 2018-yil avgust oyida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Yangiyoʻl shahar Kengashiga Yosh rejissyorlar toʻgaragi rahbari lavozimiga ishga qabul qilingani, soʻng u yerdan ishdan ketgani, 2019-yil yanvar oyida pulga muhtoj boʻlib qolgani sababli firibgarlik yoʻli bilan pul topishni maqsad qilganini va buning uchun oʻzining kompyuterida fuqarolarni ishontirish uchun yuqorida zikr etilgan afisha tayyorlaganini soʻzladi. Soʻng Pastdargʻom tumani Juma shahridagi Madaniyat uyiga borib rahbariyatga oʻzini rejissyor sifatida tanishtirgani, isboti yuzasidan tushgan kinolarining diskini koʻrsatgani va ularning roziligidan soʻng eʼlonlarni yopishtirib, kastingni boshlaganini tan oldi.

Shu yerda biroz chekinish qilamiz. Chunki jinoyatning katta va zalvorli eshigi shu yerda ochildi! Nega deysizmi? Shungaki, boʻlim rahbariyati bu faoliyatga rozilik berishidan avval undan tegishli hujjat – kino olish uchun “Oʻzbekkino” milliy agentligidan maxsus ruxsatnomasi (kino-pinolarini emas!) bor-yoʻqligi soʻrashi kerak edi! Demak, tuman madaniyat boʻlimi mutasaddilarini aybdorlar roʻyxatiga bemalol kirita olamiz.

Ikkinchidan, Rahimning qoʻlidagi guvohnomaning amal qilish muddati oʻtgani ham hech kimni hayratga solmaganiga nima deysiz? Aytgancha, firibgar Yoshlar ittifoqi Yangiyoʻl shahar Kengashi tomonidan berilgan Yosh rejissyorlar toʻgaragi rahbari guvohnomasini koʻrsatish orqali talabgorlar va ota-onalarning ishonchiga kirgan, bu uning jirkanch maqsadini osongina amalga oshirishda qulay vosita boʻlgan. Agar unga shu hujjatni bergan tashkilot uni ishdan boʻshatayotganida mazkur guvohnomani qaytarib olish masalasiga befarq boʻlmaganida edi… Yana oʻsha gap. Ha, aytishingiz mumkin bunday hujjatni hozir kompyuter asrida bemalol soxtalashtirib yasab olishi mumkin, deb. Yashang, unda biz Yoshlar ittifoqi Yangiyoʻl shahar kengashining kadrlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻini aybdorlar roʻyxatiga kiritib oʻtirmasdik. Axir ayni firibgarlik jinoyati “tanishim bor, oʻqishga kiritib qoʻyaman”ga oʻxshash jinoyatlardan emas. Xullas Kengash mutasaddilari ham oʻz vazifasiga sovuqqonligi tufayli roʻyxatdan tushib qolmaydi.

Navbatdagi aybdorlar esa firibgarlik qurboni boʻlganlar – voyaga yetgan ishtirokchilar, voyaga yetmagan ishtirokchilarning ota-onalari yoki ularni qaramogʻiga olgan insonlar (chunki ayrim bolalarning ota-onalari Rossiya davlatiga ishlashga ketgani uchun ularni oʻz qaramogʻiga vaqtincha olgan qarindoshlari pulni berishgan). Qarshilik qilishga shoshilmang. Boshqa jinoyat turlaridan farqli oʻlaroq firibgarlik jinoyati ikki va koʻp tomonlama shaxslar tomonidan sodir etilishidir. Soddaroq aytganda laqqa tushiruvchi va laqqa tushuvchi (tushuvchilar). Ular oʻz huquqini yaxshi bilmagani, bilsa ham tavakkalchilikni maʼqul topganlari uchun bu jinoyatning sodir etilishiga sharoit yaratib berishgan. Agar ular bu hamkorlikni qonuniy shartnoma asosida tuzish va toʻlagan pullari uchun toʻlov chekini talab qilishganida (agentlik guvohnomasini soʻrash u yoqda tursin) olam guliston edi. Qishloq odamlari bunday yuridik harakatlarni bilishmaydi deyolmaymiz, tele-radio orqali muntazam uzatiladigan huquqiy eshittirish­lar quloqlariga chalinmagan boʻlishi mumkin emas. Undan koʻra ularni huquqini bilmaslikda emas, shartnoma talab qilsam, meni kas­tingdan oʻtkazmasligi mumkin, degan xavotir quli deb atasak, yanayam tuzukroq boʻlar.

Soʻnggi va kerak boʻlsa eng katta aybimiz, uni tuzatmasak bunday tuzoq qoʻyuvchilarning dumi uzilmasligi, qayta-qayta qurbon boʻlaverishimiz, ovorai sarsonlik toʻrida oʻralashib yuraverishimiz sababchisi – nafsimiz va uning quli boʻlganimizdir! Nafski – mol dunyoga, sox­ta obroʻga, mashhurlikka, kimoʻzarlikkaboʻlgan ishtiyoq. U eng katta dushmanimiz boʻlib, bizni doim aybdorlik sari yetaklayveradi, savobli ishlarni bajarishdan nari etadi. Natijada bizni jasaddan farqimiz qolmaydi. “Qabr”ga tushish uchun 8 kunda 23 milliondan oshiq mab­lagʻ yigʻildi. Ammo aminmizki, bir bechoraga yordam berish joiz boʻlsa qisqa vaqt tugul bir yilda ham buncha sarmoya yigʻilmaydi!

Xullas, davom etaylik desak, bu boradagi mulohazalarimizning keti uzilmaydi. Bularni ham oʻsha sarson yurtdoshlarimizga kuyunganimizdan aytyapmiz, oʻzlarining kamchiliklarini yaxshilab koʻrib olishlari uchun kattaroq oyna tutyapmiz, xolos. Zora kelgusida bu holatga ular ham, buni oʻqiyotganlar ham tushmasa, razillik­larga qarshi jamoatchilik asosida kurashsak.

Bundan boshqa niyatimiz yoʻq. Zero ommaviy axborot vositalarining asosiy maqsadi hamshu – xalq maʼnaviyatini yuksaltirish va dunyo­qarashini kengaytirishdir aslida!

Maqolada keltirilgan ism-familiyalar oʻzgartirilgan.

Habibulla CHINIYEV,

Jinoyat ishlari boʻyicha

Pastdargʻom tuman sudining raisi

Nurxon ELMIRZAYEVA,

“XXI asr” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?