Millionlab koʻchatlar ekildi, ammo...

18:46 12 Sentyabr 2018 Jamiyat
592 0
Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻsimliklar dunyosi hayot uchun zarur kislorodning asosiy manbaidir. Tadqiqotlarga qaraganda, bir gektar maydondagi daraxtlar bir kecha-kunduzda 220 — 275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180 — 215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor oʻrtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan taʼminlashga yetadi. Boshqacha aytganda, toʻrtta daraxt bir kishining kislorodga boʻlgan ehtiyojini qondiradi. Ushbu maʼlumotlarni bejiz keltirmadik. Xoʻsh, shunday ekan, mamlakatimizda yashil maydonlar yaratish, oʻrmonzorlarni kengaytirish, mavjud yashillik dunyosini muhofazalash boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda?

Muxbirlarimiz joylarda boʻlib, ana shu savollarga javob topishga harakat qildilar.

Qogʻozdagisi hisob emas
Har yili bahor mavsumida mamlakatimiz boʻylab minglab mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekiladi. Bu yaxshi anʼana, albatta. Ammo ularning qarovi-chi? Ildizi tutib ketdimi, koʻkardimi, parvarishiga kimdir eʼtibor beryaptimi? Mana shu jihatlar, ochigʻi, koʻpincha eʼtibordan chetda qolib ketayotgani ham ayni haqiqat. Vaholonki, ekish mavsumida qancha texnika, ishchi kuchi, mablagʻ sarflanadi?! Maqsad yashil hududlarni koʻpaytirishmi yoki shunchaki “Falon joyga faloncha nihol qadadik”, deya hisobotlarni doʻndirishmi? Agar yillar davomida ekilgan koʻchatlar vaqtida sugʻorilib, agrotexnika talablari asosida parvarishlanganda edi, allaqachon yurtimizning asosiy qismi yashillikka burkangan, oʻrmonzorlarga aylangan boʻlardi. Lekin unday boʻlmadi. Qani oʻsha manzara? Koʻklam kelganda esa yana yangi nihollar ekishga zoʻr beriladi...

Keling, aniq bir hudud misolida fikrimizni davom ettirsak. Bu yilgi Navroʻz bayrami munosabati bilan uyushtirilgan umumxalq xayriya hashari davomida birgina Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida 98 ming tupdan ortiq mevali, 376 ming tupdan ziyod manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilgani haqida maʼlumotlar berilgan. Mana, necha yildirki, bunday jimjimador hisobotlar yuqori idoralarga yuboriladi. Ammo har bahorda takrorlanadigan bu ezgu ishlarning keyingi ahvoli bilan na oʻsha idora, na uning biror mutasaddisi qiziqadi. Endi oʻylab koʻring, agar oʻtqazilgan nihollarning yarmi undirib olingan taqdirda ham vohada qanday goʻzal manzara yuzaga kelardi?

Biroq buning uchun rahbarlarda ozgina eʼtibor, boshqalarda esa fidoyilik, jonkuyarlik yetishmayapti chogʻi.

— Bundan 25 yillar avval tumanimiz markazidagi barcha markaziy koʻchalar yoqasida tuman jamoatchiligi tashabbusi va hamjihatligida archa koʻchatlari ekilgandi, — deydi boysunlik mehnat faxriysi Qobil Rashidov. — Eng muhimi, mehr bilan parvarish qilingan koʻchatlar bir tekis unib, baravj rivojlandi. Bugun togʻli Boysunga kelgan mahalliy va xorijiy mehmonlar yashillikka burkangan hududning oʻziga xos manzarasi, goʻzal tabiatiga beixtiyor tahsinlar aytishmoqda. Oʻz navbatida, koʻz oʻngimizda qishin-yozin yashil manzara kasb etadigan archa qatorlari atrof-muhit musaffoligini taʼminlashga ham xizmat qilyapti. Oʻylaymanki, bunday ezgu saʼy-harakatlarni keng ommalashtirish, yashil maydonlar yaratishga har birimiz hissa qoʻshmogʻimiz lozim. Ayniqsa, yoshlarimiz oʻrtasida ekologik madaniyatni keng targʻib qilish, ular qalbida tabiatga nisbatan mehr uygʻotishda biz, katta avlod vakillari ibrat namunasini koʻrsatishimiz kerak.

Surxondaryo viloyati oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Abdumoʻmin Rahmonovning aytishicha, 6 ta oʻrmon xoʻjaligi tomonidan 2017 yilda xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholiga 222883 tup, joriy yilda esa 282299 tup manzarali, mevali daraxt, shuningdek, buta koʻchatlari yetkazib berilgan.

— Avvalo, har bir unib-oʻsayotgan daraxt, bu — bizning umumiy boyligimiz boʻlib, uni himoyalashga barchamiz masʼul ekanligimizni unutmasligimiz lozim, — deydi u. — Aksariyat hollarda turli aksiya va tadbirlar uyushtirilib, koʻchat ekishga bel bogʻlanadi-yu, ammo niholning tutib ketishi uchun ozgina hafsala yetishmaydi. Oqibatda qanchadan-qancha nihollar ildiz otmay, qurib qoladi. Bu — masalaning bir jihati. Shu bilan birga, tabiatga, oʻsimliklar dunyosiga shafqatsizlarcha munosabat natijasida mavjud oʻrmonzorlarga ham ziyon yetkazilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ekmayapsizmi, hech boʻlmasa borini kesmang
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 iyundagi qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilib, uning nizomi tasdiqlandi. Unga koʻra, inspeksiya bioresurslar, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish, tiklash va ulardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Bioinspeksiyaning Surxondaryo viloyati tezkor guruhi tomonidan joriy yilning yetti oyi davomida jami 319 marotaba huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy ishlar yuritilgan. Jumladan, noqonuniy daraxt kesilishi va oʻsimlik dunyosidan foydalanish yuzasidan 276 ta maʼmuriy ish yuritilib,48 million 70 ming 773 soʻm maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.

— Daraxtlarning noqonuniy kesilishiga qarshi kurashish maqsadida muntazam reydlar oʻtkazib kelyapmiz, — deydi bioinspeksiyaning Surxondaryo viloyati tezkor guruhi bosh mutaxassisi Ilhom Mamatmurotov. — Jumladan, Boysun tumanidagi Qizilnavr mahallasida yashovchi fuqaro B. Safarov murojaati tezkor guruh inspektorlari tomonidan oʻrganilganda, Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi oʻrmon fondi yer maydonlaridan jami 59 tup tabiiy holda oʻsgan Zarafshon archasi tag qismidankesilgani, 32 tup tabiiy holda oʻsayotgan shunday archalarning yon shoxlari shikastlangani aniqlandi. Natijada oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan jami 56 million 993 ming soʻmlik zarar hisoblanib, toʻplangan tekshiruv hujjatlari Boysun tumani prokuraturasiga yuborildi. Zotan, bu kabi qoidabuzarlikka vaqtida qonuniy chora koʻrish talab etiladi.

Mutasaddilar nega befarq?
Termiz koʻchalari boʻylab kezarkansiz, har qadamda yangi imoratlar qurilayotganiga koʻzingiz tushadi. Biroq bugun deyarli qayta qad rostlayotgan shaharda yashil maydonlar nisbatan qisqarib bormoqda. Koʻp yillik daraxtlar siyraklashib borayotgan aksariyat koʻcha va xiyobonlarda quyosh nuridan panalashga joy yoʻq. Pakana daraxtlar soyasiga bosh suqish, afsuski, befoyda.

Qonun hujjatlariga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari xulosasi asosidagina berilishi mumkin.

Lekin birgina Termizda uzoq yillik daraxtlarning ayovsiz kesilishiga qaysi mutasaddi ruxsat berayotgani kishini ajablantiradi...

— Bizning korxonamiz Prezidentimizning “Avtomobil yoʻllarini koʻkalamzorlashtirish va arxitektura landshaft loyihalari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan oʻz faoliyatini boshladi, — deydi “Surxondaryo-yoʻlkoʻkalam” unitar korxonasi rahbari Bahrom Karimov. — Asosiy vazifamiz umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllarining zamonaviy arxitektura-badiiy qurilishi va landshaft dizayni, manzarali buta, koʻchat va daraxtlar ekish, yoʻllar atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iboratdir. Ayni maqsadda joriy yilning shu davriga qadar 1 milliard 284 million soʻmlik ishlar bajarildi. Xususan, avtomobil yoʻllari yoqalariga 25 ming 603 tup daraxt va buta hamda manzarali gul koʻchatlari ekilib, xodimlarimiz tomonidan muntazam ravishda parvarishlanmoqda.

Bu haqda eshitib quvonasan, kishi. Ishqilib, ushbu nihollar bexato tutib ketsin.

Ikki yarim mingta koʻchat qurib qoldi
Bu yilgi bahor mavsumida Termiz shahri hududida 8 mingdan ortiq mevali daraxtlar, 200 ming donadan ziyod turli xil gul koʻchatlari ekildi. Jumladan, shahardagi Mustaqillik va Xotira maydoni, istirohat bogʻlari hamda Islom Karimov, Alisher Navoiy, Taraqqiyot vaBarkamol avlod kabi koʻchalar hududida keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Lekin shuncha mehnat qilinishiga qaramasdan joriy mavsumda ekilgan 2,5 mingdan ortiq nihollar qurib qoldi.

— Termiz shahrining noqulay iqlim sharoiti, yaʼni kuchli shamol, yozning jaziramasi koʻchatlarning ildiz otib, gurkurab oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, — deydi Termiz shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Husniddin Karimov. — Bu masalaning bir jihati. Qolaversa, shahrimizdasugʻorish tizimining yoʻqligi bois aksariyat maydonlarni suv tashib, sugʻorishga majburmiz. Bor-yoʻgʻi 6 ta suv tashuvchi avtomashinada shahar hududini vaqtida sugʻorishning esa aslo iloji boʻlmayapti. Natijada yozning issigʻida chanqagan nihollar tezda nobud boʻlmoqda. Bundan tashqari, avtomobil yoʻllari yoqasidagi ming metrgacha maydonni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish uchun kamida toʻrt kishi uzluksiz mehnat qilishi talab etiladi. Demakki, ishchi kuchida ham yetishmovchiliklar mavjud. Menimcha, avvalo, shahardagi sugʻorish tizimini yaxshi yoʻlga qoʻyish, kerak boʻlsa, har bir daraxtni sugʻurtalab, gullab-yashnab ketishi uchun sharoit yaratsakkina, daraxt va gul ekish, obodonlashtirish ishlarida koʻzlagan maqsadga erisha olamiz. Aks holda...

Essiz, shuncha mehnat, vaqt va mablagʻ
“...Birgina 2017 yil davomida viloyatda 11,5 million tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi...”. “Fuqarolarimizning har biri 20 tupdan koʻchat ekish tadbirlarida uyushqoqlik bilan tashabbus koʻrsatdi”. Bu Fargʻona viloyatida koʻkalamzorlashtirish va yashil maydonlar muhofazasi borasida qilingan ishlar hisobotidan keltirilgan ayrim dalillar.

Lekin Fargʻona yoki Margʻilon koʻchalarini piyoda kezar ekansiz, yoʻl chetidagi qarovsizlikdan qurib yotgan nihollarni koʻrib, beixtiyor achinasan, kishi. Essiz shuncha mehnat, vaqt va mablagʻ... Bir paytlar Fargʻona vodiysining yashillik ramziga aylangan yuz yillik chinorlardan bugun asar ham qolmagan. Obodonlashtirish, bunyodkorlik nomi ostida uzoq yillik daraxtlarga qiron keltirildi.

— Hozir Belgiyadan keltirilgan 11 mingdan ortiq koʻp yillik buta oʻsimliklari bilan birga, kashtan, eman, lola daraxtlarini parvarishlayapmiz, — deydi Fargʻona shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Mashrabjon Mirxoliqov. — Bu qimmatbaho koʻchatlar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijdan keltirilganligi bois issiq iqlim sharoitimizga moslashib ketishi qiyin boʻlyapti. Ularni saqlab qolish va koʻkarib ketishini taʼminlash uchun koʻchatlarning har birini raqamlab chiqdik va ana shu raqamlar yordamida 800 ga yaqin ishchi-xodimlardan iborat guruhlarni doimiy parvarish uchun biriktirdik. Ayni paytda qatʼiy intizom va eʼtibor bilan harakat qilayotganligimiz bois koʻchatlarning 85 foizini saqlab qolishga erishdik. Biroq yoz saratoni, kutilmagan jazirama baribir bu noyobdaraxtlarga oʻz taʼsirinioʻtkazmay qolmadi.

Bagʻdod tumanida joriy yilda 2000 tupdan ziyod terak va mevali daraxtlardan tashqari 13 million soʻmlik mablagʻ evaziga 780 ta Qrim archasi va manzarali koʻchatlar oʻtqazilgan edi. Biroq bu manzarali daraxtlarning yarmi koʻkarmadi.

— Qrim archasi namchil va moʻʼtadil mintaqalarda oʻsadigan daraxt, — deydi Bagʻdod tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Maʼrufjon Toʻychiyev. — Bizning iqlim sharoitimizga u mutlaqo toʻgʻri kelmadi. Xodimlarimiz yoz chillasida uning tutib ketishi uchun qoʻlidan nimaiki kelsa, barcha chorani koʻrdi. Masalan, koʻchatlar tagidan namni qochirmadik. Tanasi ustidan suv sepdik. Har bir niholga alohida yondashildi. Lekinbaribir yoz jaziramasi oʻz taʼsirini koʻrsatdi...

“Hammasi koʻr-koʻrona bajariladi”
Yana hisobotlarga qaytsak. 2017 yildaFargʻona shahrida 3465 tup daraxt koʻchati oʻtqazilgan boʻlsa, 2018 yilda nobud boʻlgan manzarali daraxtlar oʻrniga 1280 tup koʻchat qayta oʻtqazilgan. 2018 yilning 28 mart holatiga koʻra, Fargʻona viloyatining 19 tuman va shahrida jami 11 946 tup kashtan, Qrim qaragʻayi, eman, Sharq tuyasi, yapon soforasi, katalpa, zarang, akatsiya, shumtol kabi noyob daraxtlar ekilgan.

Bunday daraxtlarning oʻtqazilgani ibratli, albatta. Biroq tanganingikki tomoni boʻlganidek, nega har yili yana shuncha daraxt ekilaveradi? Eng qizigʻi, bu maqsadlar uchun har yili tadbirkorlar, oʻqituvchiyu shifokorlardan homiylik yordami sifatida “yigʻdi-yigʻdi”lar boshlanadi. Kamiga mahalliy byudjetdan ham katta-katta mablagʻ ajratiladi. Lekin buning samarasini hech birimiz sezmayapmiz.

— Eman, kashtan, lola daraxtlari shoʻr va zax tuproqda umuman tutmaydi, — deydi Bagʻdod tumanida yashovchi nafaqadagi biologiya fani oʻqituvchisi, “Shuhrat” medali sohibi Oʻktamjon Abduboqiyev. — Rishton — Fargʻona shahri yoʻnalishidagi magistral yoʻl yoqasiga esa shagʻalli, quruqtuproqda unmaydigan Qrim qaragʻayi ekilgan. Bu hol esa, har qancha parvarishga zoʻr berilmasin, yozning saratonida koʻchatlarning qurib qolishiga sabab boʻladi. Menimcha, bu ishlarning hammasi koʻr-koʻrona amalga oshirilyapti. Shuning uchun, avvalo, tuman va shaharlarda faoliyat olib borayotgan obodonlashtirish boshqarmalaridakoʻchatchilikparvarishibilan bogʻliq kadrlar muammosini hal etish zarur.

Foto: “Xalq soʻzi”

Undirilgan jarima zararni qoplarmikan?..

Fargʻona viloyatida 2018 yilning birinchi yarim yilligida 148 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida 127 yuridik va jismoniy shaxsdan umumiy qiymati 106 million soʻmdan ortiq mablagʻ undirib olingan.

Fargʻona shahar obodonlashtirish boshqarmasining 2 nafar xodimi va Qoʻqon shahrida yashovchi O. Meliboyev oʻzaro til biriktirib, Fargʻona shahridagi Fargʻona koʻchasidan chinor daraxtlarini noqonuniy kesishi oqibatida oʻsimlik dunyosiga 9 million 900 ming 126 soʻm, Bagʻdod tumanidagi “Saidazim paxta va gʻalla” fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan esa tol daraxtlarini kestirish oqibatida1 million 231 ming 648 soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi va iqtisodiy sudga undirish uchun daʼvo kiritildi.

* * *

Koʻrib turganingizdek, hisobotlarga ishonadigan boʻlsak, mutasaddi idoralar ham yeng shimarib, tabiat kushandalariga nisbatan ayovsiz kurashmoqda. Lekin ularning saʼy-harakatlari kamdek, nazarimizda. Demak, har yili nomigagina daraxt ekib, keyin esa uni oʻz holiga tashlab qoʻyish “anʼanasi”dan voz kechib, har tup koʻchatga eʼtiborli boʻlish, oʻrmon va daraxtzorlarni kengaytirish orqali toza havo uchun kurashish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash, lozim paytda amaliy yordam berish har birimizning zimmamizdagi vazifa boʻlmogʻi lozim. Shundagina koʻzlangan maqsadga erishiladi, yurtimiz bogʻlarga burkanadi.
Yunus Boʻronov, Ilhom Rahmatov, Elyorjon Ehsonov,
“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?