“Milliy tiklanish” vakili OʻzLiDePni “buyurtmachi”, uning rahbarini “masalchi” deb atadi

15:36 20 Noyabr 2019 Siyosat
3986 0

Yolgʻonning umri qisqa, deyishadi. Ammo xaridorga otning kallasidek chegirmalar vaʼda qilgan doʻkonlardagi toʻpolonlar payti hech kim hech narsani eshitmaganidek, baʼzi bir tashkilotlar bugungi siyosiy talotoʻplar davrida oʻz “matoh”larini oʻtkazishga muvaffaq boʻlmoqdalar.

Xususan, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tagzaminsiz bayonotini aynan shunday toʻpolonlar payti ommalashtirilayotgan “matoh”ga oʻxshatish mumkin.

Gap shundaki, bundan uch-toʻrt kun avval partiya yetakchilari va blogerlar oʻrtasida anchayin qizgʻin muloqot boʻlib oʻtgan edi. Unda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev OʻzLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi Aktam Haitov janoblariga fermerlar kengashi fermerlarni, savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarni oʻz safiga majburiy aʼzo qilishi qonunga zidmi, yoʻqmi degan savol bilan murojaat qildi.

Masalaning nihoyatda jiddiy ekanini, “ha” desa minglab fermer va tadbirkorlar, “yoʻq” desa “katta”lar oldida izza boʻlishini chuqur anglagan partiya yetakchisi savolga masalchilarga xos tarzda javob qaytardi.

Bundan qoniqmagan bloger esa savolini yana qaytardi. Ammo bu safar ham “masalchilik mahorati” qaytarilib, ushbu savolga qonunchilik meʼyorlari batafsil oʻrganilib, keyinroq toʻla maʼlumot berishga vaʼda qilindi.

“Ishtaha dasturxonda keladi” deganlaridek, ziyrak bloger ham qaysarlik bilan oʻz savoliga shu tobda javob olish niyatida ekanini bildirdi. Shundan soʻng, suhbatga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov aralashib, bu holatda amaldagi qonunlar bir-biriga zid ekanini taʼkidladi va hamda mavjud vaziyatga vazminlik bilan izoh berdi.

Yaʼni “Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi qonunning 25-moddasida belgilangan “Fermer xoʻjaliklarining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiydir” normasi boshqa qonunlarga zid ekanini qayd etdi.

Agar ana shu holatga xolis koʻz bilan qaralsa, A.Qodirovning A.Haitov yoʻl qoʻygan xatoni tuzatish orqali vaziyatni yumshatishga uringani yaqqol koʻrinadi. Ammo OʻzLiDeP mutasaddilari bunday holatda oʻzlarini kamsitilgandek his qildilar chogʻi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga “buyurtma” berib, kengash bayonoti orqali oʻzlarini oqlamoqchi boʻldilar. Aslida esa ular ushbu bayonotlari bilan navbatdagi xatoga yoʻl qoʻydilar, desak xato boʻlmaydi.

Huquqshunoslikdan birozgina xabardor kishi ushbu bayonot “chokidagi iplar” arang turganini darrov ilgʻashi aniq. Hatto fermerlar kengashi ham oʻz yolgʻonlarini qonunlar asosida izohlashga qanchalik harakat qilmasin, oʻz yolgʻonlariga oʻzlari ham aldanib qoldilar.

Bayonotda fermerlarning Kengashga aʼzoligi mamlakatimizning asosiy Qonuni meʼyorlariga zid emasligi aytilib, Konstitutsiyaning jamoat birlashmalari toʻgʻrisidagi XIII bob, 56-moddasi asos sifatida keltirildi. Ammo ushbu moddada aʼzolik haqida emas, balki jamoat birlashmalariga taʼrif berilganini keyin sezib qoldilar chogʻi. Ammo endi kech edi…

Aʼzolik haqida esa Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VII bob, 34-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega ekani bayon qilingan. Yaʼni, bu yerda majburiylik belgilanmagan.

Shuningdek, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunning 2-moddasida nodavlat notijorat tashkilotlari jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilishi ham koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi qonunning 9-moddasida esa jamoat birlashmalarining faoliyatida ularning ustavlarida koʻzda tutilgan hollarda jamoa aʼzolari: korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mehnat jamoatlari, fuqarolarning birlashmalari ishtirok etishlari mumkinligi belgilangan.

Demak, koʻrinib turibdiki, har qanday nodavlat notijorat tashkilotiga aʼzo boʻlish ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi qatʼiy belgilangan.

Fikrimizga yanada aniqlik kiritadigan boʻlsak, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasi 3-qismiga asosan u yoki bu nodavlat notijorat tashkilotiga aʼzolik yoki uning faoliyatidagi ishtirokning koʻrsatilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bayonotida yana bir jihat borki, bu shunday nufuzli idora yuristlarining huquqiy xatolarini koʻrsatib turibdi. Kengash oʻz bayonotida kasaba uyushmalariga aʼzolik ixtiyoriy ekanini aytib, fermerlar kengashi kasaba uyushmasi emasligini uqtirmoqchi boʻladi. Bu bilan oʻzini “professional tashkilot”, deb eʼlon qilgan kengash xulosasini mantiqli xulosa, deb boʻlmaydi, albatta.

Kengash mutasaddilari bayonotni eʼlon qilishdan avval uni oʻqibdilaru uqmabdilar chogʻi.

Shu oʻrinda ular oʻz bayonotlarini “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun bilan izohlaganlarini ham taʼkidlash joiz. Ushbu qonunning 18-moddasi 2-qismida Fermer xoʻjaliklarining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiyligi belgilangan.

Tan olish kerak, bugun qonunchiligimizda bir-birini takrorlaydigan va bir-biriga zid boʻlgan koʻplab Qonun va qonunosti hujjatlari bor. Xususan, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunni ham shunday hujjatlar qatoriga qoʻshish mumkin. Chunki Qonunning 18-moddasi 2-qismi ham zamon zayli bilan qabul qilingan.

Bundan tashqari yuqoridagidek xatti-harakatlar fuqarolik kodeksi talablariga ham ziddir. Eslatib oʻtamiz, joriy yilda mazkur qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari, shu jumladan, OʻzLiDePning mashhur deputati Rasul Kusherbayev ham uni qabul qilishga qarshi ovoz bergan edi.

Shu oʻrinda yana bir taajjublanarli holat. Kengash ushbu bayonotni shu qadar shoshma-shosharlik bilan tayyorlaganki, hatto oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi asosiy qonun nomini ham xato yozishgan. Biz har qancha urinmaylik, kengash bayonotida qayd etilgan “Fermerlik toʻgʻrisida”gi qonunni topa olmadik. Ammo “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun bor.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi har qanday qonun aholining huquq va erkinliklariga zid ravishda qabul qilinmasligi kerak, deb hisoblaydi.

Konstitutsiyamizning 48-moddasiga koʻra, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqalarning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. Zamonaviy davlat va huquq nazariyasida bugungi zamonaviy rivojlangan davlatlar amaliyotida qabul qilingan har qanday qonunni ham “huquqiy qonun” sifatida eʼtirof etilmaslik amaliyoti mavjud. “Huquqiy qonun” oʻzida erkinlik, tenglik va adolat qoidalarini aks ettirishi shart. Shu nuqtayi nazardan, nodavlat notijorat tashkilotlariga aʼzolikni majbur qiladigan qonunning ushbu tamoyillarga qanchalar muvofiq ekanligiga baho berish oʻzingizga havola.

Shu munosabat bilan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarda barcha saylovchilarni nomzodlarga masʼuliyat bilan ovoz berishga chaqiradi.

Aziz saylovchilar! Parlamentda qaysi partiya ustuvor mavqega ega boʻlsa, aynan ana shu partiya vakillari Sizni amal qilishga majbur qiladigan qonunlarni qabul qilishi mumkinligini UNUTMANG.

Doniyor Toshboyev, OʻzMTDP Markaziy kengashi boʻlim boshligʻi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?