Milliy musiqa bayrami

09:36 16 Oktyabr 2019 Madaniyat
354 0

A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston akademik katta teatrida Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblining 60 yillik faoliyatiga bagʻishlangan tantanali kecha boʻlib oʻtdi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev ochib berdi.

Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi Yu.Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli 1959-yilda akademik Yu.Rajabiy tashabbusi bilan tuzilgan. Jamoa tarkibida J.Sultonov, O.Imomxoʻjayev, K.Ismoilova, B.Dovidova, T.Alimatov, K.Moʻminov, A.Ubaydullayev, I.Katayev, I.Toʻrayev kabi musiqa sanʼatimizning yetuk dargʻalari boʻlgan. Ular ijrosida Shashmaqom, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari magnit tasmasi hamda grammofon plastinkalarga yozib olinib, bir necha bor koʻpaytirilgan. Bugungi kunda Yu.Rajabiy nomidagi “Maqom”ansamblining badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilovdir.

Dastur avvalida Yu.Rajabiy nomidagi maqom ansamblining rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan bir guruh sanʼatkorlar, hofizlar-u baxshilarni taqdirlash marosimi boʻldi. “Men otamizga bagʻishlab mana shunday xotira kechasi tashkil etishganidan juda ham mamnun boʻldim. Doim otamizdan bizga meros boʻlib qolgan musiqiy xazinamizga yangi-yangi yoʻllarni, qochirimlarni qoʻshish haqida oʻylardim va qoʻldan kelgancha buni amalga oshirdim. Endi navbat yosh ijodkorlarga. Ayni damda Abduhoshim Ismoilovning qoʻshgan qochirimlarini tinglab, xursand boʻldim. Ana shunday davom etishingiz kerak,” – deya taʼkidladi Hasan Rajabiy.

Shundan soʻng Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan tarixiy teatr tadbirning badiiy qismini boshlab berdi. Buxoro, Xorazm, Fargʻona namunaviy maqom ansambllari hamda Yu.Rajabiy nomidagi maqom ansambli tomonidan milliy ashula va kuylarimiz ijro etildi. Tojikiston maqom ansamblining raisi Tojikiston xalq artisti A.Abdurashidov soʻzga chiqib, Shashmaqom oʻzbek va tojik xalqlarining betakror musiqiy merosi ekanligini taʼkidladi. Yu.Rajabiy nomidagi maqom ansamblining 60 yillik faoliyatiga bagʻishlangan kechaga Nodira gʻazaliga bastalangan “Mugʻulchayi Buzruk soqinomasi” yakun yasadi.

Dilshoda Olimova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?