Milliy kurash Islom birdamligi sport oʻyinlari dasturiga kiritiladi

17:11 10 Aprel 2019 Sport
418 0

Shu kunlarda Saudiya Arabistonning Jidda shahrida Islom birdamligi sport federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda. Quvonarlisi, unda xalqimizning milliy sport turi kurash endilikda Islom birdamligi sport oʻyinlari dasturiga kiritilishi maʼlum qilindi.

Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Jasur Matchanovning aytishicha, kurash musobaqalarini 2025 yilgi Islom birdamligi sport oʻyinlari dasturiga qoʻshish imkoni bor. Zero, mazkur gʻoya Islom birdamligi sport federatsiyasi va Osiyo oʻyinlari departamenti rahbariyati tomonidan maʼqullangan.

Oʻtgan qisqa davr ichida milliy kurashimiz koʻplab nufuzli sport musobaqalari dasturiga kiritilmoqda. Dastlab 2017 yili Turkmanistonning Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi V Osiyo oʻyinlari, keyinchalik 2018 yil Indoneziya mezbonlik qilgan XVIII Osiyo oʻyinlarida barchaga manzur boʻlgan milliy sport turimiz endilikda Islom birdamligi sport oʻyinlarida ham ushbu anʼanani davom ettiradi.

Yana bir yangilik. Maʼlumki, Jakartadagi Osiyo oʻyinlarida kurash boʻyicha 7 ta vazn toifasida medallar jamlanmasi oʻynalgan edi. Yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabax va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo oʻyinlari departamenti direktori Xaydar Farmon Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashuvidan soʻng keyingi Osiyo oʻyinlarida kurash boʻyicha 15 ta medallar jamlanmasi oʻynalishi borasida kelishuvga erishilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?