Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi WhatsApp va Telegramʼdan foydalanish xavfdan xoli emasligini aytdi

17:46 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
1219 0

Illyustrativ foto

“Agar sizda muqobil variant boʻlsa, WhatsApp yoki Telegramʼdan foydalanmang”, - dedi AQSH Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Eduard Snouden.

U WhatsApp va Telegramʼdan foydalanish xavfsiz emasligini taʼkidladi, deb xabar berdi RBK.

Snouden Fransiyaning France Inter radiostansiyasi muxbiri savollariga javob berar ekan, Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron xodimlari bilan aloqa uchun Telegramʼdan foydalanishi, hukumat rahbari Eduard Filipp esa vazirlar bilan WhatsApp orqali muloqot qilishini aytib oʻtgan.

“Ushbu dasturlarning istalgani SMS yoki kodlash tizimiga ega boʻlmagan telefondan afzal, lekin siz bosh vazir boʻlsangiz, mazkur tizimdan foydalanish juda xatarli. Agar hukumatda kim boʻlsa ham, WhatsAppʼdan foydalansa, bu xato”, - deydi u.

MXAning sobiq xodimining soʻzlariga koʻra, WhatsAppʼning egasi boʻlgan Facebook kompaniyasi suhbatlar eshitilmasligiga ishontirgan holda oʻz messenjeridan himoya tizimini “qavatma qavat” yechib olyapti. Zero, u shifrlanganicha qolaveradi.

“Ammo ular buni milliy xavfsizlik uchun qilishga intilishmoqda. Aslida bunday dasturlardan jamiyat xavfsizligi yoʻlida hech qachon foydalanilmagan, hamma ish hokimiyat, taʼsir, dunyodagi voqealarni mazkur tizimlarni boshqarayotganlar xohlagan yoʻnalishga oʻzgartirishdadir”, - deydi Snouden.

Uning soʻzlariga koʻra, har ikki dasturdan koʻra Signal yoki Wire messenjerlaridan foydalangan maʼqul.

Telegram asoschisi Pavel Durov esa oʻz mahsuloti mahfiyligi va xavfsizligi bois WhatsAppʼdan ustun ekanligini bir necha bor taʼkidlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?