Milliy gvardiya surishtiruv olib boruvchi hamda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar qatoriga qoʻshilmoqda

15:12 15 May 2019 Jamiyat
587 0

Ziyoda Ashurova, “Xalq soʻzi Online”. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining ikkinchi oʻqishda tayyorlangan tahririni koʻrib chiqdilar.

Bosh prokuratura tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilib, yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan va ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlangan ushbu hujjat loyihasida Jinoyat-protsessual kodeksida Milliy gvardiyani surishtiruv olib borish vakolatiga ega boʻlgan, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar qatoriga qoʻshish belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksi 2501-moddasining birinchi qismida (bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bogʻliq jinoyatlardan tashqari) va 2591-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha surishtiruv Milliy gvardiya surishtiruvchilari tomonidan olib borilishi nazarda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda Milliy gvardiyaning mansabdor shaxslari tomonidan bir qator holatlarda, yaʼni 1851-moddada (pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) va 2101-moddada (oʻta muhim va toifalangan obyektlarga kirish-chiqish rejimini buzish yoki ushbu obyektlarning qoʻriqlanishini taʼminlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilib, bayonnomani ilova qilinadigan materiallar bilan birgalikda koʻrib chiqish uchun sudga yuborilishini belgilashga oid yangi normalar mustahkamlanmoqda.

Qoʻmita aʼzolari ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasi barcha siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzolari hamda tegishli ekspert va mutaxassislar tomonidan qoʻllab-quvvatlanganini qayd etdilar.

Yaqin kunlarda mazkur qonun loyihasi maromiga yetkazilib, deputatlar muhokamasiga ikkinchi oʻqishda kiritilishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?