Milliy gvardiya Prezident korteji yoʻliga chiqmoqchi boʻlgan ayollar hibsga olinganini rad etdi

10:27 20 Iyun 2019 Jamiyat
566 0

Xotin-qizlar qoʻmitasiga shikoyat qilib kelgan ayollarning Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan hibsga olingani toʻgʻrisidagi xabarga Milliy gvardiya Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

2019-yil 20-may kuni soat taxminan 08:45 larda fuqarolar Tashmatova Gulbahor Davranbekovna, Xaitova Malika Abduraimjonovna, Akbarova Muhabbat Gʻaniyevna, Karimbekova Gulbahor Rustambekovna va Ergasheva Xursanoy Xolboyevnalar Mirzo Ulugʻbek tumani, Mustaqillik shoh koʻchasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar Qoʻmitasi binosi qarshisida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining harakatlanishi uchun moʻljallangan maxsus yoʻnalishda toʻplanib, davlat rahbarining mazkur yoʻnalishdan harakatlanishini bilgan holda, maxsus yoʻnalishda harakatlanayotgan kortej yoʻliga chiqib murojaat qilmoqchi boʻlganlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ushbu fuqarolarga mazkur yoʻnalish boʻylab toʻplanib turish va davlat rahbariga bunday tarzda murojaat qilish mumkin emasligini, oʻzlarini qiziqtirayotgan savollari bilan tegishli tartibda murojaat qilish lozimligini tushuntirib, maxsus yoʻnalishdan chetroqda turish kerakligini aytganlarida, yuqorida ismlari qayd etilgan fuqarolar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini haqorat qilib, shovqin-suron koʻtarishib, qonun doirasidagi talablarni bajarishdan bosh tortib, qarshilik koʻrsatganlariga qaramasdan maxsus yoʻnalish uchun javobgar boʻlgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari belgilangan tartibni taʼminlaganlar.

Yuqorida nomlari zikr etilgan fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlari boʻyicha surishtiruvni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining masʼul xodimlari oʻtkazgan. Oʻzlarini “jabrlanuvchi” qilib koʻrsatayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan surishtiruv materiallari asosida Sud organi qonuniy baho berib, ularga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilagan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari sudlarga berilgan vakolatlarga ega emas.

“Hurmatli vatandoshlar!

Mamlakatimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilayotgan, jamoat tartibini saqlashga masʼul harbiy xizmatchi va xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida bergan koʻrsatmalarini toʻgʻri qabul qilishingizni soʻrab qolamiz.

Zero, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga safarbar etilgan organ xodimlariga har qanday xatti-harakatlarga sinchkovlik bilan eʼtibor qaratish vazifasi yuklatilgan.

Aziz hamyurtlar! Agarda uchinchi shaxslar tomonidan Sizning huquqlaringiz poymol etilgan boʻlsa yoki biror bir shikoyat-arzingiz davlat tashkilotlari tomonidan qonuniy hal qilinmayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari eshiklari Siz uchun doimo ochiqdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoyozuvlar hamda postlarda aks etayotgan asossiz maʼlumotlarga ishonib, davlat tashkilotlari va fuqarolarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazuvchi, majburan yuzaga kelayotgan xatti-harakatlaringiz esa maʼlum bir koʻrinishdagi javobgarlikka olib keladi”, deyiladi Milliy gvardiya matbuot xizmati xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?