“Milliy gvardiya nima uchun tashkil etildi?” Bugun shu nomdagi yangi hujjatli film “Oʻzbekiston 24” telekanalida namoyish etiladi

16:16 28 Avgust 2018 Jamiyat
615 0

Bugun, 28 avgust kuni soat 20:30 da “Oʻzbekiston 24” telekanalida Milliy gvardiya faoliyatiga bagʻishlangan hujjatli film namoyish qilinadi.

Ssenariy muallifi, jurnalist Fozil Farhod Sputnik muxbiriga filmning yaratilishi tarixi, hujjatli filmda suratga olish jarayoniga kimlar jalb etilgani haqida soʻzlab berdi.

“Film ijodiy guruhi shu darajada qattiq ishladi-ki, bu jarayon xotiramizdan bir umr chiqmasa kerak. Masalan, filmning boshlanishiga bizga quyosh chiqishi va uning fonida milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining yugurayotgan sahnasi kerak edi. Jizzaxdamiz. Milliy gvardiyachilar bizga Amir Temur darvozasini taklif qildi. Tong soat 4 atrofida oqaradi, biz esa ungacha tasvirga olish joyiga yetib borishimiz kerak. Aksiga olib, syomka maydonimizni avvaldan koʻrmaganmiz. Xudoga tavakkal qilib, soat 02:30 da turib, uchdan oʻtganda toqqa yoʻl oldik va togʻ tepasiga kameralarimizni oʻrnatdik. Quyosh tasvirdan tashqarida chiqib qolish xavfi ham bor edi. Ammo, shukr, unday boʻlmadi. Kutganimizday goʻzal kadrni tarixga muhrladik”, – deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, u film ssenariysini joriy yil iyul oyining 10 sanasidan yoza boshlagan va xomaki varianti bir hafta ichida tayyor boʻlgan.

Tasvirga olish ishlari Toshkent viloyati tumanlarida, Jizzax shahrida, Forish tumanida, Toshkent shahrida kechgan.

“Avgustning boshida tasvirga olish ishlarini yakunlab, montajga oʻtirdik. Naqd bir oycha vaqt ketdi unga ham. Hatto Jizzaxda yaxshi chiqmagan stend-apimizni tongda ikki avtobus milliy gvardiya yigitlari bilan Chorvoq suv ombori tepasiga chiqib, qayta yozib keldik. Filmda katta ijodiy jamoa mehnat qildi. Film ssenariysi muallifi sifatida film oxiridagi titrda kichik mehnati singan insonlarni-da, qoldirmay, hamma-hammaning ismi-sharifini kiritdim. Ijodiy guruhga haydovchilarning ismi-familiyasini yozayotganimda, hamkasblarimdan biri hazil qilib luqma ham tashladi: “Oshxonadagi oshpazlar ham qolib ketdi, ularni ham yozing!” – deb. Kimnidir qoldirib ketsam, adolatsizlik boʻlardi”, – deb qoʻshimcha qiladi ijodkor.

Taʼkidlanishicha, film qahramonlari milliy gvardiya harbiylaridan tanlangan.

“Chunki kuzatganimda, ular orasida, qiyofasi aktyorlarnikidan-da aʼlo chehralar bor edi. Masalan, Jizzax shahrida Mirsodiq ismli milliy gvardiyachi yigitni oilasi bilan birga tasvirga oldik. U koʻp vaqti ishda oʻtishi, lekin shunga qaramay, oilasiga, ikki farzandiga mehr berishga harakat qilishini soʻzlab berdi”, – deb boʻlishadi jurnalist.

Fozil Farhod filmdan “koʻnglim toʻldi” deb ayta olmasligini tan oladi.

Negaki, taʼtil mahal boʻlgani bois, milliy gvardiya taʼlim muassasalarida toʻliq syomka qilishning imkoni boʻlmadi. Ssenariyda koʻrsatilgan baʼzi sahnalar tasvirga olinmasdan qolib ketdi. “Boriga-baraka” deyishdan oʻzga choramiz qolmadi. Filmda biz endigina tashkil etilganiga bir yil boʻlgan maxsus harbiy boʻlinmaning faoliyatiga nazar tashlashga, ularni ochib berishga, umuman odamlarning: “Gvardiya nima oʻzi? U nimaga tashkil boʻldi?” degan savollariga javob berishga harakat qildik. Bu vazifani qanchalik uddalay oldik yo yoʻq, bilmadim, bahoni tomoshabin beradi”, – deb suhbatga yakun yasadi rejissyor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?