Milliy gvardiya institutiga oʻqishga qabul qilish tartibi maʼlum boʻldi

22:05 22 Fevral 2020 Jamiyat
3643 0

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanadi.

Institutga oʻqishga kirishni xohlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining Institutga qabul oʻrinlarini ajratish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.

Institut kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun:

harbiy-professional yoʻnalish;

dastlabki tanlash;

harbiy-professional tanlash;

test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.

Institutga oʻqishga kirish uchun nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentyabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.

Institutni bitirgandan keyin oʻqishni tugatgandan soʻng tuzilgan kontrakt boʻyicha koʻzda tutilgan muddat tugamasdan harbiy xizmatni oʻtashdan bosh tortgan, shuningdek kontrakt shartlarini bajarmaganligi, sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligi sababli boʻshatilayotgan yoki bunday kontraktni tuzishdan bosh tortgan harbiy xizmatchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uni oʻqitish uchun sarflangan byudjet mablagʻlarini davlatga qoplab berishi toʻgʻrisida nomzodlar va ularning ota-onalari muvofiq shaklda yozma ravishda ogohlantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan har yilning 1-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga kelgusi yil uchun Institutga qabul qilinuvchi nomzodlar soni toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qilinadi.

Institutga qabul qilinuvchi nomzodlarni dastlabki tanlash tadbirlarini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalariga topshiriq beriladi.

Institutga oʻqishga qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻi bilan qabul komissiyasi tuziladi va ularning tarkibi tasdiqlanadi.

Qabul komissiyasiga Institut boshligʻi rahbarlik qiladi.

Qabul komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tegishli tarkibiy tuzilmalarining mutaxassislari kiritiladi.

Qabul komissiyasi qabul yilining 10-martidan 1-sentyabriga qadar faoliyat yuritadi.

Nomzodlardan arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1-fevralidan 1-apreliga qadar qabul qilinadi.

Fuqaro yoshlar tomonidan mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ariza (bildirgi);

pasport (harbiy guvohnoma) nusxasi;

tugʻilganlik haqida guvohnoma nusxasi;

chaqiriluvchining chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;

nomzod tomonidan qoʻlda va kompyuterda yozilgan tarjimayi hol;

anketa;

oʻqish, ish yoki xizmatni oʻtash joyidan (agar oʻqiyotgan, ishlayotgan yoki xizmatni oʻtayotgan boʻlsa) tavsifnoma hamda maʼlumotnoma;

ota-onasining ish joyidan maʼlumotnoma (agar ishlayotgan boʻlsa);

ota-onasining Institutga oʻqishga kirishiga rozilik xati;

maʼlumoti toʻgʻrisidagi (umumiy oʻrta, akademik litseylar va oʻrta maxsus professional taʼlim) hujjatlar (asli va nusxasi) hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi;

Institutga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi);

yaqin qarindoshlar orasida vafot etganlar boʻlsa, ularning oʻlim haqida guvohnomasining nusxasi;

3 x 4 sm oʻlchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm oʻlchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);

davlat sirlaridan foydalanishga ijozat berishning tegishli shakli uchun zarur boʻlgan hujjatlar;

nomzodning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organidan jinoiy javobgarlikka tortilmaganligi va sudlanmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (harbiy xizmatchilar mazkur maʼlumotnomani taqdim qilishi talab etilmaydi).

Nomzoddan ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish uchun qoʻshimcha ravishda zarur hujjatlar va maʼlumotlar talab qilinishi yoki tegishli tashkilotlardan soʻrab olinishi mumkin.

Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda pasport, tugʻilganlik haqida guvohnoma, chaqiriluvchining chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoxud chaqiriluvchining harbiy guvohnomasi shaxsan koʻrsatiladi.

Harbiy xizmatchilar tarkibidagi nomzodlar tomonidan oʻz xizmat oʻtash joyiga nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Institutga oʻqishga kirishga tavsiyalovchi hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga — harbiy boʻlinmaning umumiy yigʻilishi bayonnomasidan koʻchirma, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarga esa — harbiy qismning attestatsiya komissiyasi yigʻilish bayonnomasidan koʻchirma);

Davlat sirlaridan foydalanish uchun tegishli shakl boʻyicha ijozatnoma (ruxsatnoma) mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (faqat tegishli shakl boʻyicha ijozatnoma (ruxsatnoma)si mavjud boʻlganlar uchun);

harbiy qismlar (muassasalar) va boʻlinmalarning komandirlari (boshliqlari) tomonidan berilgan iltimosnoma.

Fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilarga davlat sirlaridan foydalanishga ijozat berishning tegishli shakli boʻyicha ijozatnoma (ruxsatnoma) Mudofaa ishlari boʻyicha boʻlim va boshqarmalar tomonidan rasmiylashtiriladi.

Ijozatnomasi (ruxsatnomasi) mavjud boʻlmagan harbiy xizmatchilar uchun ijozatnomani (ruxsatnoma)ni rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan materiallar belgilangan tartibda harbiy qismlar (muassasalar) komandirlari (boshliqlari) tomonidan Mudofaa ishlari boʻyicha boʻlim va boshqarmalariga har yilning 5-apreliga qadar yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?