Milliy gvardiya delegatsiyasi Ostankinoni qoʻriqlash tizimi bilan yaqindan tanishdi

16:20 13 Fevral 2019 Jamiyat
633 0

Foto: Sputnik

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga toʻrt kunlik rasmiy safarini boshladi. Bu haqda “Parlamentskaya gazeta” manbasi Rosgvardiya rasmiy vakili general-mayor Valeriy Gribakinga asoslanib xabar berdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Shuhrat Shokirov boshchilik qilmoqda.

“Tashrif davomida ular Rosgvardiyaning noidoraviy qoʻriqlash boʻlinmasi xizmat faoliyati bilan tanishishadi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qoʻshinlari federal xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi oʻrtasida 2019 yilga hamkorlik rejasini imzolash koʻzda tutilyapti”, - dedi V.Gribakin.

Uning soʻzlariga koʻra, delegatsiya aʼzolari ishchi safarning birinchi kuni Ostankino teleminorasiga tashrif buyurishdi. Ular telemarkazni muhofaza qilish tartibi bilan tanishtirildi.

Safar davomida mehmonlarga Rosgvardiya boʻlinmalari tomonidan qoʻllaniladigan vositalar va avtotransportlar namoyish etiladi. Oʻz navbatida ular avtomobil nazorat-oʻtkazish punkti va harbiy komendatura joylashuvi, MIFI lazer va nanomarkazlari, Rosgvardiyaning Moskva oblasti boʻyicha Bosh boshqarmasi navbatchilik qismi faoliyatiga bevosita guvoh boʻlishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?