Milliy gʻoya — bizning gʻoyamiz

12:29 21 Avgust 2019 Jamiyat
245 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Yosh avlod ongu shuuriga tahdid soluvchi omillar nima? Eng avvalo, biz uchun yot gʻoyalar! Bu, ayniqsa, hozirgi globallashuv davriga xos. Zero, dunyoda kechayotgan jarayonlar, ayovsiz raqobat muhitida mafkuralar oʻrtasidagi kurash tobora keskinlashmoqda. Oqibatda buzgʻunchi gʻoyalar urchigandan-urchib, nosogʻlom qarashlar kuchayayotir. Xoʻsh, bunga qarshi qanday kurashmoq kerak? Albatta, milliy gʻoya bilan!

Jamiyatimizda maʼnaviyat masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanishi — ayni shu ehtiyoj hosilasi. Axir xalqni chinakam maʼnoda xalq qiladigan, birlashtiradigan, hamjihat etadigan omil, bu — milliy oʻzlik! Xalq maʼnaviyati, azaliy qadriyatlaru urf-odatlarimizni boy bermaslik uchun esa bizga milliy gʻoya suv va havodek zarur.

Tasavvur qiling: kimdir kelib farzandimizni, ukamiz yo singlimizni nohaq ranjitsa, unga panadan tosh otsa, qanchalar junbushga kelamiz? Tabiiyki, qandaydir ichki bir kuch, yashirin tugʻyon bizni harakatga undaydi. Darhol yaqinlarimizga qalqon boʻlishga otlanamiz. ­Vatan va uning har bir farzandi oʻrtasida ham xuddi shunday mustahkam rishta boʻlishi zarur. Buning birgina yoʻli — Vatanni sevish! Qalbni maʼnaviyat bilan sugʻormoq! Milliy oʻzlikni teran anglash! Mamlakat va millat oldidagi masʼuliyatni his etish! Bu fazilatlar insonga nima beradi? Kamolot, milliy yuksalish, milliy gʻurur, qoʻyingki, jamiki ezgu fazilatlarni... Binobarin, Vatanga taraqqiyot, islohotlarga quvvat bagʻishlaydi.

Taassufki, oʻtgan yillarda bu borada ancha oqsoqliklar yuzaga keldi. Chunki maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga bir yoqlama yondashdik. Oqibatda mamlakatimizda milliy gʻoya va maʼnaviyat targʻiboti oʻz holiga tashlab qoʻyildi.

Shu sababdan Prezidentimiz, joriy yilning oʻzida ushbu yoʻnalishda ikkita muhim hujjat — 8-aprel kuni “Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy gʻoyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyish hamda 3-may kuni “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.

Bundan tashqari, davlatimiz ­rahbari raisligida shu yil 14-avgust kuni mamlakatimizni ijti­moiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni boʻyicha belgilangan prognoz parametr­lariga erishishni taʼminlaydigan ­ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda ham mazkur masalalar tahliliga alohida urgʻu berildi.

Chiqarilgan xulosalar, belgilangan kechiktirib boʻlmas vazifalarning muxtasar mohiyati shunday: bu sohada boy berilgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda “Milliy tiklanishdan milliy ­yuksalish sari” degan gʻoya asosida jamiyatimizning maʼnaviy va mafkuraviy negizlarini rivojlantirish boʻyicha koʻplab amaliy ishlarni olib borish joiz. Zotan, ­xalqimiz, davlatimiz, har birimiz, oʻz kelajagimiz bardavomligini oʻzimiz taʼminlamasak, buni bizga chetdan kelib birov qilib ­bermaydi.

Bu borada soha mutasaddilari, mutaxassislar, jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Yuksalishga eltuvchi yoʻl

Inson inson boʻlgani uchun hurmatga loyiq! Buyuk mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiy “El netib topqay menikim, men oʻzimni topmasam” deganida har bir inson oʻzini qadrlashi, anglashi va rivojlanishi, shundan keyingina uni el tanishi, eʼtirof etishi va hurmat qilishi mumkinligini taʼkidlagan.

Bugungi tez oʻzgaruvchan munosabatlar negizida “Manfaat, — Adam Smit aytganidek, — harakatlantiruvchi kuch” emas, aksincha qiron keltiruvchi kuchga aylanib bormoqda. Xoʻsh, daromad ilinjida insonni oyoqosti qilib, xoʻrlab, ushbu bunyodkor kuchni buzgʻunchilikka yoʻnaltirayotganlar kimlar? Oʻzini oʻzi xor qilayotganlar-chi? Insonlarning oʻzlari emasmi?

Oʻzbekistonda bugun aholi muammolarini hal qilish, yurtdoshlarimiz turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Odamlarning yillab eʼtibordan chetda qolib ketgan ogʻriqli muammosi — uy-joyga ehtiyojini hal qilish, taʼminlash maqsadida soʻnggi yillarda barpo etilgan turarjoylar 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan ke­yin qurilgan imoratlar sonidan 10 barobar oshib ketdi! Bu davlatning daromadlari koʻpayib ketganidan emas, balki qanchalar qiyin boʻlmasin, fuqarolarning birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun olib borilayotgan ­islohotlardir. Soddaroq qilib aytganda, inson qadr-qimmatini tiklash uchun tanlangan mashaqqatli yoʻldir.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, doimiy daromad manbaini shakllantirish ham ustuvor vazifaga aylangan. Shu maqsadda odamlarimiz uchun imtiyozli kredit yoʻnalishlari ochilmoqda. Maxsus davlat fondlari orqali aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha davlat das­turlari qabul qilinyapti. Xarobaga aylangan qishloq yoki mahallalar navbati bilan shinam va obod manzillarga aylantirilmoqda. Axir oʻz boshpanasi yoʻq insonga Vatanga egalik qilish haqida gapirish qanchalik toʻgʻri? Negaki, inson oʻzini hurmat qila boshlasa, soʻng farzandlariga, atrofidagilarga, Vataniga munosabati oʻzgaradi. Qolaversa, oʻzini hurmat qilgan kishi, albatta, intizomli boʻladi. Oʻzi maʼqullagan qonunlarga itoat qiladi. Qonun — fuqarolar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvdir. Ushbu kelishuvni qayd etish, rasmiylashtirish, amal qilish va ijrosini nazorat qilish tizimi — jamoatchilik nazoratining barchaga barobar tushunarli boʻlishi jamiyatning komillik darajasini, oʻz nav­batida, davlatning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini belgilab beradi. Tartib-intizom, oʻzaro hurmat boʻlgan jamiyat yuksalish yoʻlini tez topib oladi va ushbu yoʻlda sobitqadam ilgarilaydi.

Kim tinch, farovon va xotirjam yashashni istamaydi? Lekin bunga ­erishish yoʻli qayerda? Insonning oʻzida! Axir u oʻz hayotini oʻzi quradi. Ilm oladi, kasb oʻrganadi va ezgu ishlari bilan hayotiga mazmun kiritadi.

Shu maʼnoda, fuqarolarning oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishlari, anglab yetishlari hamda ularga amal qilishlari xotirjam va farovon hayot kechirishning garovidir.

Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev “Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash amalga oshiri­layotgan barcha islohotlar samaradorligining kafolatidir, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda tinchlik, totuvlik va bar­qarorlikni taʼminlashning eng muhim ­omilidir”, deb bejiz taʼkidlamagan.

Albatta, inson uchun ­Vatan zarur. Bu uning orzu-umidlari, oʻzligini roʻyobga chiqarishi uchun ham kerak!

Vatan — inson tugʻilib oʻsgan, ota-bobolari yashab oʻtgan va avlodlarining tinch hamda xotirjam yashab oʻtishi taʼminlanishi zarur boʻlgan tabarruk zamin. Ota-onani tanlab boʻlmaganidek, Vatanni ham tanlab boʻlmaydi. Shunday ekan, shukronalik, avvalo, ­Vatan tuygʻusini anglab yetishdan boshlanadi. Inson oʻzi tugʻilib oʻsgan joyidan, Vatanidan uzoqda yashashi, rivojlanishi mumkin, lekin ­Vatani va vatandoshlariga yomonlik tilashi mumkin emas.

Demak, inson oʻzi qadr­langan jamiyatdagina taraqqiyot va yuksalish haqida rejalar tuza oladi. Chunki milliy yuksalish — oʻzini, oʻzligini, Vatani va vatandoshlarini ­anglagan hamda qadr­lagan ongli, fidoyi va sadoqatli insonlarning hamjihatlikdagi harakati natijasidir.

Alisher QODIROV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?