Milliy bank raisi Oʻzbekiston tennis federatsiyasiga yangi rahbar boʻldi

10:41 07 Mart 2020 Sport
571 0

Kecha Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala edi, deb xabar berdi MOQ.

Konferensiyani Oʻzbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi, Osiyo tennis federatsiyasi vitse-prezidenti Iroda Toʻlaganova olib bordi va dastlab federatsiya faoliyatidagi yangiliklar, yutuq va kamchiliklar haqida hisobot oʻqib-eshittirdi. Shundan soʻng federatsiyaning yangi rahbarligiga Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Qudratullayevich Mirsoatov nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va Alisher Mirsoatov Oʻzbekiston tennis federatsiyasining yangi raisi deb eʼlon qilindi.

Shundan soʻng MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov hamda Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov nomzod haqida oʻz fikrlarini bildirib, yangi rahbarning faoliyatida omad tilashdi.

“Tennis sport turida bizning boy tariximiz va anʼanalarimiz bor. Iroda Toʻlaganova oʻzbek tennisining haqiqiy afsonlaridan biri va hozirda biz bilan tennisni rivojlantirish yoʻlida yelkama-yelka mehnat qilmoqda. Sir emaski, qayerda hukumat tomonidan eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash boʻlsa, u albatta, oʻz samarasini beradi. Hozirda davlatimiz tomonidan sport sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Aminmanki, bu eʼtibor yaqin yillar ichida oʻz samarasini beradi. Biz bu yilgi Olimpiadadan tashqari “Parij-2024” boʻyicha ham tegishli reja ishlab chiqqanmiz. Yangi rahbaringizdagi ulkan tajriba bilan yuksak natijalarga erishishingizga ishonaman. Shu bilan birgalikda federatsiyani uzoq yillar davomida boshqarib kelgan Rustam Inoyatovga ham alohida minnatdorchilik izhor etaman. Aynan shu kishining boshqaruvida tennis federatsiyasida ish darhaqiqat professional tarzda yoʻlga qoʻyildi. Shu munosabat bilan ijozatingiz bilan Rustam Rasulevichni federatsiyaning faxriy prezidenti etib saylash taklifini kiritaman”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Oʻz navbatida konferensiya ishtirokchilari ushbu taklifni bir ovozdan maʼqullashdi va Rustam Inoyatov Oʻzbekiston tennis federatsiyasining faxriy prezidenti etib saylandi.

Shundan soʻng, federatsiyaning yangi rahbari Alisher Mirsoatov ham oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Tennis mening eng sevimli sport turlarimdan biri. Avvalgi rahbariyat professional ish olib bordi. Endi mendan 2-3 barobar samarali ishlash talab etiladi. Bu jamoa bilan bor kuch-gʻayratimni berib ishlashga vaʼda beraman. Bilasizmi, televizorda bayrogʻimizning yuqori koʻtarilgani, madhiyamiz yangraganini eshitganimda qalbim faxr va gʻururga toʻlar edi. Endi mana shunday gʻalabalarimiz tennis bilan yana-da koʻpayishi yoʻlida astoydil mehnat qilamiz. Muhtaram Prezidentimizning sportni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida qaratayotgan eʼtiborlari bilan barcha narsaga erisha olamiz”, – dedi Alisher Mirsoatov.

Shuning bilan, Oʻzbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.
 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?