Milliy armiyamiz saflariga navbatdagi chaqiruv boshlandi

13:48 10 Mart 2019 Jamiyat
295 0

Foto: Mudofaa vazirligining matbuot xizmati.

Prezidentimizning 2019-yil 22-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni oʻtash tartibini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, joylarda chaqiruv yoshidagi fuqarolarni milliy armiyamiz saflariga tantanali kuzatish marosimlari boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, yaqinda Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻin punktida yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari, Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi ofitserlari, faxriylar, yoshlar va milliy armiyamiz safiga yoʻl olgan yigitlarning ota-onalari qatnashdi.

— Esimda, aka-ukalarimiz olis-olis yurtlarga yigitlik burchini oʻtash uchun yuborilardi. Ular qaytib kelgunlaricha yuragimiz bezillab kutardik. Qanday sharoitda va qanaqa muhitda xizmat qilishi bizga qorongʻi edi. Bugun esa nafaqat farzandlarimiz, balki biz ota-onalar ham milliy armiyamiz haqida yetarlicha tasavvurga egamiz. Koʻnglimiz toʻq, xavotirdan xolimiz. Bularning barchasi armiya va xalqimiz oʻrtasida oʻrnatilgan mustahkam aloqa va iliq munosabatning sharofati, — deydi chaqiriluvchi Xurshid Ismatillayevning onasi Nargiza Usmonova.

Kuzatuv marosimida soʻzga chiqqan jamoatchilik vakillari, ota-onalar oʻgʻlonlarga sharafli burchga sodiqlik, chidam, sabr-bardosh va harbiy xizmatda ulkan muvaffaqiyatlar yoʻldosh boʻlishini tiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?