Milliarder Shodiyev Sirdaryodagi bunyodkorlik ishlari uchun 40 milliard soʻm mablagʻ ajratdi

22:30 10 Aprel 2019 Jamiyat
1309 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Shu yil 9 aprel kuni milliarder Fattoh Shodiyev tomonidan tashkil etilgan “Shodiyev xalqaro fondi” delegatsiyasi Guliston shahriga tashrif buyurdi.

Delegatsiya aʼzolarini Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev qabul qildi.

Uchrashuvda asli kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan Fattoh Shodiyev Sirdaryo viloyati aholisi turmush tarzini yanada yaxshilash, vohada keng koʻlamda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari uchun jamgʻarma tomonidan 40 milliard soʻm mablagʻ ajratishga qaror qilganligi bildirildi.

Eʼtiborlisi, mazkur uchrashuvdan koʻp oʻtmay, yaʼni bugun mazkur mablagʻning qariyb 30 milliard soʻmi viloyatdagi maxsus hisob raqamga kelib tushdi.

Aytish lozimki, ushbu homiylik sarmoyasi “Obod qishloq” dasturi doirasida chekka qishloqlarni obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini, avtomobil yoʻllarini, oqova suv tizimlarini mukammal taʼmirlashishlariga yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, mablagʻning bir qismi Prezidentimiz tashabbusi bilan Xovos tumanida barpo etilayotgan “Xovos city” qurilish majmuasiga sarflanishi ham koʻzda tutilgan.

Maʼlumot uchun, milliarder Fattoh Shodiyev ilk ish faoliyatini Sirdaryo viloyatida boshlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?