Millatni buyuk qiladigan kuch bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir

10:51 28 Oktyabr 2020 Siyosat
241 0

Bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga koʻtarishni talab qilmoqda. Boisi, ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar oʻzlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi. Boshqacha aytganda, bugun jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin.

Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan, bogʻcha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini koʻramiz. Xususan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Norvegiya kabi davlatlar islohotni bogʻchadan boshlab, 2-3 oʻn yillikda oʻziga xos, samarali taʼlim-tarbiya tizimini yaratish evaziga fuqarolari ijtimoiy himoyalangan, iqtisodiy barqaror mamlakatlarga aylandi.

Mamlakatimizda maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit, oʻqituvchi kasbining obroʻyi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga yetarli eʼtibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning hammasini ham ilm-fanning bugungi yuqori rivojlanish darajasiga toʻla javob beradi, deb boʻlmaydi. Demak, mamlakatimiz taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, ayniqsa, taʼlim tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hayotiy zaruratdir.

Xoʻsh, bugun jamiyatimizda oʻqituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga boʻlgan hurmat-eʼtiborni yana-da oshirish uchun nimalar qilish kerak? Sohada koʻp yillardan buyon toʻplanib qolgan, taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan muammolarni bartaraf etish qanday jihatlarga eʼtibor qaratish lozim?

Birinchidan, mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va gʻoyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir boʻlgan, intellektual va maʼnaviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash, taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari zamonaviy kasb egalari boʻlishlari uchun ularda zarur koʻnikma va bilimlarni shakllantirish muhim deb, hisoblayman.

Ikkinchidan, dunyo miqyosidagi bugungi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy taʼlim tizimini yaratish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, ularning yangi avlodini yaratish, oʻquv dasturlari va standartlarini optimallashtirish lozim. Zero, ilm bizga havodek zarur, u yoʻq joyda toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.

Uchinchidan, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektorning salmogʻini kengaytirish, hududlarda nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashkil etish orqali raqobat muhitini shakllantirish, taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish kerak.

Toʻrtinchidan, ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, iqtidorli yosh olimlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish, mavjud ilmiy tashkilotlar salohiyatini yana-da mustahkamlash va rivojlantirishni bugun zamonning oʻzi talab etmoqda.

Beshinchidan, maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur. Binobarin, taʼlim-tarbiya taraqqiyoti mamlakat ravnaqi va taqdiriga daxldor masaladir.

Yana bir muhim jihat. Jamiyat taraqqiyoti, milliy farovonlik hamisha yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yangi kadrlar, ularning yuksak malakasi bilan bogʻliq boʻlib kelgan. Chunki chuqur bilim va hayotiy koʻnikmalarga ega boʻlgan, intellektual rivojlangan oʻgʻil-qizlarni tarbiyalash, pirovardida, Oʻzbekistonning qisqa muddatlarda rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishini taʼminlashda maktablarda berilayotgan taʼlim-tarbiya nihoyatda muhim oʻrin tutadi.

Shu sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bir qator qonun loyihalari bilan birga, “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident farmoni loyihasini ham muhokama qildik.

Mazkur hujjatda Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining umumtaʼlim muassasasini saqlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar miqdorini kamaytirmagan holda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi navbatlilik koeffitsiyenti past boʻlgan umumtaʼlim muassasalarini tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga berish taklif etilmoqda.

Bunda ishonchli boshqaruvchiga umumtaʼlim muassasasida taʼlim olayotgan hamda unga biriktirilgan mikrohudud oʻquvchilarini oʻqitish, ularni raqobatbardoshligini taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish

va umumtaʼlim muassasasining binolarini taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha investitsiya majburiyatlari yuklatiladi. Qolaversa, ishonchli boshqaruvchiga nodavlat taʼlim tashkiloti faoliyatini tashkil etish uchun umumtaʼlim muassasasining boʻsh turgan binolari va yer maydonlari ajratiladi.

Nazarimizda, bu taklif amalga oshishi uchun ishonchli boshqaruvchiga yanayam kengroq imkoniyat berish biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir. Sababi besh yil qisqa muddat, kamida 10 yilga berish kerak. Keyin faqat shu taʼlim muassasasi emas, hududdagi boshqa boʻsh binolarni ham ishonchli boshqaruvga berilsa, xususiy sektorning qiziqishi ortadi. Eng muhimi, ushbu ishonchli boshqaruv tizimini joriy etish tajribasini respublikaning boshqa hududlarida bittadan tumanda joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Bugungi shiddatli zamon barcha sohalar qatorida taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish boʻyicha ham oldimizga gʻoyat muhim va dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Chunki taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir.

Taʼlim-tarbiya tizimi haqida gapirganda, Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytish joiz: taʼlim-tarbiya – biz uchun hayot-mamot masalasidir. Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir oʻzgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz.

OʻzLiDeP saylovoldi dasturida taʼlim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Taʼlim toʻgʻrisidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimiga rivojlangan davlatlar tajribalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bizning asosiy maqsadimiz – Prezidentimiz boshlab bergan juda keng qamrovli taʼlimga doir islohotlar, qoʻyilgan vazifalar ijrosini nazorat qilishda parlament nazoratining barcha taʼsirchan shakllaridan foydalanishdir.

Xulosa shuki, har doim har bir mamlakat uchun mutaxassislar tayyorlash, yetuk kadrlarni voyaga yetkazish muhim vazifalardan biri sifatida qaralgan. Demak, bugun oʻz avlodi kelajagini oʻylagan har bir yurtdoshimiz Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarga oʻz ulushini qoʻshishi kerak.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?