“Millat qalbiga oyna tutib...” — Hafta davomida matbuotda

12:58 12 Iyul 2020 Jamiyat
295 0

Jeyms Kemeronning mashhur «Titanik» filmida bir ajoyib lavha bor. Eng qudratli toʻlqinlarni ham pisand qilmay olgʻa siljiyotgan ulkan kema kutilmaganda aysberg bilan toʻqnashib, hamma oʻz jonini omon saqlash tashvishiga tushgan tahlikali bir pallada uch nafar skripkachi palubada turgancha musiqa ijro etishda davom etadi. Bugun gazetalarimizda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar oʻzlarining kasbga sadoqati bilan menga oʻsha fidoyi musiqachilarni eslatadi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishi oʻzining yangidan yangi antirekordlari bilan har bir sohaga salbiy taʼsirini oʻtkazayotgan, koʻngil xotirjamligi tobora tanqis boʻlib borayotgan bir paytda gazetalarimiz mamlakatdagi oʻzgarishlarni, odamlar hayotini: gʻamu tashvishlarini, yutugʻu muammolarini sobitqadamlik bilan yoritishda davom etyapti. Oʻtgan haftada chop etilgan gazetalarni varaqlab, bunga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin.

Gazetalarning aksariyati hafta boshida asosiy eʼtiborni bank tizimidagi islohotlar, iqtisodiyotni raqamlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoya, maʼnaviyat, turizm mavzulariga qaratishgan boʻlsa, keyingi kunlarda mamlakatda epidemiologik vaziyat xavotirli tus olib, karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan koronavirus mavzusi birinchi planga chiqdi.

“Xalq soʻzi” ham bu borada mustasno emas. Gazetada chop etilgan “Oʻzimiz oʻtirgan shoxni oʻzimiz kesmaylik” sarlavhali maqolada beparvolik, loqaydlik, karantin talablariga amal qilmaslik koronavirusga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni chippakka chiqarishi mumkinligi haqida shoirona tashbehlar bilan kuyinib yozilgan. “Bugun dunyo baland daraxt shoxidagi polapon inidek qalqib turibdi. Koronavirus degan balo dahshatli toʻzon misoli yopirilib, bu daraxtni tinimsiz tebratmoqda”, deyiladi maqolada va bu tebranishlar har daqiqada uch nafar insonning umriga zomin boʻlayotgani, yuzaga kelgan iqtisodiy tanazzul tufayli ocharchilikdan aziyat chekayotganlar soni esa bir milliarddan oshgani aytiladi.

Koʻngilga taskin beradigani, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan oqilona chora-tadbirlar tufayli Oʻzbekistonda ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlari keskin qisqarmadi, chet mamlakatlar bilan savdo aloqalari izdan chiqmadi. Tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashi taʼminlanmoqda. Eng muhimi, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan salmoqli ishlar natijasida odamlarning daromadlari keskin pasayib ketishining oldi olinmoqda.

Biroq ayrim yurtdoshlarimizning beparvoligi va masʼuliyatsizligi tufayli virus tarqalishi qayta avj ola boshladi. Muallif bu haqda taassuf bilan yozar ekan, bexavotir kunlar tezroq qaytishi uchun barchamizni Yurtboshimizga qanot boʻlib, birlashishga, shifokorlar tavsiyalariga toʻliq amal qilishga chaqiradi.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida hafta davomida chop etilgan materiallar ichida ayniqsa Hakim Sattoriyning “Toshqoʻrgʻon muhim turizm manzili boʻlishi mumkin” sarlavhali maqolasi ajralib turadi. Unda muallif Sohibqiron Amir Temur hazratlarining yoshlik va oʻspirinlik yillari kechgan Pomir togʻining Hisor tizmasidagi xushmanzara maskanlar, buyuk bobomiz nomi bilan ataluvchi gʻor, unga eng yaqin joylashgan qishloq — Toshqoʻrgʻon haqida juda qiziqarli maʼlumotlarni keltiradi.

Maqola oʻquvchida yurtimizning boy tarixi, ajdodlarimizning turmush tarzi haqida toʻlaqonli tasavvur uygʻotadi. Muallif bu yerdagi noyob tabiat manzaralari, zilol suvli soylar, tarixiy obidalar haqida hayajon va faxr bilan hikoya qilar ekan, ham tarixga daxldorligi, ham tabiiy imkoniyatlari jihatdan oʻlkamizdagi nodir maskanlardan biri hisoblanuvchi Toshqoʻrgʻon qishlogʻi muhim turistik manzillardan biri boʻlib qolishiga umid bildiradi.

Oʻzini oʻzi band qilganlar kimlar? Til mavqei kimga bogʻliq? Kambagʻallikdan qutulishning imkoni bormi? Gadjetlar ajin sababchisimi? Agar siz mana shu savollarga javob qidirayotgan boʻlsangiz “Ishonch” gazetasini oʻqing. Nashrning har bir soni oʻquvchilar uchun qiziqarli boʻlgan turli mavzulardagi maqolalarga boy. Shu bilan bir qatorda tahririyat joylarda uchrayotgan muammolarga ham yechim izlaydi. Xususan, Muqimboy Ismoilovning “Qogʻozda “pishayotgan” sabzavotlar yoxud qoʻldan-qoʻlga ovora yer qissasi” sarlavhali maqolasida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax fayz olmazori” fermer xoʻjaligidagi mojarolar, mutasaddi rahbarlarning masʼuliyatsizligi oqibatida kelib chiqayotgan nizolar haqida soʻz boradi.

“Hurriyat” gazetasi bu haftada jurnalistikamiz tarixi va bugungi kuni haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega bir nechta maqolalar bergan. Ularda “Yilning eng faol jurnalisti“ anʼanaviy tanlovi, sohamiz faxriylari va fidoyilari haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toʻlqin Hayitning Mahmudxoʻja Behbudiy ijodi va faoliyatiga bagʻishlangan “Millat qalbiga oyna tutib...”sarlavhali maqolasi koʻpchilikda qiziqish uygʻotishi tabiiy. Maqolada zamondoshlari tomonidan Turkiston jadidlarining ulugʻi, oʻzbek dramaturgiyasi va publitsistikasining asoschisi, deya taʼriflangan mutafakkir bobomizning hurriyat va maʼnaviy kamolot orzusida amalga oshirgan saʼy-harakatlari tarixiy faktlar asosida batafsil ochib berilgan.

Nafaqat milliy adabiyotimiz, balki qoʻshni davlatlar adabiyotining umidli namoyandalari asarlari bilan tanishishni xohlagan sheʼriyat ixlosmandlariga“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasini tavsiya etgan boʻlardim. Gazetaning navbatdagi sonida koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil “Zoom” dasturi orqali onlayn tarzda boʻlib oʻtgan yosh ijodkorlarning anʼanaviy “Zomin qaldirgʻochlari” seminarida ishtirok etgan Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Afgʻoniston davlatlarida yashab, ijod qilayotgan yoshlarning sheʼrlaridan namunalar berilgan.

“Mahalla” gazetasining deyarli har bir sahifasi bitta dolzarb mavzudagi maqolaga ajratilgan. Bu maqolalar ijtimoiy hayot, siyosat, iqtisodiyot, tibbiyot, huquq, taʼlim, sanʼat va boshqa koʻplab sohalarni qamrab oladi. Shu bois har qanday odam gazetaning bu sonidan oʻziga qiziqarli boʻlgan maqolani topa olish ehtimoli katta. Menga, masalan, Nilufar Yunusovaning “Yangi tizimda pensiyaga chiqish tartibi qanday?” sarlavhali maqolasi qiziqroq tuyuldi. Shunaqa masalalar haqida bosh qotirish yoshiga ham yaqinlashib qoldik.

Mavzu xilma-xilligi borasida “Oila davrasida” gazetasi ham “Mahalla”dan qolishmaydi. Lekin ular orasida bir maqola alohida eʼtiborga loyiq. Bu — Erpoʻlat Baxtning “Muhofazaga muhtoj vijdon” sarlavhali maqolasi. Oʻzining oʻtkir qalami bilan tanilgan xorazmlik hamkasbimiz bu safar tabiatni asrash borasidagi nuqsonlar, xususan, shu masalaga masʼul boʻlgan mutasaddilarning loqaydligi, taʼbir joiz boʻlsa, vijdonsizligi haqida kuyunib yozadi.

«Ayolga ojiza emas, moʻjiza, deb qarang». Gazetaga leytmotiv sifatida chiqarilgan bu sarlavha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamovaning “Jamiyat”gazetasida chop etilgan maqolasiga tegishli. Unda muallif jamiyatimizda xotin-qizlarning oʻrni, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, gender tengligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar haqida oʻz fikrlarini bayon etgan. Umuman, gazetaning bu sonida parlament quyi palatasi vakillari maqolalariga katta oʻrin ajratilgan.

Sharhlamoqchi boʻlsak, yurtimizda bunga arzigulik gazetalar koʻp, va ularning har biri oʻziga xos. Obuna boʻling. Ishonchim komilki, sizni qiziqtiradigan maqolani albatta topasiz.

Jamoliddin TOʻXTASHEV,
“Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharririning birinchi oʻrinbosari.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?