Mikroqarz berish normasi mustahkamlanmoqda

10:44 12 Sentyabr 2018 Jamiyat
389 0
Illyustrativ foto

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi ishchi guruhi tomonidan “Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlik rivojlantirilishiga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Unda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga banklar tomonidan mikroqarz berish normasini mustahkamlovchi qoʻshimcha kiritish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlar yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartnomalari boʻyicha yillik qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllash taqiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 275-moddasi yangi qoidalar bilan toʻldirilmoqda. Shu bilan birga, vakil qilgan shaxs oldidagi majburiyatni taʼminlash maqsadida bojxona brokerining deklarant yoki vakolatli shaxs oldidagi oʻz fuqarolik javobgarligini eng kam oylik ish haqining ming baravari miqdorida sugʻurtalash majburiyati mustahkamlanmoqda. Chunki nazarda tutilgan majburiyatlarning yoʻqligi bojxona brokerlari xizmatlaridan foydalanishga qaror qilgan ishtirokchi deklarantlar uchun xavf paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Ishchi guruh aʼzolari Qonun yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Munisxon Karimova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?