«Mikrokreditbank» Soʻx tumanida 5 milliard soʻmlik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda 

20:28 14 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
166 0

Bugungi kunda Fargʻona viloyatning Soʻx tumanini har tomonlama rivojlantirish, ushbu hudud ahliga munosib va qulay turmush sharoiti yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Eng muhimi, jalb etilayotgan resurslar, amaliy harakatlar samarasi hozirdanoq koʻzga tashlanyapti. Xususan, «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki jamoasi ham Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi loyihalarda munosib ishtirok etishga bel bogʻlagan. Gap shundaki, Prezidentimizning joriy yil 5-6iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida Soʻx tumanini rivojlantirish boʻyicha «Mikrokreditbank» ATB tomonidan qiymati 5 milliard soʻm boʻlgan 6 ta loyihani ishga tushirish orqali jami 140 kishining bandligini taʼminlash belgilangan edi. Xoʻsh, ushbu loyihalar qaysi yoʻnalishda va tuman iqtisodiyotiga, odamlar hayotiga qanday naf beradi? Axir, har qanday loyiha ana shunday talablarga javob bersagina uni istiqbolli, deya baholash mumkin.

Aytish joizki, mazkur loyihalarning barchasi uzoqni koʻzlab amalga oshirilmoqda. Yaʼni aniq maqsadi bor. Masalan, «Soʻx dunyo jahon trans» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan logistika xizmatini tashkil etish koʻzda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1,8 milliard soʻm boʻlsa, shundan 1 milliard soʻmi bank krediti, qolgani jamiyatning oʻz mablagʻi.

«Hayotxoni mashhuriy Soʻxiy» masʼuliyati cheklangan jamiyati jamoasi esa oʻz oldilariga mebel ishlab chiqarishni maqsad qilib qoʻyishgandi. Buning uchun oʻzlarida 300 million soʻm mablagʻ bor edi. Lekin loyihani toʻliq roʻyobga chiqarish uchun ushbu sarmoya kamlik qilardi. Shu topda unga «Mikrokreditbank» tomonidan 200 million soʻm kredit ajratiladigan boʻldi.

Shuningdek, «Maskani Maʼmurai Soʻxi» xususiy korxonasi tomonidan ham umumiy qiymati 1 milliard 450 million soʻmlik aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obʼektini qurish ishlariga kirishilgan. Buning uchun ham bank tadbirkorlik subyektiga 500 million soʻm sarmoya ajratadigan boʻldi. Hududdagi «Tilloyev Nabijon» masʼuliyati cheklangan jamiyatiga esa 100 million soʻmlik sarmoya berilishi rejalashtirilgan. Ushbu kredit, qolaversa, oʻzining 400 million soʻm mablagʻi evaziga tadbirkor avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasini yoʻlga qoʻymoqda.

Ayni paytda bank tomonidan shu va boshqa loyihalar bosqichma-bosqich moliyalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2020-yil tumanning Sebzor mahalla fuqarolar yigʻini hududida «Farmonjon mini market» xususiy korxonasi tomonidan adras, atlas va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ipakdan qoʻlda gilam toʻqish kooperatsiyasi tashkil etildi.

Ushbu loyihalar orqali tumandagi 120 nafar kam taʼminlangan oila vakillari bandligini taʼminlash nazarda tutilgan.

Albatta, yuqoridagi loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun hududda bank shoxobchasi faoliyat yuritishi talab etiladi. Shundan kelib chiqib, yaqin kunlarda tumandagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻini hududida zamonaviy “Bank xizmatlari markazi” ishga tushiriladi. Bu, tabiiyki, tuman ahliga yana-da qulaylik yaratadi.

Bank axborot xizmati.

Reklama huquqi asosida

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?